Oy boshida Dubayni aylanib kelish va Dubai Expo 2020 ni tomosha qilish uchun safarga chiqqandim. Sayohat davomida olingan havaskorona videolarni Youtube’dagi kanalimga joylab chiqdim. Ular orasida qiziqlari – Expo 2020 pavilyonlariga tashrif videolari bu yerda, pleylist shaklida:
Kaminadan Expo’ga boruvchilarga tavsiyalar:
– Barcha pavilionlarni aylanib chiqishga 3-4 kun vaqt ketadi. Agar Dubayga safar davomida Expo uchun 3 kun sarflashning imkoni yo’q bo’lsa, tashrifni katta pavilyonlardan boshlang. Pavilyonlar reklamasi bu yerda:
– Ish kunlari uchun chipta narxi bir kunlik $13, dam olish kunlari – $26. Dam olish kunlari esa kechqurun Al-Vasl plazada mashhur honandalardan birining konserti bo’ladi. Masalan men borgan haftada Alicia Keys konserti bo’ldi, bu hafta Armin van Buuren’niki o’tdi. Oldingi oylarda Sami Yusuf va Amr Diab ham konsert berib ketgan ekan. Musiqaga qiziquvchilar uchun mabodode.
– Telefoningizga «Expo 2020 Dubai» dasturini ko’chirib olib, biletni dastur ichida ham sotib olsangiz bo’ladi. Dasturda Expo’ga doir barcha ma’lumotlar, shu jumladan xarita hamda kundalik jadval ham o’rin olgan.
– Ba’zi pavilyonlarga kirish uchun soatlab navbat kutish kerak. «Expo 2020 Dubai» dasturidagi «Smart Queue» funksiyasi yordamida esa siz navbat kutish vaqtini kamaytirishingiz mumkin. Bitta bilet uchun 10tagacha pavilyonga «Smart Queue» ishlatish imkoni bor. Ba’zi pavilyonlarda, masalan Yaponiyanikida «Smart Queue» ishlamaydi. Kamina SQni Italiya va Hindiston uchun ishlatdim. Oddiy navbat 1 soat edi, SQ ishlatib qisqa navbat yo’lagidan 15 daqiqada kirdim.
– 20 dirhamga ($7.5) Expo pasportini sotib olishingiz va unda har bir davlat pavilionining kirish shtampini yig’ib kolleksiya qilishingiz mumkin. Bu pavilyonlarni aylanib chiqishga qo’shimcha motivatsiya bo’ladi.
– Expo markaz Dubaydan chekkada joylashgan. Agar siz turadigan mehmonxona metroga yaqin bo’lsa, Expo’ga metroda borsa bo’ladi. Eng qulay transport ham metro aslida. Faqat iloji bo’lsa, mehmonxona Dubai marina tarafga yaqin bo’lsin. Deira yoki Bur Dubai tarafdan Expo’ga metroda qatnash esa bir soat vaqt oladi.
– Expo’ga kirish uchun vaksina sertifikatini ko’rsatish kerak. Agar vaksina olmagan bo’lsangiz, Expo markaz yaqinidagi «DHA COVID-19 Testing Centre» laboratoriyasida PCR test topshirasiz, natijasi >6 soatda mahalliy telefon raqamiga SMS tarzida yuboriladi. Expo bileti bor bo’lsa, PCR-test tekin. Darvoqe, Toshkentga qaytish uchun o’sha test natijasini ham ko’rsatish mumkin, agar topshirish vaqti 72 soatdan oshmagan bo’lsa, qo’shimcha PCR topshirish shartmas. Testni Toshkent aeroportida hech kim tekshirmaydi, lekin test natijasisiz Dubayda samolyotga chiqarmasliklari ehtimoli bor.
– Expo markazdan Abu Dhabi’ga shattl (bepul) avtobus qatnovi yo’lga qo’yilgan. Dubayga sayohat davomida Abu Dabidagi Shayh Zayd masjidini (oq marmarli masjid) tomosha qilib qaytsa bo’ladi. Faqat shattl avtobus 3 soatda manzilga boradi. Taksi 1.5 soatda.
Dubai Expo 31-martgacha davom etadi.