Sayyohlar uchun sug’urta

Sug'urta

Baxtsiz hodisa oqibatida (Hudo ko’rsatmasin) davolanishda katta pulga tushib o’tirmaslik uchun sayyohlarga sug’urta polisiga ega bo’lish muhim. Darvoqe, Toshkentdagi konsullik polisni ko’rsatmasangiz viza bermaydi.

Sug’urta haqida quyida batafsil ma’lumot berishga harakat qilaman. Agar safar vaqtida sizning yoningizda ortiqcha 2000-4000 AQSH dollari yuradigan bo’lsa, maqolani o’qimasangiz ham bo’ladi 😉

Sug’urtada nima muhim?

Eng muhimi qancha summaga sug’urta qilinganingiz va nimalardan sug’urtalanganingiz. Polisda mayda shriftlarda shartnoma yozilgan bo’ladi, uni ohirigacha o’qib tushunib olish kerak. Masalan Kafolat firmasining sug’urtasida tishni davolash uchun $150 gacha ishlatishga ruxsat beradi, hatto $20000 ga sug’urtalangan bo’lsangiz ham. Shuningdek, mast holda bo’lganda yoki motobayk haydaganda yordam bermaydi. Motobayk haydash aktiv sport turlariga kirib, boshqa (qimmatroq) sug’urta olish kerak. O’z o’zidan tushunarli, motosikldan yiqilish yoki avariya bo’lish ehtimoli katta.

Qancha summaga sug’urta olgan ma’qul?

Sayyohlik sug’urtasi $20 000, $30 000, $50 000 kabi bo’ladi. Odatiy dam olishda eng arzoni ham yetib ortadi. Muhimi sug’urtaning bo’lishi, siz sug’urta sotib olish uchun yuqoridagi summalarning 1 foizini ham sarflamaysiz, davolash uchun pul zarur bo’lganda sug’urtasiz bo’lishingiz o’ta achinarli hol bo’ladi.

Assistans nima u va qanaqasini tanlash kerak?

Assistans – chetda o’z mijozlarini davolatish uchun kasalxona bilan shartnomaga ega bo’lgan kompaniya, u sizga xizmat ko’rsatadi. Ularning ba’zilari:
– Mondial Assistance(Группа Allianz Global Assistance)
– Euro-Center(ERV)
– Axa assistance (AXA)
– Savitar Group
– Class Assistance
– AP Companies
– Europ Assistance
– Global Voyager Assistance (GVA)

Ko’pincha assistansni sug’urta kompaniyasi o’zi tanlab, polisga yozib qo’ygan bo’ladi. Biz olgan Kafolat firmasining polisida Latviyaning … kompaniyasi assistans sifatida ko’rsatilgan. Katta summaga davolanish kerak bo’lganda assistansga qo’ng’iroq qilish kerak. Assistans o’zining kasalxonalaridan biriga yuboradi va uning ruxsati bilan kasalxonadagilar sizga qarashni boshlashadi.

Kichik narxdagi to’lovlarni o’zingiz to’lab, Toshkentga qaytganda firma ofisidan ularni qaytarib olishingiz mumkin. Hali bizning bunga ishimiz tushmagani uchun qay darajada qiyinligi haqida biror narsa deya olmayman.

Sug’urtaga nimalar kirmaydi va nima sababdan davolashdan bosh tortishlari mumkin?

Barchasi shartnomada aniq yozib qo’yilgan. Umumiy holda aytganda:
– surunkali kasalliklar (faqat og’ir hollarda bemor holatini stabil ushlab turish uchun qarashadi, surunkali kasallikni davolash sug’urta majburiyatiga kirmaydi)
– stomatologiya, 70-200 dollargacha sarflashga ruxsat beradi.
– sport bilan shug’ullanish, motobayk va avtomobil haydash. Bunday holatlar aktiv sport bilan shug’ullanish hisoblanadi. Masalan, motosikldan yiqilsangiz yoki akvaparkda noxush hodisa ro’y bersa oddiy sug’urta polisi bilan ular uchun harajatlarni qoplab bo’lmaydi.
– o’zini o’zi davolash. Agar kasalxonaga kelguncha o’zingizni davolashga harakat qilib ko’rgan bo’lsangiz ham doktorga bu haqida og’iz ochmagan ma’qul.
– mast holatda.
– muddati o’tgani.

Tibbiyotdan tashqari yana nimalardan sug’urtalash mumkin?

– Bagaj yo’qotishdan
– Parvozlarning kechikishi yoki uchmasligidan
– Baxtsiz hodisalardan
– fuqarolik javobgarligidan

Sayohat davrida ham sug’urta olish mumkinmi?

O’zbekistondagi firmalardan onlayn turistik sug’urta olishning iloji yo’q (yana bilmadim). http://cherehapa.ru/ saytidan olish mumkin, bunda sug’urta sotib olinganidan 6 kun o’tib kuchga kiradi. Agar siz kasal bo’lib qolib keyin olsangiz, sug’urta yordam bermaydi. Mahalliy (tay) sug’urtani olmaslik kerak. Ular qimmat va assistans katta ehtimol bilan ingliz tilida so’zlashmaydi.

Sug’urta holati vujudga kelganda nima qilish kerak?

Assistansga qo’ng’iroq qilasiz, uning telefon raqami polisda ko’rsatilgan. Qoidasi bo’yicha assistansning mahalliy telefon raqamlari bo’lishi kerak (bizdagi polisda faqat Latviya raqamlari bor ekan). Assistans sizni kasalxonaga yuboradi (qaysi biriga borishni aytadi). Kasalxonada ro’yxatdan o’tgach, assistansning bepul davolash uchun tasdig’ini kutasiz. Harajati katta bo’lgan davolashlarda assistansning tasdiqlashi cho’zilib ketishi mumkin.

Davolash kursi tugagach, dorilar kasalxonaning o’zida sug’urtangiz hisobidan beriladi. Taylandda dorilarni dorixonalardan sotib olish odatiy hol emas. Dorixonalar bor, faqat oddiy kasalliklar uchun dorilar sotishadi.

Agar kichik harajatli davolash kursi bo’lib, unga o’z hisobingizdan to’lasangiz, sug’urtaning firmasiga taqdim etish uchun beriladigan harajatlar qog’ozini olishni unutmang! Firma ana shu qog’oz orqali harajatlarni qoplaydi. Qo’shimchasiga – kasalxonaning tashrif qog’ozini olsangiz, yetarli bo’lmagan hujjatlarni faks orqali yuborishlarini so’rab aloqaga chiqishingiz osonlashadi.

Do'stlaringiz bilan bo'lishing!