Ko Lan oroli, Pattaya

Dengiz plyajida dam olish uchun tur-operatorlar yordamidan foydalanmasdan o’zim barchasini tashkillashtirishga urinib ko’rdim. Dastlabki dam olish joyi – Ko lan, Pattaya shahridan uncha uzoqda bo’lmagan orol bo’ldi.

Dam olish uchun nimalarni band qilish kerak:

  • yo’l chiptasi
  • mehmonxona
  • ekskursiya (ixtiyoriy)

Yo’l chiptasi

Bangkokdan Pattayaga mikroavtobuslar qatnovi yo’lga qo’yilgan. Ular yo’ldagi tirbandlikka qarab 2.5-3.5 soat oralig’ida manzilga eltib qo’yishadi. Ingliz tilini bilmaydigan transport operatorlarini chetlab o’tish uchun http://12go.asia/ deb nomlangan ajoyib xizmat mavjud. Saytda Tayland bo’yicha istalgan viloyatga transport topa olasiz. Bangkok-Bali Hai Pier (Pattayadagi port) yo’nalishida yo’lkira bir kishiga mikroavtobus uchun 190 bat ($6), katta avtobus uchun 150 bat ($5). Mikroavtobus ham katta avtobus ham deyarli bir xil vaqtda manzilga boradi.

Mikroavtobuslar BTS Mo chit bekati yaqinidagi yangi terminaldan harakatlanadi.

Avtobuslar esa eski terminaldan.

Bali Hai Pier portiga yetib kelgach, orolga borish uchun kemaga chiqish kerak. Kema chiptasining narxi 30 bat ($1). Portdan Ko Lan oroliga 40 daqiqada yetib boradi.

Shuningdek Bali Hai Pier portidan xususiy spidbot (speedboat) transportlarini topish mumkin, ularda yo’l haqi 300 bat ($10).

Mehmonxona

Mehmonxonani agoda.com yoki booking.com dan buyurtma qilish mumkin. Oroldagi mehmonxonalar qimmat, o’rtacha bir kecha uchun 1500 bat ($50). To’g’risini aytganda orolda yotib qolmay, Pattayadan mehmonxona olgan ma’qul ekan. Bu haqida keyinroq.

Ekskursiya

Ekskursiyaning bizga keragi bo’lmadi, oroldagi 1 kunlik dam olish uchun ekskursiya ko’plik qilardi.

 

Demak boshladik

12go.asia ertalab 7:00 da jo’naydigan mikroavtobusning bekatiga 1 soat avval yetib kelishni qat’iy tavsiya qilgani uchun, kech qolib bo’lsada 6:40 da yetib bordik. 5 daqiqa kech qolganimizda avtobusimiz ketib qolgan bo’lardi. Qizig’i, avtobus operatorlari uchun mijozlarning chipta buyurtma qilgani qiziqmas, «birinchi kelgani birinchi ketadi» qabilida ishlashadi.

9:30 da mikroavtobus bizni Pattaya shahridagi Bali Hai Pier portiga yetkazib olib keldi.

Bali Hai Pier porti
Bali Hai Pier porti

Portdan kemaga o’tirdik va 10 yarimda Ko Lan oroliga yetib bordik.

Ko Lan (Ko – taychasiga «orol» degani) – Pattayaga (va Bangkokga yaqin bo’lgan) tiniq suvli orol.

Ko Lan xaritasi
Ko Lan xaritasi

Orolga faqat kemada borish mumkin va kemalar Nabaan hamda Tavaen portlaridan birida to’xtaydi.

Orol infrastrukturasi rivojlanmagan. Transport sifatida orqa tarafiga o’rindiqlar o’rnatilgan pikaplar, uch g’ildirakli tuk-tuk motobayklar va oddiy motobayklar xizmat ko’rsatadi. Sayyohlar ko’pincha motobaykni kunlik ijaraga olishadi.

Ko lan ko'chalaridan biri
Ko lan ko’chalaridan biri

Ko’chalari tor, ikki mashina zo’rg’a sig’adi. Portga yetib kelgach (yoki avvalroq), mehmonxona hodimlari bilan aloqaga chiqsangiz, ular sizni olib kelish uchun portga mashina yuboradilar (transfer service). Yana bir variant – boradigan joyingizni google mapsdan topib bora olsangiz, tuk-tuk yoki oddiy motobaykga chiqishingiz mumkin.

Biz kelgan mehmonxona – «Koh Larn De Beach»: https://www.agoda.com//koh-larn-de-beach/hotel/pattaya-th.html

Mehmonxona yoqmadi, qo’shni xonaning ishlayotgan konditsioneri shang’illab turadi. Aslida rivojlanmagan infrastrukturali oroldan 4-5 yulduzli mehmonxona talab qilish noo’rin.

Ovqatlanish uchun halol-leyblli tamaddixona topmaganimiz uchun baliq va kartoshka-fri bilan kifoyalandik.

Plyajlar

Orolning 5 ta plyaji bor.

Tavaen (Tawaen beach) – shu nomdagi port yaqinida joylashgan plyaj bo’lib, odam juda ko’p bo’ladi. Shunga yarasha plyajda xizmat ko’rsatish birmuncha yaxshi.

Tavaen plyaji
Tavaen plyaji

Samae plaji ham kattagina – plyaj qumi oq, yumshoq. Tavaen va Samae plyajlarida kunning ikkinchi yarmiga kelib suv qaytadi. Suv qaytgan joyda cho’milish biroz xavfliroq, dengiz tipratikanlaridan ehtiyot bo’lish kerak.

Samae plyaji
Samae plyaji

Tayay (Ta Yai) plyaji eng kichkinasi. Plyajda bittagina kafe xizmat ko’rsatadi. Bu yerga kelish va qaytib ketishga ko’pchilik tuk-tuklar rozi bo’lavermaydi. Sababi – plyaj uzoq. Odam ham kam bo’ladi.

Tayay plyaji
Tayay plyaji

Nual plyaji – yana bir nomi maymun plyaji. Bir vaqtlar maymunlar plyajga tushib kelgan ekan, hozir yo’q. Plyaj ham kichkina.

Nual plyaji
Nual plyaji

Tien plyaji kattaligi jihatidan orolda uchinchi o’rinda turadi. Odam ko’p emas, suvi va qumi toza.

Tien plyaji
Tien plyaji

Biz mehmonxona hodimining maslahati bilan Tien plyajiga keldik.
Plyajda to’lqin kuchli emas, yosh bolalar ham cho’milishi mumkin. Chuqur joyi uzoqroqda ekan. Chuqur joyiga borgach spidbotlardan (speedboat) ehtiyot bo’lib cho’milish kerak bo’ladi.

Plyajda krovat-zont va katta ballonlarni ijaraga olish mumkin. Barcha plyajda krovat-zontlarning (shizlong) narxi 50-100 bat.

Shuningdek, plajda salqin ichimliklar, tamaddixonalarni topsa bo’ladi.

Selfi :)
Selfi 🙂

 

Soat 3-4 ga yaqin orolda yotib qolmaydigan sayyohlar ketishni boshlashadi. Plyajda xizmat ko’rsatuvchilar yig’ishtirishni boshlab, boshqalarga ham ketish signalini berishsa kerak 😀

Kechqurun orol zerikarli, kechki bozor, kechki hayot yo’q.

Ertalab turib 9 yarimda portga bordik va Pattayaga qaytdik. Avtobusimiz 5 da yurishi bois, kun bo’yi Pattayani aylanib vaqt o’tqazadigan bo’ldik.

Walking Street
Walking Street

Xulosa

Bangkokdan Ko Langa yotib qolishdan ko’ra bir kunga borish yaxshiroq. Bunda yo’lga 5 soat vaqt ketadi. Ertalab 6 da chiqib ketib, kechqurun 7 da qaytish mumkin. 5 soat yo’l og’irlik qiladigan bo’lsa, Pattayadagi mehmonxonalardan birida tunab qolish kerak. Pattayadagi mehmonxonalar xizmati Ko lan orolidagiga qaraganda ancha yaxshi.