DHL. Tushunarsiz tarifikatsiya

DHL

Aptekalar hisobini yurituvchi dasturiy ta’minotimiz – APPTECA bo’yicha mijozlar telefon qilishganda, ko’pincha chek printeri va shtrix-kod skaner ham sotuvda borligi, ularni pul o’tqazish yo’li bilan harid qilish imkoniyati haqida qiziqishardi. Ularga yengillik yaratib berish uchun, o’zimiz birnecha printer va skanerlar sotib olib, ularni mijozlarga oylik to’lov asosida ijaraga berishni boshlamoqchi bo’ldik.

Birinchi navbatda, qurilmalarni qayerdan sotib olish mumkinligi bilan qiziqamiz. Tabiiyki, ularni «Malika» yoki «Abu Sahiy» savdo majmuasidan olish mumkin.

Eng arzon va keng tarqalgan chek chiqaruvchi printer – Xprinter XP58 (Paynetda ishlatiladi) $35-$40 atrofida ekan. «Pistolet» deb ataluvchi shtrix-kod skanerlar esa $50-$60 narxga baholanmoqda. Tovarlar barchasi Xitoydan keladi. Aliekspressda XP58 $15-$18 atrofida va skanerlar $13-$15 turadi (yetkazib berish xizmati narxini hisobga olmaganda). Bizda printer uchun 2 barobar qimmat sotilmoqda, skanerlar esa 4 barobar. No comment!

Xullas, Aliexpressdagi do’konlar ichidan printer va skanerni birga sotuvchi do’konni topdik va har bir printer-skaner jufti uchun $27 dan kelishdik. Boshiga 3ta printer va 3ta skaner buyurtma qilindi. Tovarlarning umumiy narxi – $81 va DHL orqali yetkazib berish $65 ga tushdi. Umumiy narx – $146. Hm, yomonmas…

Yuk 1 haftada Toshkentga keldi, keyin esa sarguzashtlar boshlandi… 🙂

DHLdan deklarant telefon qilib, deklaratsiya to’ldirish lozimligini va deklaratsiya asosida davlat boji hamda bojxona yig’imini to’lashimiz kerakligini aytdi. Borganimizda esa DHL orqali yetkazib berish tarif bo’yicha bizga $165 ga tushganini (aslida $65 to’laganmiz), ushbu summa bo’yicha davlat boji va bojxona yig’imi 600ming bo’lishi kerakligini hisoblab berdi! 😀

Ma’lumki, davlat boji hamda bojxona yig’imidan chetdan olib kelinadigan kundalik ehtiyoj tovarlar (1tadan oshmasligi kerak) davlat pochtasiga (Xalqaro pochtamtga) kelgandagina ozod qilinadi.

Bizning yuk bu imtiyozga mos kelmasdi. To’lovlar bo’lishini bilardik, lekin DHLning g’alati tarifikatsiyasidan xabarimiz yo’q edi. Bizda 2ta variant bor edi:
1) 600ming so’mni to’lab, tovarni olib chiqib ketish
2) Tovarni sotuvchiga qaytarib yuborish.

Deklarant yana bir variantni taklif qildi. Unga ko’ra, yetkazib berish narxini bilish uchun yukni yuborgan tomonga DHLning bosh ofisidan turib so’rov yuboriladi, hamda javobdagi narxga qarab boj va yig’imlar boshqatdan hisoblanadi.

Ishimiz DHL boshqa ofisga ko’chayotgan vaqtga to’g’ri kelgani sababli, so’rov yuborish uchun operatorga 2 kun bog’lanolmadik. Keyin esa 3 kunda keladigan javobni 1 hafta kutdik, javob kelavermagach, Xitoydagi sotuvchi bilan aloqaga chiqib, yordam berishni iltimos qildik. 10 kunda javob keldi. Unga ko’ra, yetkazib berish xizmati narxi… $20 ekan! Ya’ni sotuvchi DHLga $20 to’lagan xolos (eslatib o’taman, biz $65 to’laganmiz)!

Deklarant boshqatdan to’lovlarni narxlab, 220ming so’m chiqarib berdi va 15 kunlik muddatning so’nggi kuni yukimizni olib chiqib ketishga ulgurdik 🙂

Xulosa
Tovar narxi: $81
Yetkazib berish: $65
Davlat boji va bojxona yig’imi: $30
Deklarant: $20

Umumiy narx: $196

Agar Abu Sahiydan olganimizda, 2ta printer va 3ta skaner $250 ga aylanardi. Ko’rinishidan bizga arzonroqqa tushgandir, lekin 4-5 kun ovoragarchilikga arzimasa kerak.

Do'stlaringiz bilan bo'lishing!