Kun.uz saytida e’lon qilingan yangilikka munosabat
Men uchun oddiy iste’molchilarning sifatsiz internet uchun qanday qilib jarima undira olishi qiziq. Provayderlarning bahonalari bisyor: «modemingizni nastroyka qilish kerak, bizdan signal ketyapti», «telefon tarmog’ingiz nosoz» (aslida bu provayderning muammosi bo’lishi kerak), «ATSda tok ketdi», «butun O’zbekistonda internet ishlamayapti»…
Korporativ mijoz sifatida Sharq telekomdan va Turondan foydalanganmiz.
Sharq telekomda texnik operatorga yetib borish uchun avval menedjer qizlar bilan gaplashishingiz kerak (foydasi yo’q, muammoni tinglab, ohir oqibat texnarga havola qilishadi). Aytganday, ularning telefonni ko’tarishi ham bir muammo.
Turon telekomning sifati yaxshi, balki O’zbekistondagi eng yaxshisidir (nisbatan). Lekin internet ishlamay qolganda «texnik hodimlarimizni yuboramiz, tekshirib berishadi» deb aytishligidan bezib turardik. Internet ishini tezroq tiklash uchun ularga xizmat mashinasi yuborish haqida ham o’ylab ko’rganmiz.
Ikki provayder ishida ham avariya holati kuzatilgan.
Sharq telekomning server bloki yonib ketganida 2 kun internet ishlamagan. Menedjerlar, texnik qo’llab quvvatlash raqamlari o’chirilgan. HECH KIM MA’LUMOT BERMAGAN! Kompaniyaning Facebookdagi sahifasidagi izohlardangina internet yo’qligining sababini bilib olishga erishganmiz. Afsuski, korporativ mijozlarga kompensatsiya berilmagan (jismoniy shaxslarga qo’shimcha gigabaytlar taqdim etishgandi).
Turon telekomning avariyasi biroz boshqacharoq. Qo’shni ko’pqavatli uyda elektr-shit yonib ketgan, u yerdan bizga keladigan kabel internet esa shu sababli 3 kun ishlamagandi (Hayronman, domdagilar qanday qilib elektrsiz 3 kun chidashipti). Muammo bartaraf etilgach, kompensatsiya berilmagan («uzr okya, bizning aybimizmas, o’lay agar, bunaqasi birinchi marta bo’lishi»). Sharq telekomdan farqi – Turondagilar internet o’chgani sababini aytishgan, muammoni bartaraf etayotganliklari haqida ma’lumot berishgan. Qobig’iga o’ranib, tikanlarini dikkaytirib olgan Sharq’dagilarga nisbatan bu ham yaxshi.
Haya, yil ohirida haftasiga 2 kun kunduzi 3-4 soatdan tok ketishi ham bor edi… (bunisi boshqa mavzu)