VPNni taqiqlash haqidagi qonun loyihasiga munosabat

https://regulation.gov.uz/ru/document/231

AKT Vazirligi-Ministry of ICT-Мининфоком tashabbusi bilan ba’zi qonun hujjatlariga o’zgartirish kiritish bo’yicha qonun loyihasi ishlab chiqilipti. Undagi e’tiborga molik jihat – tarmoqqa noqonuniy kirganlik uchun jazo choralarini tayinlash ko’zda tutilgan. Oddiy til bilan aytganda, VPN yoki proksi ishlatib, O’zbekistonda ochilmaydigan saytlarga kirishni taqiqlashmoqchi.

MSDN – Microsoft Developer Network sayti bor – msdn.com
Dasturchilar uchun axborot manbalaridan biri bo’lgan sayt uzoq yillardan beri noma’lum sabablarga ko’ra O’zbekistondan ochilmaydi, blokda xullas. Dasturchilar VPN ishlatibgina msdn.com ga kirib ma’lumot oladilar xolos. Nimaga bloklangan, kim bloklagan, qachon ochiladi – hech kim axborot bermaydi.

Kontent targeting degan tushuncha bor. Unga ko’ra saytlar foydalanuvchining IP adresi bo’yicha kirayotgan mamlakatini topib aynan o’sha mamlakat uchun mos bo’lgan xabarlar, reklamalar beradi. Dasturchilar yoki marketingchilar kontent targetingni tekshirish uchun VPNdan foydalanib, boshqa davlatdan saytga kiradilar.

VPNning foydalarini yana ko’plab sanash mumkin. Dasturchilar, umuman axborot texnologiyalari sohasidagilar uchun VPN muhim vosita. Achinarlisi qonun loyihasi O’zbekistonda axborot texnologiyalarini rivojlantirishga mas’ul bo’lgan vazirlikdan chiqyapti. Kimdir chiqib loyiha haqida batafsil tushuncha berishi kerak.

Aynan shunday loyiha yaqin o’tmishda Rossiyada ham qabul qilindi. Ular VPNni bloklashgacha bir necha qadamda kelishdi. Avval Roskomnadzor tashkil qilinib, unga saytlarni bloklash huquqi berildi. Qarashsa, odamlar VPNni ishlatishyapti. Keyin VPNni qonun bilan taqiqlashdi. Ba’zi dasturlar VPNdan foydalanarkan, foydalanuvchi ma’lumotlarining chetga chiqib ketmasligi vaji bilan dastur ishlatadigan IP manzillarni bloklashga tushishdi (ha, TELEGRAM). Marazmning yuqori cho’qqisiga ular yaqin turishipti – bu yildan boshlab internetda tarqatilgan mem va troll rasmlar uchun egalarini jinoiy javobgarlikka tortishdi.

Iltimos, rivojlanishda Rossiyadan o’rnak olmang. Taqiq bilan rivojlanib bo’lmaydi!

Qonun loyihalari uchun menda birnecha takliflar bor:
– Internet tezligini 10 barobar oshirish (va’da bora?)
– Paypal va boshqa to’lov tizimlarini ishlata olish uchun o’zbekistonliklarga chet elda hisob raqami ochishga imkon beruvchi qonun loyihasini ishlab chiqish.
– Dasturchilarga, frilanserlarga xorijdagi mijozlar bilan ishlash bank xizmatlarini yaxshilash, byurokratiyani yo’qotish.

Foydali qonun loyihasi taklif qila olmasangiz, yaxshisi hech nima qilmang. Taqiqdan ko’ra yaxshi bu ham.

Do'stlaringiz bilan bo'lishing!