Toshkentda o’tgan 9 oy haqida

Biz o’tgan yili iyunda Bangkokdan Toshkentga, katta ehtimol bilan doimiy yashashga qaytgandik. Bunga sabablar (darvoqe, ular orasida muallifdagi kabi «uchinchi renessans» sharpalariga o’ralashib qolish istagi bo’lmagan):

Sog’inch. Ohirgi marta Toshkentda 2019-yilda bir oycha yashab qaytgandik. Shundan keyin pandemiya boshlanib, Tayland to’liq yopildi. Hatto 2021-yil ohiriga kelib ham, tashrif buyuruvchilarning bir haftalik karantin o’tashi majburiy edi. Tabiiyki, uzoq vaqt sog’inch hissi qaror qabul qilishda rol o’ynadi. Nordon tajribasi shu bo’ldiki, katta qaror qabul qilishda hech qachon hissiyotni oraga qo’shmaslik kerak.

Pandemiya. Taylandda 2021-yil apreldan boshlangan koronavirus pandemiyasining uchinchi to’lqini og’riqli va keng ko’lamli chiqib, yarim yil davom etdi. Men soliq to’laganim uchun ijtimoiy himoya (social security) bor edi, ammo kasalxonalar va kovid-palatkalar allaqachon to’lishni boshlagandi. Buning ustiga vaksina yetishmovchiligi muammosi o’lganning ustiga tepgandek, bizni qiyin holatda qoldirgan. Shunchaki biz kasallik tanamizda qanday kechishini bilmasdik.

Maktab. Besh yosh bolamning maktabi onlayn-o’qitishga o’tdi. Bog’cha bolasiga onlayn dars o’tilardi! «Polaponim» kompyuter oldida yarim kun onlayn darslarda yuragi ichiga sig’masdan tipirchilab o’tiradi, narigi xonada adasi uydan ishlaydi. Shu tarzda o’quv yilini tugatdik. Yana bir onlayn o’quv yili – yo’q rahmat!! (Tayland maktablarni 2022-yil fevraldan ochishni boshladi)

Izolyatsiya. Bizning Bangkokda o’zbek tanishlarimiz yo’q, oilaviy ubu-joyda gaplashib o’tirishga. Yolg’izlik siqishni boshlasa, plyajga yoki toqqa aylanib kelardik. Pandemiyadan avval yiliga ikki marta Toshkentga borib turardik (Uzairways’ning to’g’ridan-to’g’ri reyslari bor yaxshi davrlarda). Kovid to’lqini esa hammasiniga cheklov kiritdi, hatto fitnes zalni ham yopib qo’yishdi.

* * *

Toshkentga tashrifni rejalashtirishda, dastlab uch oyda qaytib kelishni niyat qildim. Ishxonamda ham «vaksinani vatanimda olib, uch oyda Bangkokga qaytaman» deb kelishdik. Uch oy ichida ijaraga olgan kvartiramiz bo’sh yotadimi deb, ichidagi buyumlarimizni sotib ketadigan bo’ldik (Keyinchalik ma’lum bo’lishicha buyumlarimiz o’ylaganimizdan ancha ko’p ekan). Bo’lib to’lashga olgan (rassrochka) avtomobilimni sotuvga qo’ydim, sharti haridor keyin shartnomani o’z nomiga qayta rasmiylashtirib to’lovni davom ettirishi kerak. Qisqa vaqt bo’lishiga qaramay, haridor chiqdi va rasmiyatchiliklarini ketish kunigacha hal qilishga ulgurdik.

Shunday qilib, iyunning ohirlarida ikkita peresadka bilan Toshkentga yetib oldik. Shuni ta’kidlash kerakki, pandemiya sabab Uzairways ham, Air Astana ham janubi-sharqiy Osiyoga parvozlarini to’xtatgan; Yo’g’on cho’zilib, ingichka uziladigan paytlarda, faqat arablar va Turkish airlines kompaniyalari o’rindiqlarining yarmidan ko’pi bo’sh samolyotlarida Taylandga xizmatni davom ettirishayotgan edi. Ular orasida Qatar Airways chiptalari ma’quldek ko’rindi va Dubaygacha Qatar Airways xizmatidan foydalandik. Dubay aeroportidagi mehmonxonada 6 soat dam ovolib, keyin Uzairwaysda Toshkentga qaytdik.

Toshkentga kelgach, dastlabki oy ko’nikish uchun sinovli o’tdi. Dastlab Changkent havosida nafas olishga qiynalib yurdim; uydagi qaynagan suvni icholmasdan, do’kondan Nestle suvi tashidim; vaksina olib bir hafta o’tgach koronavirus yuqtirdim; uydagi rasvosi chiqib yotgan internetda ishlab asablarimni ketqazdim. Bir oy ichda hammasi o’z o’rniga tushishni boshladi. Koronavirus – hid va ta’m bilish yo’qolganini aytmasa, og’ir o’tmadi; havo va suvga burun va og’iz o’rgandi; ishni C-Space kovorking ofisiga ko’chirdim.

Shu tariqa yoz o’tdi. Ammo «challenge» hali tugamagandi:

Maktab. Bolamni maktabga berishim kerak, chunki u allaqachon maktabga tayyor (keyin ma’lum bo’lishicha, aslida bilimi tayyor, ammo o’zini tutishi emas). Bangkokdagi maktabi birinchi sinfga qabul qilardi, lekin Toshkentdagi maktablar 7 yoshga to’ladigan yilida qabul qiladigan bo’lipti. Yaxshiyamki, Toshkentda chet el metodikasida o’qitadigan xususiy maktablar bor. Darslarni ingliz tilida olib borgani uchun, bolamni Al-Beruniy International School’ga berdim. Birinchi kuni kiyimiga qarab bo’lmaydi. Keyingi kuni o’rtog’i bilan kalla qo’yishib, ko’zining oldini ko’kartirib keldi. Ikki kun o’tgach, sinfdoshining buvasi meni maktab oldida uchratib, o’g’limdan shikoyat qildi (Meniki ham uyga «mani urishdi» deb kelardi, ammo aslida 6 yoshga to’lmagan shumtakam har doim ham jabrlanuvchi rolini o’ynamayotgan ekan). Tortning ustiga qo’yilgan olchadek, hafta ohirida direktor chaqirib, dard-hasratini to’kib soldi. Bolam sinf xonasi devorlari va partalarini bejab, sinfdoshlari bilan urishib, dars o’tishga bermas ekan. Bolamning xulqi bilan shug’ullanmasam bo’lmas ekan, lekin «urishmang, faqat yumshoq gapiring, bo’lmasa badtar bo’ladi» deb tavsiyalar berdi (tarbiyaning bunaqa yo’llari ham borakaney!) Uning aytishicha, o’g’lim ikki oyda boshqa bolalarga qo’shilib, o’zini bosib olarkan (rostan shunday bo’ldi). Xullas komediya! Maktab muammoni hal qilib bermadi, uni bittaga ko’paytirdi xolos. Buning ustiga, bolam sinfdoshlari bilan o’zbek va rus tillarida muloqot qilgani uchun, uning ingliz tilida so’zlashish darajasi tushib ketdi. Eng yomoni – uning sinfi tuzukroq kurator yordamchisiga yolchimadi. Yarim yilda 4 ta kadr kelib-ketsa, sinfda tartib bo’larmidi?!

Ijtimoiy vaziyat. Oldinlari e’tibor bermas ekanman, odamlar ko’chada depressiyada yurgandek, kichkina uchqunga alangalanib ketadigandek yuradi. Ayniqsa avtomobil yo’llarida. Lekin kovorking ofisga tashrif buyuruvchilar kontingentida esa teskarisi, ular bilan tez chiqishib ketish mumkin. O’zaro hurmat yuqori darajada. Huddi ular va ko’chadagi odamlar boshqa-boshqa jamiyatlarda yashaydigandek. Urushdan qochib, Toshkentga kelgan ̶g̶a̶s̶t̶a̶r̶b̶a̶y̶t̶e̶r̶ relokant beloruslarning esa deyarli ovozi chiqmaydi.

Tabiat. Yozning changi kuzda bo’lib o’tgan anomal chang bo’roni oldida holva ekan. Anomal chang bo’roni, anomal issiq… Odamlar, «anomal» hodisalar qaytarilayotgan ekan, uning anomalligi qolmaydi. Bu – reallik. Kelajakda bu hodisalar doimiy takrorlanadi, shunisi qo’rqinchli. Men qarilikni Toshkentda o’tkazmoqchiman, lekin ekstremal sharoitlarda emas :((

Yomon ekologiya sabab, bolamning bitgan adenomasi yana shishib ketdi. Nafas olishga qiynaladi. Biz uni operatsiyasiz tuzatish uchun Bangkokda uzoq muddat muolaja qilgandik. U har oyda 2-3 marta kasal bo’ladi, hatto yozning kunida ham. Masalan, biz ham yoshligimizda kasal bo’lardik lekin yozda kasal bo’lganimni eslolmayman.

Narhlar. Toshkentda yashash arzon emas. Oziq-ovqat mahsulotlari Bangkokdagi bilan deyarli bir xil, ammo mevalar Toshkentda yoz kunida ham qimmat (Kamina Bangkokda non o’rniga ho’l/quruq meva yeyishga o’rgangan edim). Ammo to’loviga yarasha sharoit ham bo’lsa edi. Masalan, jamoat transporti masalasi katta muammo. Ijara narhlarini solishtirganda, Bangkok qimmat lekin turar joy komplekslarida fitnes zallari va basseyn mavjud. Biz o’z uyimiz bo’lgani sababli, Toshkentda ijaraga pul sarflamadik. Lekin boshqa kutilmagan harajatlar, masalan davolanishga ko’p sarflash sababli Toshkentda arzonroq yashaganimiz ham yo’q. Shunchaki Toshkentda yashash tarzi sifati tushib ketdi.

* * *

Xolis bo’lish uchun aytay, Toshkentda hammasi ham yomon emas. Bu yerda yashashning yaxshi taraflari ham bor:

– Ota-onam, qarindoshlar, birodarlarni tez-tez ko’rib turish imkoniyati.

– Ko’chada halol ovqat pishiradigan joy qidirish shartmas.

– Ishchi kuchi arzon, shu sababli xizmat ko’rsatish ham. Bunga avtomobil ustalaridan tortib, to’garaklar-repetitorlargacha hammasi kiradi.

– 2015-2016 yillar bilan solishtirganda, erkinlik bor baribir. Tushunaman, buyog’iga qiyinlashib boradi. Boshimizdan o’tgan.

Faqat yaxshi taraflari o’ylab ham, uch oylik «sayohatimizni» cho’zdirish haqida o’ylay boshladim. Ammo ish joyim bunga qanday munosabat bildirishini bilmasdim. 2021-yil kuzida ham Taylandda yarim yil oldin boshlangan uchinchi to’lqin hamon davom etayotganini bahona qilib, qaytishni 2022-yil yanvarigacha cho’zdirishni so’rab ko’rdim. Ikki oy o’tib esa, doimiy tarzda Toshkentdan turib ishlash haqida fikrimni aytdim.

Bilasizmi, nima? O’tgan shuncha yil davomida barcha kartalar qo’limda bo’lganmidi, yoki uzoq vaqt ishlayotganim uchunmi, «uch oyda qaytamiz»ni cho’zdirishga ruxsat berishdi, Toshkentdan turib ishlashga esa o’ylab ko’radigan bo’lishdi.

Ammo vaqt o’tgani sari, Taylandga qaytish xohishi kuchayib boraverdi. Buning ustiga yuqorida sanab o’tganim – Toshkentga qaytishning sabablari ham o’z-o’zidan hal bo’lib borayotgandi: sog’inch bezovta qilmayapti, kovid cheklovlari Taylandda fevraldan yumshatila boshlandi. Bolamning Bangkokdagi maktabi odatiy rejimiga qaytdi. Air Astana Phuketga bo’lsa ham doimiy reyslar yo’lga qo’ydi.

Shunday qilib, shu yil mart oyining so’nggi kuni uchun Phuketga chipta oldim. Olma-ota shahridan tranzit qilib Taylandga qaytadigan bo’ldik. Olma-otadagi sarguzashtlaridan so’ng (bu haqda boshqa safar batafsil), 31-martda Phuketga qo’ndik. Pasport nazorati hodimining uzoq vaqt pasportimni o’rganib chiqishi (har doimgidek), kovid test topshirish va to’rtta chemodanni olganimizdan keyin nihoyat aeroportdan chiqdik.

Dim va g’uborsiz tropika havosidan chuqur nafas oldim. Men yana erkinlikka qaytgandim…