Krabiga sayohat. 1-kun

Ko Lan‘ga qilingan sahoyatdan so’ng, navbatdagi urinish Krabi shahridagi Ao Nang plyajiga borish bo’ldi.

Krabi nimasi bilan qulay?

Birinchidan musulmonlar ko’p, demakki halol ovqat topish muammo bo’lmaydi. Ao Nang oilaviy borish uchun mo’ljallangan, tinch joy, tungi klublari yo’q (kimgadir plyus, kimgadir minus).

Ao Nang plyajidan (Noppharat pier) turli xil ekskursiyalarga yo’l olish mumkin, masalan tiniq suvli baunti-orollarga borish, eshkak yeshib daryoda sayohat qilish yoki cho’qqiga chiqish (climbing) – barchasining imkoni bor.

Shuningdek, Ao Nang’da juda ko’p mehmonxonalar qad rostlagan. Bu yerda istalgan narxda mehmonxona topsa bo’ladi.

Sayohatni rejalashtirish

1. Chipta. Krabi shahrida kichkina aeroport bor, bu yerga Bangkokning Don-Muang aeroportidan AirAsia reyslari muntazam qatnaydi. Chiptani chegirmalar bo’layotgan vaqtda sotib oldik, 3 odam uchun borish-qaytish chiptasi $81 bo’ldi.

2. Mehmonxonani booking.com yoki agoda.com dan topsa bo’ladi. Agoda.com’da mehmonxonaning qurilgan yili haqida ma’lumot bor. Tropik o’lkalarning mehmonxonalarida 8-10 yildan keyin dimiqqan noxush hid keladigan bo’lib qoladi (tajribadan o’tgan), shuning uchun qurilganiga 3-4 yildan ortiq bo’lmagan mehmonxonada turgan ma’qul. Va albatta, mehmonxona tanlashda uning joyiga, reytingiga, foydalanuvchilarning baholariga e’tibor qaratish kerak. Biz «8icon» mehmonxonasini tanladik (va afsuslanmadik). Agoda.com da «8icon» deb qidirsangiz, topiladi. Turistik mavsum bo’lmagan davrda borganimiz uchun mehmonxona nomerining narxi $30 atrofida edi. Hozir uning narxi $70-$140 atrofida (kuniga qarab).

3. Ekskursiya band qilish. Ikki kunga 2 mashhur ekskursiyalarni tanladik: «4 islands» va «Phi Phi islands». Ular haqida ham batafsil maqola qilaman nasib qilsa. Ekskursiyalarni Klook dasturi yordamida topish va band qilish mumkin. Klook’da narxlar nisbatan arzonroq.

1-kun

1 soatdan ortiq davom etgan parvozdan so’ng, Krabiga keldik. Aeroportda hech kim hech narsa tekshirmaydi. Chemodan olmagan bo’lsangiz, samolyotdan tushib to’g’ri – aeroport eshigidan chiqib ketaverasiz.

Aeroport yaqinida taksilar turadi. Ularda taksometr bor, lekin aeroport hududida turgani uchun bo’lsa kerak, qo’shimcha 150 bat oladi. Umumiy hisobda aeroportdan 8icon mehmonxonasiga borish 420 bat bo’ldi.

Krabi ajoyib! Tikka qoyalar orasidagi shahar! «Serious Sam 2» o’yini uchun Krabi tanlab olinmaganmidi mabodo? 😀

Mehmonxonaning yangiligi bilinib turipti. Odam kam:

Basseyniga umuma tushmadik, vaqt bo’lmadi:

Arg’imchoq va arqonli krovatlar bor:

Hovlida katta-kichik velosipedlar turadi. Hech kim indamaganiga qaraganda, ulardan foydalanish bepul. 😀

Mehmonxonaning yana bir katta ustunlik tarafi bor. Uning yaqinida tungi bozor joylashgan! Nomer tanlayotganda bozor yonidagi xonalarni bermasliklarini talab qiling, aks holda kechasi shovqindan uxlay olmaysiz. 😉

Ao Nang night market

Bozor so’zidan ko’ra «street food» (ko’cha ovqati) nomi ko’proq mos kelsa kerak, bozorda asosan ochiq tamaddixonalar joylashgan. Aksariyatida halol ovqatlar qilishadi.

Mehmon bo’ling:

Qo’lbola muzqaymoq tayyorlash:

https://www.instagram.com/p/BnxuxIzB6CW/?utm_source=ig_web_button_share_sheet

Birinchi kun shu tariqa tugadi.