Airbnb insonlarga o’z uy, kvartira, dam olish joylarini qisqa muddatga ijaraga berish imkoniyatini taqdim etadigan onlayn xizmat hisoblanadi. Airbnbning o’zi hech qanday turar-joy ijaraga bermaydi, ijarachi va foydalanuvchi o’rtasida shunchaki broker xizmatini bajaradi.
Airbnb bilan dastlab Malayziyaga ketish oldidan tanishib chiqqandim. Hamkorimiz Sem o’zi ijara haqini to’lagani uchun uyni ham o’zi buyurtma qilgandi.
Dekabr boshida Bangkokda ish boshlashim tufayli uy-joyni o’zim tanlashim kerak bo’ldi va Airbnb sarguzashtlari o’shanda boshlandi. 10 kunda 4 ta joy bron qilib, 3 marta boshqa joyga ko’chib o’tdim.
1. Birinchi buyurtma qilingan joy ofisga yaqin joydan tanlandi. Bangkokga ketishga 3 kun vaqt qolganda bron qilingani va qishda Tailandga turistlar oqimi ko’payishini hisobga olganda, Bangkok markazida joylashgan ofis yaqinidan joy olish uchun variantlar ko’p emas edi. Yana joy qidirib yurmaslik uchun $511 ga 1 oyga bron qilib qo’ydim.
Uyga kelgach esa… xonalar eski, gaz plita va mikroto’lqinli pech yo’q, oshxona anjomlari yo’q. Hatto sochiq ham yo’q. Xullas, PPC! rasvo joy. Darhol ijarachi bilan aloqaga chiqdim. Ma’lum bo’lishicha, Airbnbga qo’yilgan rasmlar 2-3 yil oldin olingan ekan. Ijarachi bilan kelishib yana bir kun qoladigan, qolgan kunlarga to’langan pulni Airbnb orqali qaytaradigan bo’ldi. Qaytgan pul esa 1 haftadan so’ng kartamda ko’rinar ekan.
Moral: Airbnbda ko’rsatilgan rasmlarga ishonmang, iloji bo’lsa ijarachidan qo’shimcha rasmlar va va’da qilingan jihozlar rostan ham borligini aniqlashtirib oling.
2. Yana bir tanlangan joyni ijarachi uzr so’rab o’zi bekor qildi. Qoidasi bo’yicha, ijarachi bekor qilgani uchun, Airbnb pulni qaytarishdan oldin boshqa uy taklif qilishi kerak ekan. Mening holatimda pul darhol qaytarildi va tabiiyki to’langan $250 dan ortiq summa yana 1 haftadan keyin qaytadigan bo’ldi.
Moral: Hech qachon bo’sh turgan joyni hatto darhol bron qilish imkoniyati bo’lsa ham, darhol bron qilmang. Egasining xonani Airbnbga qo’ygani esidan chiqib ketgan bo’lishi yoki rejalari o’zgarib qolgan bo’lishi mumkin.
3. Kartada ishlatishga yaroqli summa qolmagach Airbnbning Facebookdagi sahifasi bilan aloqaga chiqdim va vaziyatni tushuntirdim. Airbnb texnik xizmati hodimi ko’p o’tmay, bo’lib o’tgan hodisa uchun uzr so’rab, $200 kupon taqdim etdi. $200 ni ofisdan 15 daqiqa uzoqlikdagi H2 Hoteldan 9 kunga joy olish uchun ishlatdim.
Moral: Bron qilgan joyingiz atrofida nimalar joylashganini Google Street Viewda 360 rasmlarda ko’rib chiqing. Hatto xonalari shinam, ozoda ko’ringani bilan, shovqin ko’cha hafsalangizni pir qilishi mumkin.
4. 1 hafta ichida barcha ushlanib turilgan pullar kartaga qaytarildi va bu safar ofis yaqinidan joy olishga tavakkal qilmay, biroz uzoqroq ammo metro (BTS) yaqinida joylashgan President 2 elit turar joydan kvartira buyurtma qildim. Joy yoqdi, barcha qulayliklari bor. Yanvar o’rtalarigacha shu yerdaman Hudo xohlasa 🙂
Moral: Arzon va sifatli joy bo’lmaydi, bu mif! Yaxshisi qimmatroq bo’lsa ham qulay sharoitlarga ega joy toping. Va albatta, metroning mavjudligi ham rol o’ynaydi. Ayniqsa doim tirbandlik bo’ladigan Bangkokda.