Singapurga safar. 1-kun (2-qism)

Merlion (merlayon) – boshi sher, pastki qismi baliq bo’lgan maxluq. U Singapurning timsoli bo’lib, deyarli barcha Singapur suvenirlarida merlionning tasviri yoki haykalchasini uchratish mumkin.

Merlion parki – og’zidan favvora otuvchi merlion haykali mavjud bo’lgan sayrgoh park. Bu yerda daraxt kam, shu sababli odamlar kun botgach sayrga chiqishni ma’qul ko’rishadi.

Merlion haykali
Merlion haykali

Sayyohlarning sevimli mashg’uloti – favvoradan suv ichayotgan holda rasmga tushish albatta. Qanchalik antiqa ko’rinmasin, 20ta odam bir xil rasmga tushsa odatdagidek chiqar ekan. 🙂

Park daryo qirg’og’ida joylashgan, daryoning narigi tarafida ustida panoramali basseyni bo’lgan Marina Bay Sands elit mehmonxonasi ko’rinib turadi. Aytish mumkinki, park qirg’og’i kechqurun bo’ladigan lazer-shouni tomosha qilish uchun qulay joy.

Park yaqinida suv ustiga qurilgan stadion qad rostlagan. Stadion haqiqatdan ham suzuvchi, suv sathi ko’tarilganda stadion ham ko’tariladi.

Singapurliklar futbolni qoyillatib o’ynashmasligi bois, stadion hozirgi kunda bolalar attraksionlari uchun maydon bo’lib xizmat qilmoqda. Stadion yaqinida dunyodagi eng katta charxpalak-attraksion ko’rinib turadi. Afsuski charxpalak ishlamayotgan ekan, chiqish nasib qilmadi.

Shu sababli antiqa Heliks ko’prigi orqali Marina bay sands mehmonxonasi tarafga o’tdim. Ko’prik antiqa uslubda qurilgan, menimcha turistik obyekt hisoblansa kerak. Qorong’ida chiroqlari bilan rang-barang ko’zga tovlanadi.

Marina Bay Sandsning orqa tarafida “Gardens by the Bay” nomli kattagina bog’ barpo etilgan. Bog’da tabiiy o’simliklardan tashqari sun’iy bahaybat daraxtlar qurilgan va u bog’ga ko’rk berib turadi.

Ulkan daraxtlarning tepasiga chiqish uchun navbat juda katta edi. Navbat kutsam tahminan 1 soat turishimni o’ylab, orqaga qaytaqoldim. Qaytishda mehmonxona yaqinidagi savdo markaziga mo’ralab ko’rdim. Vestibyulda katta lyustra va ekranli tanspol o’rnatilgandi:

Heliks ko’prigidan esa kichik lazer-shouni tomosha qilish mumkin edi:

Tunggi Singapur:

Merlion parki yaqinidagi ochiq zalda yosh xitoylik qizlar milliy kuyini chalib konsert berishardi. Qizlarning mayin va sinxron harakat qilishiga e’tibor bering:

Singapurdagi 1-kun shu tariqa nihoyasiga yetdi. Ertasiga savdo markazlari, kanatka – Cable Car va ko’ngilochar Sentoza oroli kutib turardi.