Muvaffaqiyatli frilanser boʻlish shartlari

Frilanser

Quyidagi shartlar oddiy dasturchi uchun amal qiladi.

Bilim, tajriba va professionalizm. Oʻz xizmatingizni sota olish uchun bilimingiz professional darajada boʻlishi zarur. Frilansga endi kirib kelgan tajribasiz dasturchilar qisqa vaqt ichida ham oʻz profilini norozi mijozlar fikrlari bilan toʻldirib, karyeralarini yoʻqqa chiqarishadi; ham mijozlar orasida frilanserlar haqida, hattoki frilanser oʻz tajribasizligi sabab oʻz mamlakatidagi boshqa dasturchilar haqida notoʻgʻri tushuncha hosil boʻlishiga olib kelishadi.
Maslahat: Dasturlashni endi oʻrgangan boʻlsangiz, tajriba oshirishga biror dasturlash firmasiga ishga kiring, oʻz yoʻnalishingizni professional darajada oʻrganing. Zero tajribali dasturchi tajribasizidan qayerda xato boʻlishi mumkinligini oldindan koʻra olishi va mijoz nimani istayotganini bilib turishi bilan farq qiladi. Men frilansga oʻtishdan avval 4 yil firmada dasturchi boʻlib, stajerdan team leader darajasiga koʻtarilgandim.

Javobgarlik. Frilansda sizning boshligʻingiz boʻlmaydi. Endi ishingizning natijasi uchun oʻzingiz javobgarsiz.
Maslahat: Mijozning loyihasiga huddi oʻzingizning loyihangizni ishlab chiqayotganingiz/rivojlantirayotganingiz kabi munosabatda boʻling. Ishingizda kamchiliklar chiqsa, bepulga boʻlsa ham tuzatib bering. Qoʻl uchida qilinadigan ishlar yaxshilikga olib kelmaydi.

Tartib. Bu yerda ikki jihatni hisobga olish kerak:
– Ishni baholash va uni bitirish (deadline) vaqtini mijozga aytib oʻtish;
– Bitirish vaqtidan kechikmay ishni topshirish;
Ishni toʻgʻri baholash tajriba ortgani sari toʻgʻrilanib boriladi, ammo notoʻgʻri berilgan baholash oqibatida bitirish vaqtiga ulgurmaslik frilanserning aybi hisoblanadi.
Maslahat: Bu yerda odatiy maslahat – ishni cho’zmang, kelishilgan vaqtga ulguring. Agar ish boshlangach, uning hajmi dastlabki baholashdan ko’ra ancha katta farq qilsa, mijozning ish boshlashdan avval to’lagan pulini qaytarish va to’g’ri baholay olmaganlikni aytish kerak bo’ladi.

Frilans – asosiy ish. Koʻp hollarda yangi ish boshlaganlar frilansga qoʻshimcha daromad manbai sifatida qaraydilar. Bu notoʻgʻri. Vaqti boʻlgandagina birja saytlariga kirib ish qidirish effektiv boʻlmaydi, bu tarzda ish olish qiyin.
Maslahat: Frilansga asosiy ishingiz kabi munosabatda boʻling. Ishdan boʻshab frilansni boshlang deyish fikridan yiroqman, ammo 2 hafta dam olish kuni olib frilansda oʻzingizni sinab koʻrishingiz mumkin.

Tillarni bilish. Rus tilini bilishning o’zi kamlik qiladi. Ingliz tilini kamida chatda gaplasha olish darajasida bilishingiz kerak.
Maslahat: Yaxshi ish olish uchun esa Skype orqali video-qo’ng’iroqlarda gaplashish zarar qilmaydi. Zero jiddiy mijozlar yuzma-yuz ko’rishib gaplashishni ma’qul ko’rishadi.

Do'stlaringiz bilan bo'lishing!

Fikr bildirish