Frilansda raqobat tajribali professionallarda kam, yangi ish boshlaganlarda va ishlashni bilmaydiganlarda esa yuqori. O’z navbatida mayda va oson ishlarda raqobat juda katta bo’ladi, katta loyihalar va qiyin ishlarda raqobatchilar kamroq.
Upwork reytingi
Upworkda frilanserlar reytingi mavjud bo’lib, u asosida mijozlar frilanser haqida qisqacha tasavvurga ega bo’ladilar. Reyting frilanser mijozlarining baholari (feedback) asosida shakllanib boradi. Buyurtmachi frilanserga quyidagi yo’nalishlar bo’yicha 1 dan 5 tagacha yulduz ko’rinishida baho beradi:
- bilimi (skills)
- ish sifati (quality)
- ishlashga tayyorligi (availability)
- o’z vaqtida bajargani (deadlines)
- aloqasi (communication)
- tezkorligi (cooperation)
6 ta punkt bo’yicha baholar qo’shilib 6 ga bo’linadi va o’rtacha baho chiqariladi. Bu baho juda muhim ahamiyat kasb etib, frilanser profilida ko’rinib turadi va navbatdagi loyihalar uchun yordam beruvchi, yoki aksincha xalaqit qiluvchi vositaga aylanadi.
Agar buyurtmachi ishingizdan qoniqmasdan sizga past baho qo’ygan bo’lsa, uning barcha to’lagan pullarini qaytarganingizdan so’ng (refund), qo’yilgan baho profilingizda ko’rinmaydi, ya’ni uning bahosi hisobga olinmaydi. Ammo sifatli ishlab, o’z vaqtida ishni topshirishingizni maslahat bergan bo’lardim, boshog’rig’i kamroq 🙂
2015-yildan boshlab ishni muvaffaqiyatli bajarish reytingi (Job success score) ham qo’shildi. Bu reyting mijozning mahfiy bahosi asosida shakllanib 0 dan 100% gacha oraliqda bo’ladi. Bunda yomon reytingni ortga qaytarib bo’lmaydi ammo bir necha muvaffaqiyatli bajarilgan ishlardan so’ng umumiy reytingni ko’tarish mumkin.
Tartibli va tajribali frilanserlar uchun Upworkda eng qiyini – birinchi ishni boshlab/tugatib, mijozning bahosini olish, sababi saytdagi frilanserlarning deyarli yarmini reytingi yo’q profillar tashkil qiladi. Olingan birinchi 5 yulduz va 100% job success score’dan so’ng keyingi ishlarni olish yengillashadi.
Frilanserlar o’rtasida raqobat
«Oson ish uchun raqobat katta» qoidasi har doim amal qiladi, shuning uchun «PSD dan HTMLga o’girib berish» yoki $100 ga «WordPress sayt yasash» kabi ishlarni olish uchun juda katta raqobat bo’ladi. Agar siz shunchaki html-verstka yo’nalishida Upworkda ishlamoqchi bo’lsangiz, katta orzu-havaslaringizni bir chetga surib qo’yishingizni maslahat beraman:
- sizning raqobatchilaringiz arzon ish kuchi bo’lgan hind, bengal, filippin frilanserlari. Ulardan loyihani tortib olish uchun, ular kabi arzon narx qo’yishingiz kerak. Ularning kuni $5 ga ham o’taveradi. Sizniki esa yo’q.
- arzon narxli ish qo’ygan buyurtmachilarning 90% qismi «Ð½ÐµÐ°Ð´ÐµÐºÐ²Ð°Ñ‚» bo’lishadi. Noinsofning injiqliklarini yoki tishingizni tishingizga qo’yib bajarasiz, yoki yomon baho orttirib olasiz.
Agar frontendni yoqtirsangiz, sabr qilib avval Javascript, so’ngra React/Angular’ni o’rganing. Oddiy HTML verstkaning o’zi yetarli emas. So’nggi vaqtlarda, verstalshiklarning nonini yarimta qiladigan WordPress shablonlar, ayniqsa Divi, Avada ommalashib ketdi. HTML kod yozib o’tirishning keragi bo’lmay qoldi.
Shuningdek, eng ko’p ish takliflari PHP tilida bo’lsa ham, PHPning o’zini bilgan bilan ish bitmaydi. Hozir Laravelga backend dasturchi sifatida talab yuqori.
Kontent boshqaruv tizimlari (CMS, dvijok) bo’yicha WordPressda ish ko’p. Ammo WordPress uchun arzon ish kuchi ham yetarli darajada. CMSlardan Magentoga talab katta, ish topish nisbatan oson Shopify ham ancha ommalashgan.
Yuqorida sanab o’tilganlardan birini professional mahsulot yarata olish darajasida o’rganish Upworkdagi karyerada asqotadi va ish olishda kamroq raqobatchilarga duch kelasiz.
Qanday qilib raqobatda yutib chiqish mumkin?
Albatta, 5 yulduz va 100% job success score sizga ishni kafolatlab qo’ymaydi. Buyurtmaga taklif berishda ba’zi qoidalar mavjud:
- Avvalo o’z profilingizni to’ldiring. Profil 100% to’ldirilgan va tekshiruvdan o’tgan (verified) bo’lishi kerak.
- Ishni tugatish vaqtini (term, deadline) to’g’ri kiriting. 2 hafta vaqt ketadigan ishga 1 hafta deb yozib, har kuni 15 soatdan ishlayman deb o’ylamang. Foydasi yo’q.
- Demping ya’ni odatdagidan arzon narx qo’ymang. Arzoniga uchadigan buyurtmachi ko’p hollarda noinsof chiqadi. Tajribali buyurtmachilar o’zi beradigan ishining tahminiy narxi va muddatini bilishadi. Arzon aytilgan narx shubha keltirib chiqarishi mumkin.
- Birinchilardan bo’lib taklif (bid) yuboring. Birinchi taklif yuborgan frilanser ro’yhatda birinchi bo’lib turadi. Ko’pincha mijozlar takliflarning faqatgina birinchi 10-15tasi bilan cheklanadilar. Siz ham google qidiruvida 2-sahifaga o’tmaysizku, shunga o’xshash holat. 😀
- Mijozga xat yozish jarayonida o’zingizni maqtamang, buyurtmachiga ishida qanday super-puper dasturchi ishlashidan ko’ra dasturchining ish mazmunini to’g’ri tushunishi muhimroq. Qolaversa sizning profilingiz va baholaringiz siz haqingizda barchasini ko’rsatib turadi.
- Avvaldan tayyorlab qo’yilgan avtomatik xatlarni yubormang. To’g’ri, birinchi bo’lib taklif yuborish muhim, ammo avtomatik yoziladigan xatlar ko’pincha e’tiborsiz qoldiriladi. Ish mazmuni bo’yicha yozing, savollaringiz bo’lsa bering. Buyurtmachi ishi bo’yicha to’g’ri savol bergan frilanserni qadrlaydi.
- hamma ishga ham taklif yuboravermang. Bir oyda 30tagacha taklif yuborish mumkin. Ketma-ket 2 oy yuborgan takliflaringiz javobsiz qolsa, Upwork sizni ishlashni bilmaydigan frilanser deb hisoblaydi va profilingizni blok qiladi. Blok qilish yangi va ko’p yillik frilanserlar uchun bir xil amal qiladi.
- ingliz tilida gaplasha oladigan bo’lsangiz, nur ustiga a’lo nur. Ba’zi AQSH va Avstraliyalik buyurtmachilar intervyuni skype’da audio/video so’zlashuv ko’rinishida olib borishni ma’qul ko’rishadi, shuning uchun frilanserlardan ingliz tilida so’zlasha oladiganini tanlashadi.
Mijoz sizga javob yozsa, sizni intervyuga chaqirgan hisoblanadi. Demak taklif qabul qilinishining birinchi bosqichi muvaffaqiyatli tugadi deb hisoblash mumkin bo’ladi.
Connectlar
Upwork frilanserlarga bir oyda 60ta connect beradi va konnektlar taklif yuborish (bid) uchun ishlatiladi. Bitta taklif uchun 2ta connect kerak, demakki bir oyda 30ta taklif yubora olasiz. Mijoz javob bersa, bermasa connectlar qaytarib berilmaydi. Connectlar faqat bir holatda qaytariladi – agar mijoz e’lon qilingan ishni boshlamay, uni o’chirib yuborsa taklif kiritgan frilanserlarga connect’lari qaytarib beriladi.
Tajribali frilanserlarni mijozlar o’zi topib, intervyu uchun taklif yuborishadi. Bunda frilanserning konnektlari kamaymaydi.
Menimcha raqobat haqida yetarlicha yozildi. Yana qaytaraman, tajribali professional dasturchi-frilanserlar uchun raqobat kam, Upworkda osongina ko’tarilishlari va hattoki ba’zi ustunliklarga ega Top rated frilanserlar qatoridan joy olishlari mumkin.