Qo’ldan ketgan shahar

al aqso

…Hazrati Umar Abu Ubaydadan maktub oldi. Maktubda Hazrati Umar shaharga taklif etilgan edi. Shahar ahli taslim bo’lganini va shahar kalitlarini Amirul mo’minunga topshirmoqchi ekanini, shartnomaga shaxsan o‘zi imzo chekishini xohlayotgan edi. Hazrati Umar bu taklifni qabul qilib, Madinani Hazrati Alining qo‘liga topshirdi…

...Hazrati Umar shaharga kirib, masjidga yetganida kechasi edi. Bu ajoyib voqea bo‘ldi. Sababi Rasuli akram sollallohu alayhi va sallam ham o‘n olti yarim yil avval bu muborak masjidga yarim tunda tashrif buyurgan edilar. Endi Hazrati Umar — Rasulullohning suygan izdoshi bu yurtda Islom ahkomlarini qaror toptirish arafasida. U zot darrov namoz o‘qib oldi. Bomdod vaqti kirgach, azon aytildi va odil xalifa imomligida namoz o‘qildi…

(c) Ahmad Lutfiy Qozonchi – Hazrati Umar ibn Hattob.

Parchada keltirilgan shahar – Quddus edi. Hazrati Umar (r.a.) davrlarida Quddus qon to’kilmasdan fath etiladi. Shahar ahli – nasroniylar bilan shartnoma tuziladi va ularga bir qancha imtiyozlar taqdim etiladi.

XX asrgacha musulmonlar qo’lida bo’lgan Quddus, birinchi jahon urushidan so’ng Britaniya armiyasi qo’liga o’tadi. 1948-49 yili davom etgan arab-isroil urushidan so’ng, Isroil shaharning g’arbiy qismini bosib oladi va o’z poytaxti deb e’lon qiladi. 1967-yildagi 6 kunlik urushdan so’ng, shahar to’lig’icha Isroil qo’liga o’tadi.

Quddus musulmonlar uchun shunisi bilan ahamiyatliki, payg’ambarimiz Muhammad (S.A.V.) isro kechasida Makkadan Quddusga kelib, Al-Aqso masjidida boshqa payg’ambarlarga imomlik qilib namoz o’qiganlar. Bir muddat qibla Quddus tarafda ham bo’lgan.

Hozirgi kunda Quddus Isroil hukumati nazorati ostida. Afsuski, Al-Aqso masjidida ibodat qilish uchun faqat yoshi 50 dan oshgan erkaklargagina ruxsat beriladi. BMT Isroilning sharqiy Quddusni noqonuniy egallab olgani haqidagi rezolyutsiyasiga qaramay, Donald Trampning AQSh elchixonasini Quddusga ko’chirish haqidagi bayonoti ko’pgina noroziliklarni keltirib chiqardi. Xalqaro maydonda elchixonani ko’chirish bilan, AQSh Isroilning Quddus poytaxti ekanini qo’llab quvvatlashini bildirdi (Ha, BMTga tupurib qo’yganlar ham bor).