WALKER

Dasturchi, frilanser, gik va introvert

by Sherzod Shermukhamedov

Taylandga turistik viza olish tartibi

O'zbekiston respublikasi pasporti
Agar siz Taylandga 2 haftadan ko'p muddatga bormoqchi bo'lsangiz, oldindan turistik viza'ni Taylandning O'zbekistondagi konsulligida rasmiylashtirish kerak bo'ladi. To'g'ri va barcha yig'ilgan hujjatlar viza olish vaqtini kamaytiradi. 2 haftagacha dam olishga borayotgan bo'lsangiz, Taylanddagi aeroportda "Visa on Arrival" viza olish varianti ham bor. Turistik vizaning aeroportda olinadigan vizadan afzalliklari:
  • arzon - $40 bir kishi uchun
  • 3 oygacha Taylandda qolish mumkin
Kamchiliklari:
  • viza olish 1 hafta 10 kungacha cho'zilib ketishi mumkin.
  • qo'shimcha byurokratik hujjatlar yig'ish

Qayerda vizani rasmiylashtiriladi?

Taylandning O'zbekistondagi konsulligida. Manzil: Toshkent shahri, Zulfiyaxonim ko'chasi, 1A uy. Mo'ljal: Labzak, UMS ofisi yonida. Tel: +998 71 2418289 Hujjatlarni qabul qilish: Dushanba-Juma 10:00-12:30. Hujjatlarni berish: Dushanba-Juma 15:00-17:00 Vizaning tayyor bo'lish muddati: 5 ish kunigacha

Viza olish uchun nimalar kerak?

  1. Ish joyidan lavozim va oylik maosh ko'rsatilgan ma'lumotnoma; ishsizlar uchun mahalladan ma'lumotnoma - ingliz tiliga tarjima qilinib, notarial tasdiqlanishi kerak
  2. Har bir odam uchun bankdagi hisob raqamida kamida $800 borligi haqida bankdan ma'lumot noma - rus/o'zbek tilida berilgan bo'lsa, ingliz tiliga tarjima qilinib, notarial tasdiqlanishi kerak; homiyning kafolat xati; nikoh qayd etilganligi haqida ma'lumotnoma.
  3. $40 konsullik yig'imi. Vizani tezkor rasmiylashtirish uchun konsullik yig'imi $70 bo'ladi.
  4. Mehmonxonadan taklifnoma yoki vaucher. Airbnbda joy band qilinganligi haqida ingliz tilida ma'lumot ham yetarli bo'ladi.
  5. Borish va qaytish aviabiletlari nusxasi
  6. 1ta 3.5x4.5 rasm
  7. Amal qilish muddati 6 oydan kam bo'lmagan pasport + pasport nusxasi
  8. Tibbiy sug'urta - ingliz tiliga tarjima qilinib, notarial tasdiqlanishi kerak
  9. To'ldirilgan anketa (ingliz tilida to'ldiriladi) [caption id="attachment_361" align="alignnone" width="1582"]Tayland turistik viza formasi Tayland turistik viza formasi[/caption]
Bolalar uchun qo'shimcha:
  1. Tug'ilganlik haqida guvohnoma - ingliz tiliga tarjima qilinib, notarial tasdiqlanishi kerak
  2.  Bola otasi yoki onasi bilan sayohat bo'lsa, onasi yoki otasidan rozilik xati - ingliz tiliga tarjima qilinib, notarial tasdiqlanishi kerak. Qarindoshlari bilan sayohatga chiqsa ota-onasidan rozilik xati kerak bo'ladi
  3. 1 ta 3.5x4.5 rasm
  4. Maktabdan ma'lumotnoma - ingliz tiliga tarjima qilinib, notarial tasdiqlanishi kerak
Turistik vizani agar Taylandga qo'shni bo'lgan davlatlardagi Tayland elchixonalaridan birida oladigan bo'lsangiz, kamroq hujjatlar talab etiladi:
  1. Mehmonxonadan taklifnoma yoki vaucher. Joy band qilinganligi haqida ingliz tilida ma'lumot ham yetarli bo'ladi.
  2. Borish va qaytish aviabiletlari nusxasi
  3. 1 ta 3.5x4.5 rasm
  4. Amal qilish muddati 6 oydan kam bo'lmagan pasport + pasport nusxasi
  5. $40 konsullik yig'imi
  6. To'ldirilgan anketa (ingliz tilida to'ldiriladi)
Elchixonalarda beriladigan viza 1.5 ish kunida tayyor bo'ladi. Masalan dushanba kuni 9:30 dan 11:30 gacha hujjat topshirsangiz, ertasiga 14:30 dan 16:30 gacha bo'lgan muddatda olishingiz mumkin. Elchixonada odam ko'p bo'ladi va uzun navbatlar hosil bo'lish ehtimoli katta. Men turistik vizani olgan Kuala Lumpurdagi elchixonada, 2-bo'lib kirish uchun ertalab soat 8 da borgan edim :) Viza urilgan pasportni olish uchun ham navbat katta, lekin bunda navbat tez keladi (~ 30 daqiqada).