Frilanserga yakka tartibdagi tadbirkor bo’lishning nima keragi bor?
E’tirozga o’xshab ketadigan bu savol o’rinli va deyarli har bir frilanser faoliyati davomida bu savolni o’ziga o’zi berib ko’rgan bo’lsa kerak.
- Frilanser ishga bormaydi; uyda, kafeda yoki kovorking-ofisda o’tirib ishlaydi. Frilanserning mijozlari ko’pincha chet davlatlaridan bo’lishadi. U nimaga tadbirkor bo’lib ro’yhatdan o’tsin?
- Tadbirkor bo’lgach, xorijdan pul o’tkazmalarini qanday qilib qabul qiladi?
- Tekshiruvlar nima bo’ladi? Tekshirib bezovta qilaverishadimi?
Dastlab men ham YTT bo’lishdan nima ma’no bor deb o’ylagan edim. 2014-yilda ish joyimdan xayrlashgach, bir muddat uyda o’tirib ishladim. Yangi uylangan emasmanmi, uyda ishlashda diqqatni jamlash va kod yozishga motivatsiyani ushlab turish qiyin bo’ldi. Keyinroq TCHK kovorking markazida ishni davom ettirdim.
Hayot go’zal, hammasi yaxshi ketayotgandi. Lekin 2 oydan keyin TCHKni «nalogoviy» bosdi. Nazorat haridi vaqtida administrator – yoshi katta ayol kassa chekini bermagan. Haridor-soliqchi ayni tekshiruv uchun imkoniyatni poylab turgan emasmi, lashkari bilan bostirib kirib hammani so’roqqa tutib chiqishdi. Biz «yuqori tezlikdagi internetdan foydalanish uchun kelgandik» deb tushuntirish xati yozib chiqib ketdik. Kovorking egalari uchun tekshiruv juda og’ir bo’ldi, katta jarima to’lashdi, keyinchalik TCHKni kovorking sifatida yopib qo’yaqolishdi.
Shunday qilib yuqorida berilgan birinchi savolning javobini topdik:
Tinch ishlash uchun baribir qonuniy tarzda, yakka tartibdagi tadbirkor bo’lib ro’yhatdan o’tish kerak.
Yakka tartibdagi tadbirkor sifatida hokimyatda ro’yhatdan o’tish (patent olish), bankda hisob ochish va tuman soliq inspeksiyasida ro’yhatdan o’tish 2-3 kun vaqt oladi. Frilanser-dasturchilar YTT uchun ruxsat berilgan faoliyat turlari ro’yhatida – «Faoliyatning boshqa turlari» kategoriyasida bo’lib, ular Toshkent shahridagi faoliyati uchun oyiga eng kam ish haqining (EKIH) 2 baravari miqdorida qat’iy soliq va 1 baravari miqdorida pensiya fondi to’lashlari kerak.
Tan olish kerak, yaxshi ishlab turgan frilanser uchun 3 ta minimalka to’lov kichik summa.
Faoliyat uchun ijaraga ofis olish yoki uy manzilini ko’rsatish mumkin. Manzil patentga yoziladi, shu sababli hokimyatga borishdan oldin ijara masalasini hal qilish kerak bo’ladi. Ijaraga qo’yuvchi hokimyatga kafolat xati yozib beradi.
Frilanser uchun YTTning ikkinchi muammosi
Xo’sh, ro’yhatdan o’tdingiz, endi xorijdagi yoki Upworkdagi mijozlar bilan shartnoma tuzish, unda O’zbekistonda ochilgan valyuta hisob raqamini ko’rsatish kerak bo’ladi. Mening tajribalarim 2015-yilda, banklar tadbirkorlarga naqd dollar tugul so’mni ham berishga qiynalib yurgan vaqtda bo’lgandi. Hozir albatta ko’p narsalar o’zgardi. Shunday bo’lsada, «sarguzashtlar» bilan baham ko’rmaslik adolatsizlik bo’lardi 😉
Demak, menda xorijlik to’g’ridan to’g’ri aloqaga chiqadigan va Upwork frilans-birjasi orqali ishlaydigan hamkorlar bor edi. Dastlabki turdagilar bilan shartnoma qilish mumkin edi, ammo bank pechati bo’lmagan shartnomalarni qabul qilmagan. Shartnomaga pechat qo’yish asosan MDH davlatlarida keng tarqalgan. AQSH yoki G’arbiy Yevropada bunday amaliyot kam uchraydi. Shunday ekan, qanday qilib men hamkordan yo’q pechatini qo’yib berishni so’rayman? Tupik.
Upwork bilan esa vaziyat yanada chigalroq. Upwork frilanserlar bilan shartnoma tuzmaydi, foydalanuvchi shartlari asosida birjadan foydalanishni tartibga soladi. https://www.upwork.com/legal#useragreement Foydalanuvchi shartlarida taraflarning nomlari ko’rsatilmagan bo’ladi (ha albatta, pechat ham yo’q). Tabiiyki, bu ham bank uchun shartnoma o’rnida o’tmaydi.
2015-yilda konvertatsiya ochilmagani bois, valyutani hisob raqamiga qabul qilish uchun shartnoma qilgan taqdirda ham boshqa noqulay shartlar bor edi:
- Valyutaning 50% qismini bankga sotish majburiy. Davlat kursida, ko’cha kursidan 2 barobar arzonga! 😀
- Valyutani O’zbekiston hududida ishlata olmaysiz. Qachondir chet el safariga chiqadigan bo’lsangiz, kartangizga tushirib berishadi. Yana bir yo’li? Albatta bankga sotish. Bu safar ixtiyoriy-majburiy holda 😀
- YTT birjaga chiqa olmaydi, shuning uchun valyutani birjada sotishning imkoni yo’q edi.
- Valyutani ham, konvertatsiya qilingan so’mni ham naqdlashtirishning iloji yo’q.
Hozirgi kunda bank bilan bog’liq vaziyat ancha yengillashgan. YTT subyekti valyutani davlatga sotishga majbur emas. Yangiliklarda o’qiganim bo’yicha, u valyutani naqdlashtirishi ham mumkin ekan. Shartnoma masalasini o’zingiz amallang endi.
YTT bo’lishni istamayotganlar uchun yana bir yog’liqqina kontr-argument beraman:
Mirzo Ulug’bek innovatsion markazi rezidenti bo’lib umuman soliq va pensiya fondi to’lamasligingiz mumkin. Bunda oylik daromadingizning 1% ni innovatsion markazga o’tkazasiz.
2016-yilda hukumat YTT subyektlari uchun 2tagacha (ba’zi yo’nalishlar uchun 3ta) yollanma ishchi olish huquqini berdi. Ular uchun YTT to’layotgan soliqning 3 dan biri va pensiya fondining yarmi qo’shimcha to’lanadi.
Tekshiruvlarchi?
YTT bo’lib 2 yilga yaqin faoliyat olib borgan bo’lsam, to’lovlarni o’z vaqtida to’lab bordim. Shu sababli bo’lsa kerak, hech kim tekshirishga kelgani yo’q. Soliqchilar naqd pul aylanadigan joylarni ko’proq tekshirishadi. Frilanserlarga esa e’tibor ham berishmaydi.
P.s. 2017-yilda YTTni firmaga o’zgartirgach (O, firma ishi – katta sarguzasht!), Payoneer virtual hisob raqamidan firmaning hisob raqamiga pul yuborishga harakat qilib ko’rdim. Bank hodimlarning konservatorligi (qo’rqoqligi deb o’qing) sababli bunisi ham o’xshamadi. 2-3 marta bankga qatnab, qoniqarli javob ololmagach, harakatni to’xtatdim.
P.s.s. Ha, aytganday. O’sha vaqtlarda pulni naqdlashtirish uchun Payoneer kartani Turkiya yoki Dubayga qatnaydigan savdogar tanishlarga berib yuborarishga majbur edim. Ular kartadagi pulga tovar harid qilishardi. Menga pul kerak bo’lganda foizsiz naqdlashtirib berishardi, baraka topishsin.
Xullas, o’rtacha hisobda, mart oyida ishlab topgan pulim may ohiri yoki iyunda qo’limga tegardi. La’nati!