Rus tiliga rasmiy maqom berish haqida

Rus tiliga rasmiy maqom berish

Rus tiliga rasmiy maqom berish, umuman boshqa tilga rasmiy maqom tirkash aslida yomonmas. Masalan Singapurning dastlabki bosh vaziri maktablarda ingliz tilini asosiy til sifatida qo’llashni boshlagan. O’shanda ham Singapur aholisining asosiy qismi – kelib chiqishi xitoylik bo’lgan xalq va media uni davlatga xiyonatda, o’tganlarni unutishga majburlayotgani haqida bong urgan.

Hozirgi holatda rus tiliga rasmiy maqomni berishga chaqirish – rus imperialistik targ’ibotining bir ko’rinishi xolos. Ammo bir narsani tan olishga majburman, o’zbek tili O’zbekistondan tashqarida hech kimga kerakmas. O’zbek tilida ilmiy maqolalar, ilmiy kitoblar juda kam. O’z kasbida professional darajaga chiqish uchun albatta chet tilini bilish kerak bo’ladi. Shunday ekan, agar rasmiy til berishdan maqsad aholining til bilish darajasini oshirish bo’lsa, u holda ikkinchi til sifatida ingliz tilini rivojlantirish kerak bo’ladi. Ingliz tili sobiq sovet ittifoqi davlatlaridan tashqari boshqa mamlakatlarda ikkinchi til sifatida qabul qilinadi.

P.s. Vesti.uz ning keyingi yangiligi ularning yuzini ko’rsatib beripti: https://vesti.uz/v-ssha-pozhaleli-fanatikov-iz-srednej-azii/
Xullas, jiddiy e’tiborga arzimaydigan propaganda sayt.

Qiziq paradoks: adashmayotgan bo’lsam ular kirill alifbosini qaytarish haqida ham ko’tarib chiqishgandi. Oqibatda lotin alifbosini takomillashtirish jarayoni boshlangan. Huddi shu tarzda, rus tiliga rasmiy maqom berish petitsiyasiga qarshi – hukumat hujjatlarida va qonun loyihalarida o’zbek tilidan foydalanishni majburiy qilib qo’yish amaliyoti qo’llansa bundan faqat xursand bo’lamiz.