Jinoyat, jazo va adolat

Axborot media resurslarimiz rivojlanib, kundalik hayotimizda informatsiyaga chanqoqlikni qondirishni uddasidan chiqishyapti. Afsuski ular berayotgan ma’lumotlar ichida jinoyatga oidlari, mudhish qotilliklar borki, «xalqimiz iymon-e’tiqodli, muruvvatli, ma’naviyati mustahkam» deb yoqa yirtuvchilarni ham ovozini o’chirishga, o’ylashga majbur qiladi.

Qotilliklar

Mayli, gap ma’naviyat haqida emas, dastlab qotilliklar haqida. E’tibor beradigan bo’lsak, aksariyat qotilliklar asosan o’zaro kelishmovchilik, oiladagi janjal yoki ichkilik ortidan kelib chiqyapti.

Sudyalarning qotillarga tayinlaydigan jazoni o’tash muddati ham qiziq:
– bolani tahqirlab, o’lishigacha qo’yib ber – ikki yarim yilga ozodlikdan mahrum etish
– do’pposlab o’ldir – 6-8 yil
– boltada chopib tashla – 15 yil

Yuqoridagi uchala holatda ham odam o’ldirilyapti. Farqi jinoyat qay tarzda sodir etilayotganida.

Borovskiydagi qotillik bo’yicha ayblanuvchiga 6 yil muddat berishganda, jinoyat kodeksini titib chiqqandim. Haqiqatdan ham voyaga yetishiga sanoqli oylar qolgan «o’smirga» berilishi mumkin bo’lgan maksimum jazo muddati 7 yilgacha (85-modda B qism) bo’lishi mumkinligi aytib o’tilgan ekan. «Tolpada» qolib ketgan bolaning qotili qanday qilib bitta odam bo’lib qolgani alohida mavzu (menimcha jinoyatchi so’nggi – hal qiluvchi zarbani yo’llagan bo’lsa kerak). Qotil amnistiyalarsiz «o’tirib» chiqsa ham, 23-yoshida davlat oldida gunohiga javob berib bo’larkan. Marhum bolani 17 yil katta qilgan ota-ona esa shunchaki unutiladi (shunaqa bo’pqoldide endi, mana jazo berdik). «Adalot» нервно курить в стороне!

Jamiyatda qonun normalari bor, axloq normalari bor. Farovon jamiyatlarda yoki ikkalasidan biri ishlaydi, yoki ikkalasi bir biriga uyg’un bo’ladi. Bizda axloq normalari ham bor, qonun normalari ham. Achinarlisi ularning birortasi to’liq ham ishlamaydi, bir-biriga mos ham kelmaydi.

Odamlar bolta ko’tarishidan oldin yoki qo’l-oyog’ini ishlatishidan oldin nimadandir qo’rqishi kerakmasmidi? Demak, islom ta’limotlari asosida shakllangan axloq normalarimiz (ma’naviyatimiz) odamlarni qotillikdan qaytarmayotgan ekan, jazolarni qat’iylashtirish hisobiga odamlarni jazodan qo’rqishlarini ta’minlash kerakdir balki. Masalan qasddan odam o’ldirdimi, aybdorning o’ziga ham o’lim jazosi berilsin (bu yerda o’lim jazosi tarafdorlari va qarshi chiquvchilarining qarashlari batafsil bayon etilgan ekan).

Ma’lumot uchun o’lim jazosi 2015-yilga kelib 102 mamlakatda bekor qilingan (dunyodagi barcha davlatlarning yarmi). Ular ichida biz ham bormiz, bizda faqat ba’zi hollarda, masalan harbiy holatda o’lim jazosini berish mumkin. O’lim jazosini qo’llaydigan davlatlar orasida AQSH, Singapur, Yaponiya, Malayziya kabi rivojlanganlari ham bor.

Ozodlikdan mahrum qilish

Okey, inson huquqlari himoyachilari nazdida o’lim jazosini qo’llash yashash huquqining buzilishiga kirsa, u holda ozodlikdan mahrum etish chorasini takomillashtirish kerak. Ozodlikdan mahrum etish jazosini xavfli odamni karantinga olish deb tushunish mumkin. Ammo «xavfli virus» qamoqxonalarda xavfsizlantirilyaptimi, u yerdan jamiyatga zarari tegmaydigan bo’lib chiqishyaptimi? Bu masalada IIVda qandaydir statistika bo’lsa kerak. Masalan, «necha foiz «o’tirib chiqgan» odam qayta jinoyat sodir etyapti» qabilida. Zero, muqaddam sudlanganlarning yana jinoyat sodir etishi ularning qamoqxonalarda kerakli «dars» olmaganliklarini anglatadi.

19 yildan so’ng uyiga qaytgan, lekin qasamidan qaytmagan sudlanuvchi asil muammoni ko’rsatib turipti. U ekstremistik oqimga kirgan, uni orqasidan qamoqqa «kirgan», hayoti … «kirgan». Lekin uni 19 yil davomida to’g’ri yo’lga solinishi mumkinmasmidi? Ozodlikdan mahrum etish jazosi mahbusning kamerada o’tirgancha, nima ish qilib qo’ygani, kelajagi nima bo’lishi haqida o’ylab ko’rishiga olib kelmagan. Shunchaki u bilan hech kim shug’ullanmagan! 19 yil ichida xalqimizning diniy bilimlari oshdi, ongi yuksaldi, «ichkarida» esa vaziyat o’zgarmadi. Endi esa «davolanmagan» insonni yana jamiyatga qaytarishdi.

Men u insonni chiqarmaslik kerak edi demoqchi emasman, o’tgan yillar davomida (diniy) ta’limni qamoqxonalarda yo’lga qo’yish kerak edi demoqchiman. Hozirgi vaziyat bahsli. Agar, Hudo ko’rsatmasin, o’sha turdagi chiqqanlardan birortasi ekstremistik jinoyat sodir etsa, yana avvalgi siquvga olish boshlanishi, turli taqiqlar tiklanishi mumkin (bu xabarni o’qigan bo’lsangiz kerak – http://xabar.uz/uz/siyosat/ichki-va-tashqi-xavflar-hamon-mavjud).

Omon bo’ling!

Do'stlaringiz bilan bo'lishing!

Fikr bildirish