Nima uchun Iphone ideal qurilma emas?

Kamina hech qachon Iphone ishlatmaganman. Yagona holat – Iphone 14 chiqqanida, 14 Pro Max sotib olishni niyat qilgandim. Ammo qurilmani do’konda ishlatib, kattagina Dynamic Islandni ko’rgach yana fikrimdan qaytganman. Bu yili ayolimga (egizaklar dunyoga keltirgani uchun) Iphone 15 Pro Max sovg’a qilgach, bir muddat Iphone’ga yana imkoniyat berib ko’rdim. Afsuski bu urinish ham samarasiz chiqdi.

Aslida muammo Iphone’da ham emas, IOSda. Quyida kaminaga yoqmaydigan IOS kamchiliklarini sanab o’taman:

Multitasking yo’q. Android’da multitasking – ekranda bir nechta dasturlarni ochish ajoyib yo’lga qo’yilgan. To’g’ri, multitasking har kuni ham kerak emas. Ammo kerak bo’lganida esa vaqtingizni tejaydi.

Back gesture (Ortga qaytish) stabil emas. Androidda hamma holatda back gesture bir xil ishlaydi: u bitta avvalgi oynaga qaytadi. IOSda esa ba’zi joylarda back gesture ishlaydi, ba’zi qismlarida faqat ekran tepasidagi knopkani bosish kerak, ba’zan slide down qilish kerak. Bu noqulaylik tug’diradi. Yetmaganiga back gesture telefonning faqat o’ng tarafida ishlaydi. Androidda esa har ikki qismida.

Dastur sozlamalari ham dasturning ichida, ham Settings app ichida bo’lishi mumkin. Bu nimasi? Nima uchun bir dasturning sozlamarini ikki joydan qidirish kerak?

Notifications (Bildirishnomalar). Androidda bir dastur uchun turli notification’larni sozlash mumkin. Masalan marketplace dasturi uchun marketing va sotuvchidan keladigan reklama bildirishnomalarini o’chirsa bo’ladi, shunda buyurtmalar va tracking ga aloqador bildirishnomalar kelaveradi. IOSda notifications’ni har bir dastur uchun faqat yoqish/o’chirish mumkin xolos.

Eng katta kamchilik – klaviatura. IOSda klaviatura – bu axlat. Mening 10 yil oldin ishlatadigan Android telefonlarimda ham bundan yaxshiroq klaviatura funksiyalari bo’lgan. Android’dagi Gboard klaviatura dasturi oldida IOS’ning klaviaturasi juda sodda dastur bo’lib ko’rinadi.

Front kamera. Nima uchundir front kamerada tasvir detalizatsiyasi yaxshi emas, rasmlar tiniq chiqmadi. Dastlab, bu faqat bizdagi qurilmaga xos deb o’yladim. Keyin esa Reddit’da bu mavzu bo’yicha ko’p shikoyatlarni ko’rdim: https://www.reddit.com/r/iphone/comments/16p1b3m/just_picked_up_the_iphone_15_pro_whats_with_the/
Kamera yomon emas, shunchaki men Iphone’ning barcha kamerasidan ideal natija kutganim uchundir. Qo’shimchasiga, necha yillardan beri lens-flare muammosini hal qila olishmaydi.

* * *

P.s. Apple’ning eng yaxshi operatsion tizimi – MacOS. U – dasturchilar uchun eng stabil Linux-distributivi. 😉