Chevrolet Tracker va Tayland avtomobillari

Chevrolet Tracker

Salkam 23 ming AQSH dollariga baholanayotgan «o’zbekcha» Tracker – qimmat, «avtomat korobkali» pozitsiyasi esa 26 ming ekan, juda qimmat!

Bu yerda ahvol qanday?

Taylandda ham import avtomobillarga boj to’lovi joriy qilingan – 300%! Lekin bizdagi holatdan farqi – Taylandda avtomobil zavodlari ko’p. Mersedes, BMW, Toyota, Mazda, Ford, Chevrolet, Suzuki va hokazo – hammasi Tayland hududida yig’iladi. Davlat biror kompaniyaga «enagalik» qilmaydi.

Avtomobil narxlari esa arzon emas. Masalan, Tracker’ga yaqin bo’lgan Ford EcoSport’ning narxi $22 000 (716 000 bat) – avtomat korobka. Boshqa SUV tipidagi avtomobillar – Mazda CX3 – $25 500 (835 000 bat), Honda CR-V – $30 000 (999 000 bat), Taylandda 2018-yilning eng yaxshi avtomobili bo’lgan Toyota CH-R – $29 500 (979 000 bat).

O’zbekiston uchun Tayland avtomobil narxlarini solishtirishga etalon emas, buni bilaman. Narxlarimizni Qozog’iston bilan solishtirgan ma’qul. Qozog’istonda chiqadigan Toyota Corolla Altis 2017ning baza modeli $18 000 bo’lsa, Taylandda yig’ilganining narxi $24 300 (799 000 bat). Farq katta.

Taylandda yangi avtomobillarning narxi bir yil o’tgach 1.5 baravargacha tushib ketadi. Eng narxni ushlab turadigan avtomobillar Mazda, Honda va Toyota brendlari bo’lsa, tez «qadrsizlanadigan» avtomobillar Chevrolet, Ford. Sezgan bo’lsangiz, yapon brendlarining hurmati baland.

Misol uchun «yoshiga to’lgan» Ford EcoSportning narxi $13 600 (450 000 bat) dan boshlanadi, b/u Mazda CX-3 esa $21 000 (700 000 bat). Yangi budjet avtomobillarning narxi esa $13 600 (450 000 bat) dan yuqori. Bu narxga Matizsifat Nissan March’ni beradi xolos.

Shuningdek Taylandda lizing taraqqiy etgan, yangi avtomobillar uchun interest rate (stavka) yiliga 1.5-2.5% oralig’ida.

Xulosa

Davlat import avtomobillar uchun bojlarni pasaytirish UzChevroletning bankrot bo’lishiga olib kelishidan qo’rqayotgan bo’lsa, hech bo’lmaganda «Uzchevrolet»larni qatorlashtirib tashlash kerakmikin. Chet el brendlariga UzChevrolet olayotgan imtiyozlar taklif qilinsa jon deb rozi bo’lishadi.

Do'stlaringiz bilan bo'lishing!