Yo’qolgan futbol jamoasi

Bu Taylandning shimoliy chegarasi yaqinidagi, Don Nang (afsonaga ko’ra nomi «Uxlayotgan ayol») tog’i etagida joylashgan Tam Luang g’ori, aniqrog’i g’or tizmasi. Uning yuzasi bir necha kilometrga cho’zilgan. Ichida qadimgi budda ibodatxonasi ham bor va g’or Taylanddagi juda ko’p turistik maskanlardan biri hisoblanadi.

O’tgan haftadan boshlab Tayland ommaviy axborot vositalari, umuman taylandliklarning e’tibori mana shu g’orga qaratilgan bo’lsa kerak. 22-iyunda futbol jamoasi a’zolari bo’lgan 12 o’smir va ularning 25 yoshli murabbiyi kechga yaqin g’orga kirib bedarak yo’qolishgan.

Aslida ularning g’orga kirib ketganini hech kim ko’rmagan ham. Turistik mavsum noyabr oylarida boshlanishi bois, g’ordan 500 metr uzoqlikda joylashgan sayyohlarga xizmat ko’rsatish markazida ham hech kim bo’lmagan. G’orga kiraverishda bolalarning velosipedlari, papkalari turgani uchun katta ehtimol bilan g’orga kirib ketishgan deb tahmin qilinyapti.

«G’orga kirib aylanib qidirib chiqishsa bo’ldiku» deyish mumkin. To’g’ri, bolalarni qidirish g’oyib bo’lgan Malayziya samolyotini qidirishdan ancha oson ko’rinadi. Muammo shundaki, Taylandda hozir yomg’irlar mavsumi davom etyapti va qidirishning dastlabki kunlarida yog’gan kuchli jala va vaqti-vaqti bilan yog’ayotgan yomg’irlar g’orning, umid qilamizki, oldi qismini suv bilan to’ldirib qo’ymoqda, qutqaruvchilarning ichkarigacha kirib borishiga yo’l qo’ymayapti. G’orning ba’zi qismlarida suv sathi 5 metrgacha ko’tarilgan.

https://twitter.com/beegeejay63/status/1011332829240856576

Agar bolalar tarki-dunyolik uchun oziq-ovqat g’amlab ichkariga kirib ketishmagan bo’lsa, vaqt o’tgani sayin ularning hayoti tobora xavf ostida qolyapti. Shu sababli o’zi bir ish chiqarolmagan taylandlik qutqaruvchilarga Buyuk britaniyadan va AQShdan qutqaruvchi guruhlari yordamga qo’shilishgan. Afsuski XXI asrning yuksak texnologiyalari – suvosti robotlari, dronlar, AQSHliklarning suvosti qutqarish ishlarida foydalanadigan ultratovush sensorlari, tana issiqligini uzoqdan his qiluvchi sensorlar ham hozircha yordam berishga ojiz (Eslatib o’taman, g’or ichi kilometrlarga cho’zilgan).

Umid qilaman, bolalar sog’ omon topilishadi, oilalari bag’riga qaytishadi.

«Sayohatchi» futbolchilarning yo’qolishi antiqa baxtsiz hodisa ko’ringani bilan, junglida odam yo’qolgani haqidagi xabarlar tez-tez chiqib turadi. Ko’pincha, balki ingliz tilida ish yurituvchi nashrlar xorijliklar haqida ko’proq yozgani uchun bo’lsa kerak, yo’qolgan odamlar sayyohlar bo’lishadi. Kamdan-kam holda ular topilgani haqidagi xabarni o’qiymiz.

Taylandning yovvoyi tabiati odamni mahliyo qiladi. Sayyohlar odam oyog’i yetmagan joylarga borishni, tabiiy go’zallikdan bahramand bo’lishni xush ko’rishadi. Ammo yovvoyi tabiat o’z nomi bilan yovvoyi. Yirtqichlar, tinchlikni xush ko’ruvchi ulkan pitonlar ularni bezovta qilishlarini ko’p ham xohlashmaydi.

Xullas, ehtiyot bo’lib yurish kerak, ayniqsa kanalizatsiyasidan yoki avtomobillari kapoti ichidan chiqib keladigan bo’g’ma ilonlari bor mamlakatda.

Tayland chiroyli, Taylandning tabiati go’zal. Lekin ba’zi go’zalliklarni fotograflarga havola qilib, odam hukmronlik qiladigan joylarda dam olgan ma’qul.

 

UPD:
02.07.2018. Bolalar g’orning ichidan topilishdi.
10.07.2018. Barcha bolalar va murabbiy chiqarib olindi.