Rasmda – bankomat oldida turgan xaloyiq. Odamlarning ust-boshini aytmasa, tanish manzara.
Tayland hukumati yangi yil oldidan yordam sifatida ro’yhatdagi kam ta’minlangan odamlarning kartalariga 500 bat ($16) tushirib berdi. Shu sababli odamlar kartadagi mablag’ni tekshirish va pul yechib olish uchun Krung Thai bankining bankomatlari oldida uzun navbat hosil qilishgan. Boshqa banklarning bankomatlarida ham bemalol pul yechsa bo’ladi, lekin bunda 220 bat komissiya to’lashga to’g’ri keladi. Kambag’alga o’sha 220 bat ham kerakli pul.
500 batlik sovg’a ulashish uchun soliq to’lovchilarning 7.25 milliard bat puli ketgan. Demak davlatning kambag’allar ro’yhatida 14.5 million odam bor, 70 millionga yaqin fuqarosi bor mamlakatning 20.7% aholisi nochor holatda yashaydi degani bu. Ammo rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, Taylandning nochor aholisi 10% ni tashkil etadi.
Kambag’allik chizig’i Jahon bankiga ko’ra kunlik daromad $1.90 bo’lsa, Tayland ichidagi kambag’allikning «qizil chizig’i» kuniga 52 bat hisoblanadi. Kunlik daromadi 52 batdan kam bo’lganlar nochor hisoblanishadi. Ulardan soliq olinmaydi, daromadlaridan soliq to’lamaydilar. Shu sababli bo’lsa kerak, ko’chada ovqat pishirib sotadiganlarga yoki mayda savdogarlarga «san-epidem» ham, «nalogoviklar» ham indashmaydi.
Jahon bankining nochorlik indeksi bo’yicha, O’zbekistonda oyiga 473 000 so’mdan ($1.90 * 30 kun * 8300) kam topadiganlar kam ta’minlanganlarga kiradi. Xo’sh, Wikipedia’ning aytishicha, O’zbekistonda nochorlik indeksi 2013-yilgi ma’lumotga ko’ra 14% ekan. Konvertatsiya ochilgach va inflyatsiyadan keyin indeksimiz 30% ga yaqinlashib qolgan bo’lishi kerak. O’rtacha oylik hali ham $500 mi yoki yo’qmi, aniqlashtirishning hozir imkoni yo’q.