Aeroport-hoji (davomi)

O’tiribmiz, poylaab. Ofitser 2 soatdan beri kutinglar deydi…

Til bilish har doim asqotadi. Guruh rahbari ofitserning «hozir hech narsa qilolmayman, kutinglar» degan gapini «hal bo’pqoladi deyapti, kutinglar» dib tarjima qilgan bo’lsa, arabcha so’zlasha oladigan amaki muammoni tushuntirib berdilar.

Ma’lum bo’lishicha, turfirma vaqtdan yutish uchun vizani Saudiya Arabistonining Astana va Jakartadagi konsulxonasi orqali tayyorlagan. Astana orqali olingan vizaning turi esa turistik viza bo’lgan ekan. Saudiya yangicha turistik vizalarni 27-sentyabrdan boshlab yo’lga qo’ydi. Ushbu yangilikdan Markaziy Osiyoning faqat Qozog’iston fuqarolari foydalanishlari mumkin. Shu yerda bir necha savol tug’iladi:

  • O’zbekiston fuqarolariga Qozog’istondagi konsullik nima uchun turistik viza berdi?
  • Qaysi duh bilan turfirma turistik viza bilan odamlarni chegaradan o’tqizmoqchi bo’ldi?
  • Bizdan avvalgi guruh qanday qilib turistik viza bilan o’tib ketipti?

Kutilganidek, vaziyat foydamizga hal bo’lmadi, 4 soatdan so’ng tonggi reys bilan Istanbulga uchadigan bo’ldik. Ertalabgacha kutar ekanmiz, bizku, Hojiahmad okamizning «Toshkent hoji» postlarini eslab, biz uzoqroqqa bordik, «aeroport hoji» bo’ldik deb kulishib o’tiribmiz. Yoshi kattalarga achindim. Ba’zilarning qarindoshlari dabdabali kuzatib qo’yishgan, vodiylik qariyalar ketish oldidan qo’y so’yib dasturxon yozishgan ekan.

Odamlarning kayfiyatini tushunaman, ammo ularning o’lchovlarini tushuna olmayman:
– Endi qudamga nima diyman?
– Choyxonada ustimdan kuladigan bo’lishdi…
– Voy endi nima qilamiz? Hudo bizni uyiga kirg’izmagan bo’lib chiqdimi?! (Hudaybiya voqeasida payg’ambarimiz Rosululloh S.A.V. va sahobalar bunday deyishmagan edi)

Haj-Umraga borish status emas, borgan odam obro’ orttirmasligi, unga nisbatan munosabat o’zgarmasligi va albatta hojining o’zi ham kibrga qarab ketmasligi kerak. O’zbekcha buzuq o’lchovlarni to’g’rilashimiz zarur.

Men kabi kirishga ruxsati bo’lib turib, ayoli qolib ketganlar 5-6 ta edi. Men va yana bir amaki, nasib qilsa, Umrani keyinga qoldirdik, qolganlar mehmonxonaga ketishdi. Rasmiyatchiligiga ko’ra biz tashqariga chiqib, pasportga chiqish muhrini urib, qaytib kirishimiz kerak. Biror vaqt amaki bilan aeroportning ichi-tashqarisini aylandik.

Chegarachilarning odati qiziq. Inglizcha muomala qilgan odamga darhol ishonib, 1 kechalik Umra qanday bo’lishi mumkinligi haqida o’ylab ham o’tirmadi, chiqish muhrini urib berdi. Amakini esa noqonuniy ishlayotganligida shubhalanib, hujjat tekshirishga ushlab qolishdi.

Shunday qilib, Turkish Airlines’da Istanbulga uchdik. Turfirma direktori ham Toshkentdan Istanbulga keldi. Direktorning bosiqligi va tajribasiga qoyil qolish kerak. «Pojarni» o’chirish uchun o’zi bilan pachka ovolgan ekan, pulimizni qaytaring deb to’polon ko’targanlarga joyida to’ladi. Vizani Toshkentdagi konsullikdan olish uchun dokument topshirganini bildirdi. Kamchilikni to’g’rilash va rozi qilish uchun muhlat so’rab, viza hal bo’lishi bilan soatli 5 yulduzli mehmonxonani gaplashib berishni va’da qildi.

Istanbulning yangi aeroporti katta va qulay. Internet provayderi Turk telekom esa xasis. Wifi pasport bo’yicha 1 soatga beriladi, o’zbek nomeriga wifi yoqtirishning imkoni yo’q. Turk taomlari, tili, muomala-madaniyati o’zbeklarga yaqin. Nasib qilsa, Istanbulga ekskursiyaga kelaman.

* * *

Toshkentga qaytgach 10 kuncha viza chiqishini kutdik. Chiqarvermagach, pulni to’liq qaytarib olib, Bangkokga ishga qaytdik.

Aeroport-hoji voqeasi shu edi.
Baribir ta’tilni Toshkentda o’tkazish nasib etgan ekan. O’zimda achinish hissi yo’q, buning ham hikmati bordir. Zero, Yaratganning rejalari bizning rejalarimizdan yaxshiroq.

Omon bo’ling!