Urush

«1941-yil 22-iyun erta tongda nemis fashistlari xiyonatkorona bostirib kelishdi va 2-jahon urushi boshlandi…»

Maktabning boshlang’ich sinfida ikkinchi jahon urushi haqidagi hikoya shu tarzda boshlanardi. Kattaroq sinflarda, tarix darsida urush aslida 1939-yilda, Germaniyaning Polshaga hujumi ortidan kelib chiqqani haqida ma’lumot berishdi. O’shanda javobi yo’q bir necha savollar ochiq qoldirilgandi:
– Nima uchun Angliya va AQSHning 1943-yilga kelibgina urushga qo’shildi?
– Nima uchun Sobiq Ittifoq eng ko’p qurbon bergan bo’lsa ham g’olib hisoblanadi?

…Buvam va buvim 9-may yaqinlashganda urushni, o’sha mudhish davrni eslashadi. Ular juda yosh bo’lishgan, frontda qatnashishmagan, ammo urushning daxshati butun mamlakat singari ularning oilalarini ham chetlab o’tmagan. Urush deyilganda buxanka nonning bir bo’lagini bo’lishib yeyishganini; shaharda odamlar ochlikdan qirilishni boshlagach, qishloqdagi qarindoshlarinikiga ketishganini; buvamlarning yosh opalari zavoddagi og’ir mehnatdan halok bo’lganlarini; urushdan qaytmagan qarindoshlarini yodga olishadi…

…Maktabdagi savollarga kattaroq bo’lgach javob topgandek bo’ldim. Angliya va AQSH dastlab Germaniyani qo’llab quvvatlashgan, fashistlarning kommunistik davlatni yo’q qilishga urinishini kuzatib turishgan. 1943-yildan keyin, g’alaba SSSR tarafiga o’ta boshlagach SSSRning butun Yevropani bosib olishidan qo’rqishgani uchun fashistlarga qarshi jangga kirishishgan.

Yana ham qizig’i, Germaniya SSSRga hujum boshlashidan avval ikki davlat hozirgi til bilan aytganda «o’zaro do’stlik rishtalarini bog’lab turuvchi memorandum» hujjatlar imzolashgandi, hattoki 22-iyunga 2 oy qolganda, 1-may mehnatkashlar kunida natsistlar vakillari Moskvada o’tgan paradda qatnashishgan:

[embedyt] https://www.youtube.com/watch?v=KQSekpY7r18[/embedyt]

Ikkinchi jahon urushida 72 milliondan ortiq odam halok bo’lgan, shu jumladan O’zbekistondan 550 ming kishi qurbon bo’lgan. Vaholanki urush bo’lmasligi, natsistlarni darhol «bosib» qo’yish ham mumkin edi. Siyosiy o’yinlar, noshud siyosatchilar, «tashqi dushman» yaratib olib, xalqni shu yo’l bilan manipulyatsiya qilish, ikkiyuzmalachilik – barchasining natijasi o’laroq ikkinchi jahon urushiga mubtalo bo’lindi. Achinarlisi, 80-yil avvalgi xatoliklar hozir ham takrorlanmoqda.

Biror davrdagi voqeliklarni teran anglash uchun o’sha davr tuzumidan tashqariga chiqish kerak. Biz mustaqil bo’lmagunimizcha jahon urushining muddati 1941-1945 yillar edi, urushgacha nimalar ro’y bergani, siyosiy o’yinlar haqida sobiq ittifoq odamlarida tushuncha bo’lmagan.

…1983-yoki 1984-yil. Adam institutga kirganlar va armiyaga ham chaqirishgan. Ular dastlab yigitlik burchini bajarishni ixtiyor etganlar. Adamlarni ikki yillik xizmatga, urush bo’layotgan Afg’onistonga «birodar xalqlarni qutqarish uchun» urushga kirgan SSSRning askari sifatida urush o’chog’iga jo’natmoqchi bo’lishgan. So’nggi pallada buvam va buvim adamlarni SSSRning mustamlakasi bo’lgan Sharqiy Germaniyaga xizmatga yuborilishlariga erishishgan…

Afg’onistonda SSSR aslida nima uchun urushga kirgani haqida to’liq tushunchaga ega emasman. Bilganim, sobiq Ittifoq urushni o’z foydasiga yakunlay olmay, sharmandalarcha tark etgan. Noshud siyosatchilarning o’yini oqibatida yana begunoh odamlar, shu jumladan burchini o’tash uchun ketgan yosh o’zbek yigitlari halok bo’lishgan. Ular bemaqsad urushda shunchaki o’lib ketishgan, shunisi alam qiladi.

…9-may kuni buvam-buvimlarga sovg’alar ulashamiz. Xotira va qadrlash kuni bilan tabriklaymiz. Ular 9-mayni g’alaba kuni deb eslashmaydi. Urush kunlarini, urushda o’tganlarni yodga olishadi…

Yaqin ikki-uch yilda paydo bo’lgan, 9-mayga yaqin qolganda ko’rinish beradigan kuylovchi va raqsga tushuvchi «askarlar» esa o’z ko’ngillarida g’alaba kunini nishonlashadi. Ular urushning daxshatini bilishmaydi, his qilishmaydi. Ular televizordagi Rossiya tashviqotining natijalari.

9-may paradi

O’roq-boltali qizil bayroqqa ega davlat endi yo’q, ammo parchalanganiga 30 yil bo’layotgan bo’lsada, uni sog’inayotgan odamlar bor. Haligacha davlat uni uy-joy va ish bilan ta’minlashi kerak deb hisoblaydigan boqimanda-kommunistlar bor. Ular davlatimiz uchun katta xavf emas, eng xavflisi – SSSRni sog’inayotgan eng katta odamning borligi, yurtimizda uning tarafdorlarining oz emasligidir.

SSSR, shuningdek O’zbekiston ikkinchi jahon urushida g’alaba qozonmagan. O’sha «kommunistlar» nishonlayotgan g’alabadan ham biror mamlakatga foyda bo’lmagan. Millionlab odamlarning qurbon bo’lishi HECH QACHON urushda g’alaba qozonganlikni anglatmaydi. HECH QACHON!

Urush hech qachon g’alaba olib kelmaydi…