«Tayland – arzon mamlakat!»
Bangkok’ga kelgan amerikalik yoki yevropalik sayyoh haqiqatdan ham shu gapni aytadi. Bu yerda $1-$2 dollarga har xil ovqat topish mumkin, turar joy narxi esa oyiga $100 dan boshlanadi.
Turar joy ijarasi
Yashash joyi bir necha kategoriyaga boʻlinadi:
- Umumiy xona. Bir xonada 6-8 tagacha krovat boʻladi, koʻpincha 1-2 kechaga keladigan bekpeker (backpacker) sayyohlar turib ketishadi.
- Shaxsiy xona. Bizdagi kvartirantʼga oʻxshash. Ijara oluvchining shaxsiy xonasi boʻladi, hammom, oshxona va mehmonxonadan umumiy foydalaniladi.
- Studiya. Bir xonadan va hammomdan iborat joy. Mehmonxonalarning xonasiga oʻxshaydi.
- Kondo. Yotoqxona, oshxona va mehmonxonaga ega kvartira.
Town-house. 2-3 etajli va hovlisi boʻlgan kichkina uy.
Ijara narxlari joyning metroga yaqin yerga joylashganiga; shahar markazida joylashganiga; oshxonasi va konditsioneri borligiga; yotoqxonalar soniga; binoda basseyn, trenajer zali, parkovkasi mavjudligiga qarab, 3000 batdan ($100) boshlanib, 100 000 gacha boradi.
Men hozir yashab turgan joy «The President 3» binosida basseyn, trenajer zali, holl, kutubxona va kinozal bor (barchasi bepul), ijara narxi kommunal to’lovlari bilan birga 15 000 batga ($1 = 31 bat) yaqin bo’ladi. Joy shahar chetida, yerusti metro stansiyasining (BTS) ohirgi bekati yaqinida joylashgani uchun narxi boshqa huddi shunday sharoitdagi binolardan pastroq.
Ijarachilar uzoq muddatli haridorlarni ma’qul ko’rishadi, shuning uchun yillik shartnoma tuzish orqali ijaraga olganda narxni bir yarim baravargacha tushirishadi. Sug’urta sifatida ohirgi 2 oyning to’lovini depozit qilib oldindan olishadi, mijoz shartnomani buzib, belgilangan davr ohirigacha qolmasa 2 oylik to’lovi kuyadi.
Qisqa muddatli ijaralar uchun Airbnb eng maqbul tanlov.
Airbnb tajribasi haqida.
Transport
Bangkok aholisi 8 milliondan oshadigan katta megapolis, shu sababli katta tirbandliklar, odamlarning ko’pligi, tig’iz vaqtlarda metroga chiqish uchun navbatlarning yuzaga kelishi tabiiy hol. Shahar markazida va markaz yaqinida turadigan odam uchun mashina olish ortiqcha bo’lsa kerak: tez yurib bo’lmaydi parkovkaga ko’p vaqt ketadi.
Konditsionersiz avtobuslar (hamma oynasi ochiq bo’ladi) narxi – 8 batdan 20 batgacha (avtobus turiga va marshrutga bog’liq). Alohida yo’lkaga ega tezyurar avtobuslar – BRT 15-18 bat. Yerusti metrosi – BTS tarifi 15 dan 59 batgacha. Yerosti metrosi – MRT 16-42 bat. Aeroportga olib boruvchi temir yo’l narxi 45 batgacha.
Jamoat transportlaridagi tartib hayron qoldirdi. Qayerda odam to’planadigan bo’lsa darhol bir chiziqda navbatda turishni boshlashadi. Hech kim «ohiri kimakan» yoki «shoshvotudim» deb tartibni buzmas ekan 🙂
Taksilar arzon va ularda taksometr o’rnatilgan. Taksiga o’tirish bilan 35 bat yoziladi va har kilometrga 5 batdan qo’shib boriladi. Muhimi taksometr yoqilganiga ishonch hosil qilish kerak 😉
Uch g’ildirakli tuk-tuk taksilar bilan esa narxi kelishiladi, odatda sayyohlarni ko’rgan tuktukchilar narxni otishadi, lekin savdolashib narxini 2-3 baravargacha tushirish mumkin.
Maslahat: Taksining narxini bilish uchun Grab dasturida turgan joyingiz va boradigan manzilingizni belgilang (lekin buyurtma bermang), dastur tahminiy narxni ko’rsatib beradi. Taksometr-taksiga chiqadigan bo’lsangiz, tahminiy narxdan arzonroqqa ham borasiz.
Motobayk taksilar qisqa masofaga hamda ko’chalarning ichiga kirib borishga qulay vosita hisoblanadi. Katta ko’chalarda va magistrallarda motobaykda yurish qo’rqinchli. Bu yerda ham tuk-tuk taksilar singari narxi avvaldan kelishiladi.
Motobayk va tuk-tuk taksilar yo’l qoidalariga ko’p ham rioya qilishmaydi: qizilda o’tishadi, qarama-qarshi yo’lga chiqib ketishadi, polosadan polosaga sakrashadi va piyodalar yo’lakchasini ham begona qilishmaydi. Ular ishtirokidagi yo’l transport hodisalari Bangkokdagi umumiy YTHlarning 70% dan ortig’iga to’g’ri keladi, shu sababli Bangkok eng ko’p yo’l transport hodisasi sodir bo’ladigan shaharlardan biri va YTHning o’lim bilan tugash darajasi yuqori.
Oziq-ovqat mahsulotlari
Uyda ovqat tayyorlash uchun albatta oshxonasi va elektr-pechkasi bor kondoda yashash kerak. Kundalik mahsulotlarni har 500 metrda uchraydigan kichik do’konlar – 7/11 va FamilyMartdan olish mumkin. Go’sht esa kattaroq do’konlarda va supermarketlarda sotiladi. Ro’zg’or qilish uchun esa Makro gipertmartlar tarmog’i ma’qul. Makroda deyarli barcha oziq-ovqat mahsulotlari kichik do’konlardagiga nisbatan arzon narxlarda sotiladi.
Taylandda mevalar arzon. Ananas va kichik tarvuz – 20 bat (5 000 so’m), 4-5 boshli banan – 30 bat, mahalliy yashil mango kilosi 50 bat. Koreya, Avstraliya, Yangi Zelandiya va qoʻshni davlatlardan ham meva import qilinadi.
Ovqatlari achchiq, lekin oshpaz-sotuvchiga «No spicy» deb hech boʻlmaganda achchiq qaylasini qoʻshtirmaslik mumkin. Koʻchada tanavvul qilishda ehtiyot boʻlish kerak, ular choʻchqani ham aralash ishlataverishadi.
Restoranlarda ovqat narxi koʻchadagidan kamida ikki baravar qimmat boʻladi. Masalan, yevropacha (western) restoranlarda steyk 1000 batdan ham oshadi.
Shopping
Bangkokda har qanday diddagi va har qanday narhdagi kiyim topish mumkin. Arzon futbolkalar 100 bat (2-3 oy kiyib yursa bo’ladi), shortiklar 50 batdan boshlanadi. Ular asosan Xitoy va Malayziyadan keladi, yapon mahsulotlari ham bor. Brend kiyimlar esa boshqa mamlakatlardagi narxlardan 20-30% qimmatroq.
Texnika esa qimmat, masalan Macbook Pro 13 2017 55000 bat, Lenovo Ideapad 720S 33000 bat narxlangan. 6% VAT (soliq) ham qo’shilishini hisobga olsak, narx yanada qimmatlashib ketadi (Sayyohlar to’langan soliqni aeroportda qaytarib olishlari mumkin – sayyohlarga soliq solinmaydi).
Hozircha shular. Vaqt o’tishi bilan maqolani to’ldirib boraman…