Taylandga aeroportda viza olish tartibi (Visa on Arrival)

Thailand Visa onr arrival

Taylandga 2 haftagacha dam olishga ketayotganlar uchun, Taylandning O’zbekistondagi konsulligida turistik viza rasmiylashtirish, viza tayyor bo’lishini bir hafta kutish zarur emas, Taylanddagi aeroportning o’zida vizani rasmiylastirish mumkin. Visa on arrival (VOA) – Ukraina, O’zbekiston, Qozog’iston va yana 18 ta davlat fuqarolariga beriladi va 15 kungacha amal qilinadi.

Qayerda viza rasmiylashtiriladi?

Agar siz haftasiga 4 marta qatnaydigan Toshkent-Bangkok yo’nalishlaridan birida Taylandga keladigan bo’lsangiz, Suvarnabhumi aeroportida «Visa on arrival» punktiga borasiz. Taylandning boshqa xalqaro aeroportlari – Dong Muang (Bangkok), Utapao (Pattaya), Pxuket va Chiang May aeroportlarida ham VOA punktlari mavjud.

Viza olish uchun nimalar kerak?

  1. Amal qilish muddati 6 oydan kam bo’lmagan hamda kamida 3ta bo’sh sahifasi bor biometrik pasport.
  2. 2ta 4×6 rasm. Aslida 3.5×4.5 hajmdagi rasm ham yetarli bo’ladi.
  3. Qaytish chiptasi. Sizda Taylanddan 14 kun ichida chiqib ketish chiptasi bo’lishi zarur.
  4. Mehmonxona yoki Airbnb orqali band qilingan hamda ijara puli to’langan joy haqida ma’lumot. Qalbakilashtirishning foydasi yo’q, baribir tekshirishadi. Ijarachining to’liq ismi va telefon raqami, mehmonxona manzili TM.6 va TM.88 formalarida kiritiladi.
  5. Viza narxi kattayu-kichik uchun bir xil – 2000 bat (~$65). Narx dam olish mavsumiga qarab 1000 batga tushishi mumkin. VOA punktiga borishda, yo’lda pul almashtirish shahobchalaridan AQSH dollarini Tayland pul birligi – batga almashtirishingiz kerak bo’ladi. Barcha dollaringizni almashtirmang, odatda aeroportda eng past kurs bo’ladi. Shuningdek Mastercard/Viza o’qiydigan va bat beradigan bankomatlar ham mavjud.
  6. Dam olish uchun pul. 1 kishi uchun 10 000 bat (~$330) yoki oila uchun 20 000 (~$660) bat. Menda so’rashmadi, lekin ko’rsatishni talab qilishlari ham mumkin.
  7. Qo’nish taloni (Посадочный талон). Toshkentda siz olgan talonning o’zingizda qolgan bir qismi. Yo’qotmaslik uchun, pasportingiz orasiga solib yurish tavsiya etiladi.
  8. To’ldirilgan TM.6 migratsion karta. Aslida samolyotda berilishi kerak, lekin Uzbekistan Airways samolyotlarida bermasliklari ham mumkin. U holda, Tayland aeroportida «Passport control» yaqinidagi hodimlardan TM.6 card yoki «Arrival/Departure card» deb surishtirasiz.

    Arrival/departure card
    Arrival/departure card
  9. To’ldirilgan TM.88 forma.

    viza on arrival form
    Visa on arrival form

Vizani olish tartibi

Dastlab immigratsion nazorat ofitseri siz to’ldirgan 2ta formani tekshirib beradi, kamchilik joyi bo’lsa yoki boshqa hujjatlar yetarli bo’lmasa to’ldirib kelishga qaytarib yuboradi. Ofitserga 2 xil navbat bor: oddiy va tezkor. Tezkor navbatda deyarli odam bo’lmaydi, oddiy navbatda esa o’rtacha yarim soatlik navbat bo’lishi mumkin.
Hujjatlar tekshirib bo’lingach nomerli talon beriladi. Talon bilan 20 daqiqagacha viza tayyor bo’lishini kutiladi. Odatda 10 daqiqaga qolmasdan talondagi nomerni aytib chaqirishadi.
Viza urilgan pasportni olgach, pasport nazorati ofitseriga borasiz va u pasportga shtamp urib beradi.