Taylandda avtomobil boshqarish va uni ijaraga olish

Taylandda avtomobil ijaraga olish

Bangkokda moshinam yo’q, sababi ish joyim uydan uzoqda emas. Telefon titkilab, avtopilotni yoqib 10 minutda ofisga yetib olaman.

O’tgan hafta oyim va xolalar dam olgani va ko’rgani kelishdi. Bu Honda Jazzni ularni aylantirish uchun ijaraga oldim. Ikki kunlik ijara narxi yetkazib berish va olib ketish xizmatlari bilan $100 ga yaqin bo’ldi. Shaharni taksida aylanishda ham shunga yaqin harajat bo’lardi.

Taylandda avtomobil boshqarish

Taylandda avtomobil haydash qiyin emas. To’g’ri, chap taraflama harakat, tirbandliklar ko’p, motosikllar ko’p… Chap taraflama harakatga odam tez ko’nikadi, muhimi arendaga faqat avtomat korobkali avtomobil olish kerak. Chap qo’lda mexanikada skorostga olish noqulay bo’ladi.

Probkalar ko’p, lekin haydash madaniyati bizdagidan yuqori. Bu yerda qatordan-qatorga sakrashmaydi, signal kam chalishadi va tezkor manyovr qilishmaydi. Yana sekin ketayotgan avtomobil orqasidan ular ham o’sha tezlikda yurishadi, yo’l so’rab kam signal chalishadi. Motosikllar uchun alohida qator berilgan, lekin ular ko’pincha o’rtada yurishadi. Chorrahada avtomobillar motosikllarni o’tkazib yuborib keyin tezlikni oshirishadi.

Yagona qiyinchilik – yo’lni bilmagan odam Google maps bilan yurib ham adashishi mumkin. Yo’llar bizdagiga nisbatan murakkab qurilgan, ko’pqavatli yo’llar ko’p.

Muhimi avtomobil haydayotganda orqani ko’rsatuvchi oynalardan doimiy foydalanish va zarurat bo’lmasa tezkor manyovr qilmaslik kerak. Yoningizda motosiklchi kelayotgan bo’lsa, bu uning ohirgi sayri bo’lib qolmasin.

Ko’chalarda hayvey (highway) – pulli yo’llar ko’p. Ularsiz shaharning bir chetidan ikkinchi chetiga borish uchun probkalar bilan 2-3 soat vaqt ketgan bo’lardi.

Yo’l belgilarining aksariyati bizdagi bilan bir xil, men sezgan farq – ogohlantiruvchi belgilar sariq romb shaklida ekan.

Chap taraflama harakatda chap qo’l qoidasi amal qiladi. Yana, chorrahalarda qizil chiroqda yo’lovchi va mashinalarni o’tkazib yuborib chapga qayrilib ketish mumkin. Toshkentda ba’zi chorrahalarda endi buni yo’lga qo’yishdi.

Avtomobil ijaraga olish

Avtomobilni ijaraga beruvchi kompaniyalar ikki xil bo’ladi. Birinchi turga xalqaro, ya’ni chet el firmalarining filiallari – Hertz, Avis, SixT va boshqalar kiradi. Ikkinchi xildagi kompaniyalar esa – mahalliy ijarachilar.

Xalqaro kompaniyalardan avtomobil ijaraga olish uchun kredit karta kerak. Debit kartalar o’tmaydi. Arendator kartadan 5000-10000 bat pulni muzlatib qo’yadi. Avtomobil qaytarilgandan keyin, agar unga shikast yetmagan bo’lsa, arendator pulni qaytaradi. Faqat kredit karta bilan ishlaydigan arendatorlarni https://www.rentalcars.com/ saytida topasiz. Saytda sizga kerak bo’ladigan kun uchun avtomobillarni ko’rib chiqishiz mumkin. Shuningdek, xalqaro kompaniyalar xalqaro haydovchilik guvohnomasi talab qilishadi.

Mahalliy ijarachilar naqd pul yoki bank transfer bilan ham ishlayverishadi. Bunda arendatorlar 3000 batdan 10000 batgacha naqd pul depozit oladi. Avtomobil qaytarilgach, pulni qaytaradi.

Mahalliy ijarachilarning sayti https://www.drivehub.co , faqat tay tilida. Google Translate’ni ishlatib ham tushunolmasangiz Drivehub’ning Line’dagi accounti – @drivehub bilan bog’lanib nima xohlayotganingizni tushuntirishingiz mumkin, operator ingliz tilida yaxshi yozadi.

Mahalliy ijarachilar xalqaro haydovchilik guvohnomasini talab qilmasliklari mumkin. Menda Tayland pravasi bo’lgani uchun aniq etib berolmayman.

Tayland haydovchilik guvohnomasini olish

Ikkala tipdigi kompaniyalada ingliz tilida gaplasholidigan hodimi bo’ladi, ingliz tilini biladiganlarda til bilan bog’liq muammo bo’lmasa kerak.

Shuningdek, ijarachilarning avtomobilni yetqizib berish xizmati ham bor, ular siz yashab turgan joyga avtomobilni olib kelib berishadi, albatta qo’shimcha to’lov hisobiga. Taksida borib yoki vaqt ketqizgandan ko’ra xizmatdan foydalangan ma’qul.

Avtomobilning ichida hujjati bo’lmaydi, faqat old oynasiga ko’rikdan o’tgani to’g’risidigi leyblni yopishtirib qo’yishadi. Yagona hujjat bu sizning pravangiz bo’ladi.

Ijaraga olinadigan moshinalar sug’urtalangan bo’ladi. Avariya bo’lsa qanchadir qismini straxovka qoplab beradi. Albatta bunda sug’urtachining shartlari bo’lsa kerak, masalan pravasiz mashina boshqarganlar uchun mashinaga yetkazilgan zarar qoplab berilmaydi.

Shuni ham bilib qo’yishingiz kerakki, ba’zi arendatorlarning firibgarlik qilishlari ehtimoli bor. Avtomobil topshirilayotganda qirilgan joylarini qidirib topishadi va bo’yningizga qo’ymoqchi bo’lishadi. Buni oldini olish uchun avtomobilni arendaga olayotganda ichki va tashqi detallarini rasmga va videoga ovoling. Arendatorga qirilgan joylarini ko’rsating, belgilatib oling. Rasmlar avtomobilni topshirayotganingizda pretenziya bo’lsa sporlashish uchun kerak bo’ladi.

Odatda mashinalar to’la benzobak bilan beriladi, qaytarishda ham o’sha darajada qaytarish kerak. Arendatordan qaysi benzinni quyish kerakligini aniqlashtirib olishni unutmang.