Singapurga safar. 1-kun (1-qism)

Changi aeroportidayoq kayfiyatni ko’taruvchi yengil bekground-musiqa hamrohingiz bo’ladi.

Immigratsiya zalida odam ko’p emas, ammo men e’tiborsizligim uchun 1 soatga yaqin ushlanib qoldim. 🙂

Gap shundaki Singapurga kelish va ketish chiptalarini 1 oy oldin sotib olgandim. Qaytish chiptasini 24-mart emas, 24-fevralga olgan ekanman. Ikkala kun ham shanbaga to’g’ri kelgani chalg’itgan bo’lsa kerak. O’zimizning aeroportda Singapurdan qaytish chiptasini tekshirishgandi, ular ham sanaga e’tibor berishmagan. Boshqa chipta sotib olganimdan so’ng, immigratsiya ofitseri shtamp urib berdi.

Changi aeroporti bekorga 6 yildan beri dunyoning eng yaxshisi bo’lib qolayotgani yo’q. Qulay, chiroyli, toza – shunday ta’rif eng qisqa va to’g’risi bo’lsa kerak.

Aeroportdan chiqishda 100 AQSH dollarini 127 Singapur dollariga konvertatsiya qilib, 15 singodollarga 7 kunga 100gb internet paket beruvchi simkarta sotib oldim.

Airbnb orqali band qilingan kvartira 14:00 dan keyin kirishga (check in) tayyor bo’lar ekan. Qo’limda chemodan yo’q, faqat papka bor xolos. Vaqt o’tqizmaslik uchun sayohatni boshladim.

MRT

Changi aeroportining 2-terminalidan markazga MRT metro qatnovi yo’lga qo’yilgan. Men turgan 3-terminaldan 2-siga 2 vagonli shattl-poyezdda yetib olish mumkin.
Metroda ham, shattl-poyezdlarda ham haydovchi yo’q. Barchasi avtomatik va masofadan turib boshqariladi. Har xil qo’riqchi va tekshiruvchilar o’rnini kameralar egallagan. Hech kim sizni ortiqcha bezovta qilmaydi. Metroga kirishda poyezdlarning necha daqiqada kelishi haqida tablo bor.

Metro bekati
Metro bekati

Metroning ba’zi bekatlari ta’mirlanayotgani sababli kechasi 6-7 soat ishlamas ekan, ishlamaydigan kunlarini jadval qilib osib qo’yilgan. Metro ishlamayotgan vaqtda bir bekatdan boshqasiga eltuvchi MRT-shuttle avtobuslaridan foydalanish mumkin.

MRT shattl avtobusi
MRT shattl avtobusi

Sayyohlar uchun maxsus «Singapore Tourist Pass» ko’p martalik yo’l chiptasi asqotadi, bu o’zimizning tilda «proezdnoy». Proezdnoy narxi 1 kun uchun 10 singodollar, 2 kunga – 16. Kartani olish uchun qo’shimcha 10 dollar depozit to’lovi ham to’lanadi, depozit to’lovi karta topshirilganda qaytariladi. Metro shahar-davlatni deyarli qamrab olgani uchun taksidan ko’ra qulayroq.
Shahar ozoda, tartibli. Baland binolar bir biriga zich joylashgan.

Nogironlar uchun qulaylik mavjud. Shaharda yo’llar emas, ko’chalar bor. Aniqrog’i ko’chalar ko’p, yo’llar alohida to’siqlar bilan ajratib qo’yilmagan.

Chinatown

Singapur ko’pmillatli davlat bo’lib, xitoyliklar, malayziyaliklar va hindlar ko’pchilikni tashkil etadi. Ularning har biri o’z mavzesiga ega. Xitoyliklar diasporasi – Chinatown deb nomlanadi, butun dunyoda shunday bo’lsa kerak. Chinatownda hindlarning ibodatxonasi (!), rang-barang uylar, har xil o’tlar, suvenirlar do’konlari mavjud. Ko’chalari an’anaviy qizil xitoy fonarlari bilan bezatilgan. Kuala Lumpurdagi Chinatowndan farqli ravishda, bu yerda arzon xitoy kiyimlari bilan to’ldirib tashlashmapti.

Hind ibodatxonasi
Hind ibodatxonasi
Hind ibodatxonasi shifti
Hind ibodatxonasi shifti
Red dot muzeyi
Red dot muzeyi
Chinatown ko'chasida do'konlar va kafelar
Chinatown ko’chasida do’konlar va kafelar
Suvenir do'konlar
Suvenir do’konlar

Arab mahallasi va Sulton masjidi

Aeroportda 1 soat ushlanib qolganim ta’sirini o’tkazib, “Kichik India” mavzesiga borishga ulgurmadim. Soat 12-ga yaqin, tamaddi qilib olish va jumaga kirish uchun arab mahallasiga bordim. Arab mahallasida ortiqcha dabdaba yo’q, pastqam uylar va kichik kafelar mavjud. Kafelarda pokistonlik va tamil (indo-muslim) ofitsiantlar xizmat ko’rsatishadi.
Mahallaning o’rtasida 1824-yilda qurilgan Sulton masjidi ko’rk sochib turadi.

Sulton masjid (Sultan Mosque)
Sulton masjid (Sultan Mosque)

Masjid ham turistik obyektlardan biri, shuning uchun masjid atrofida tomosha qilish vaqtini kutib o’tirgan sayyohlar talaygina. Xonaqohi baland, ikki chetida ikkinchi qavati bor. Masjidda konditsioner yo’q, katta ventilyatorlar bilan xonaqohni va xonalarni sovutishadi, ichida doimiy shamol aylanadi.
Imom malay tilida ma’ruza qiladi, shofeiy mazhabida namoz o’qishadi.
Masjiddan chiqib, kechki reysda uxlolmaganim uchun yumilib ketayotgan ko’zlar bilan kvartirani topib keldim. 3 soatlik uyqudan so’ng tetiklashib, sayrni Merlion parkiga borish bilan davom ettirdim…