Davlat xizmatlari ishini optimallashtirish

Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlarida o’tayotgan yarim yildan ortiq xizmat safarlarim davomida, ba’zi davlat xizmatlari bilan tanishib chiqdim. Ulardan xulosa sifatida o’zimizdagi yaxshilanishi qiyin bo’layotgan ba’zi xizmatlarga takliflar berishga ijozat berasiz.

Xo’sh, o’zgarish bo’lishi qiyin kechayotgan davlat xizmatlariga nimalar kiradi? Pasport stoli, soliq qo’mitasi, davlat avtomobil nazorati xizmatlari va kommunal xizmatlar. Ha, o’sha eski nimqorong’i xonalar, uzoq navbat kutishlar…

Elektron hukumatga yangi davlat xizmatlari qo’shib borilayotgani bilan baribir asosiy xizmatlarni odamlarga o’sha binolarda o’tirgan «qorako’z»lar xizmat ko’rsatadi. Ular kuniga 30 ta odamga xizmat qilsa ham, 50 ta odamning ishini hal qilib bersa ham bir xil oylik olishadi. Hattoki 12-14 soatlab ishlayotgan soliqchilarga ham qo’shimcha bonus qo’shib berilishiga shubham bor. Ularda sifatli xizmat ko’rsatish yoki ko’p odamlarga xizmat ko’rsatish uchun motivatsiya yo’q.

«Siz kimdan keyin?»

Idora hodimlariga motivatsiya berishdan avval, shoshqaloq xalqimizning illati bo’lmish – navbat kutish madaniyatini tartibga solib olamiz: elektron navbat.
Elektron navbatni tanishtirishning hojati yo’q albatta. Mobil operatorlar yoki bank ofislarida yo’lga qo’yilgan, navbat raqami yozilgan qog’oz chiqaruvchi apparat har qanday shoshib turgan, yoki «faqat nimanidir so’rashga kelgan» har qanday ucharni ham «ramkaga» solib qo’yadi.

Ammo gap budjet tashkilotlari haqida borarkan, texnika harid qilish va unga xizmat ko’rsatish uchun davlat budjetidan mablag’ ajratish mushkul masala.

Mana bu havolada umid uchqunlarini yoqib, elektron navbat haqida qisman aytib o’tilgan ekan: https://www.xabar.uz/uz/jamiyat/elektron-navbat-maxsus-mobil-ilova-oziyurar

My.gov.uz portalida biometrik pasportga navbatga yozilish uchun ariza berish xizmati bor ekan: https://my.gov.uz/uz/service/207
Tabiiyki, onlayn ariza bergan fuqaro chaqirilgan kunda kelgani bilan navbat kutadi baribir.

Biz esa texnika haridi haqida davlat moliyachilarining boshini qotirmaymizda, o’zimiz nimadir o’ylab topamiz. Eng oson va doimiy harajat talab etmaydigan yechim – kichik maxsus sayt ishlab chiqib, u yerda davlat xizmatlari ro’yxatini ko’rsatish va fuqarolarga saytga kirib kunlik navbatga yozilish imkonini berish.

Sayt navbatda turgan odamlar sonini va navbatning tahminiy kelish vaqtini real vaqtda ko’rsatib turadi. Hodimlar esa har bir mijozga xizmat ko’rsatgach o’z kompyuteri yoki telefonidan mijozga xizmat ko’rsatib bo’linganini belgilaydi. Shu tariqa keyingi mijozning navbati keladi. Tartibning bo’lishi odamlarga vaqtini chamalab, kerakli ishlariga ulgurishini kafolatlaydi.

Onlayn navbatga yozilishga imkoni yo’qlar binodagi planshetdan foydalanib navbat olishlari mumkin. Onlayn navbatga qo’shimcha tarzda mijozga xizmat ko’rsatgan hodimni baholash tizimini qo’shsa bo’ladi.

«E menga nima?»

Hodimda motivatsiya bo’lmagach shu savol paydo bo’lishi tabiiy. Unga nima, u navbat kutmayapti, o’z megabaytini sarflasinmi? 🙂

Motivatsiyaning birinchisi – oy ohirida xizmat ko’rsatgan mijozlari soniga qarab qo’shimcha bonus ajratish. Bunda ham davlat budjetiga tegmaymiz.

Ba’zi shoshib turganlar ishining tez hal bo’lishini xohlab tanish-bilish yoki pora berib ishini tezlashtirmoqchi bo’lishadi, chunki ularda kutishning iloji bo’lmaydi (ayoli tug’ishi kerak bo’lib qoladi, yoki samolyoti ucholmay uni kutayotgan bo’lib chiqadi, va h.k.). Ularga elektron navbat yechim bo’lmasligi mumkin, shunda qo’shimcha katta mablag’ evaziga ishni tezroq bitirib berish xizmatini yo’lga qo’ysa bo’ladi. Masalan, 500 ming to’lab, chetga chiqish stikerini 20 kunda emas, 5 kunda olish, yoki 1 million so’m to’lab, 2 kunda ishini hal qilish imkoni bo’lishi kerak. Tezkor mablag’dan to’plangan pullar davlat budjetiga tushmasdan idoraning o’z hisob raqamida qolishi va hodimlarga o’sha summadan bonus chiqarish mumkin.

Bu yerda nozik masala – tezkor xizmat narxini belgilash. Arzonroq qilinsa, tezkor xizmatga talab ortib ketishi, natijada oddiy navbatlar cho’zilib ketishi mumkin. Narxni har oy yakunida murojaatlarning soniga qarab o’zgartirib turish kerak bo’ladi.

«Xonalarni qachon ta’mirlaymiz?»

Eski binolar borasida menda boshqa taklif bor:

Bu – 10 yil avval qurilgan Tayland qirolligining davlat xizmatlari ofis-binosi. Binoda ofislardan tashqari do’konlar, oshxonalar, hordiq chiqarish joylari mavjud. Bir so’z bilan aytganda – bizdagi savdo markaziga o’xshash.

Biz ham ba’zi davlat xizmatlarini katta savdo markazlariga ko’chirishimiz mumkindir. Bunda:
– hodimlarga shinam ofislar kafolatlanadi;
– avtoturargoh masalasi hal bo’ladi;
– odamlar savdo markazida vaqt o’tkazishlari, navbat kutish jarayonida ko’ngilochar attraksionlar yoki tamaddixonalarga kirishlari mumkin.

Ofis ijarasini tezkor xizmatlar orqali tushadigan mablag’lardan to’lashni o’ylab ko’rish kerak.

Albatta yuqorida keltirilgan takliflarni bosqichma-bosqich amalga oshirish zarur bo’ladi. Muhimi xizmat sifatini yaxshilash va korrupsiyani yo’qotish.

Omon bo’ling!

 

P.s. Dastlabki rasmda Namanganda yaqinda ochilgan davlat xizmatlari ofisining binosi. Batafsil – https://www.gazeta.uz/oz/2018/05/03/davlat-xizmatlari/