Rahmatli shayh hazratlari haqida

Tafsiri hilol

Tan olaman, shayh hazratlari vafot etgunlariga qadar ularni «tanimasdim», nima uchun janozalarida bu qadar ko’p odam qatnashgani ham o’shanda men uchun jumboq bo’lgan. Qiziqib internetdan hazrat haqlarida ma’lumot topganman, ularning kitoblarini uyda buvam va buvimlarning shkaflaridan qidirganman. Topganlarim orasida «Tafsiri Hilol»ning 5ta kitobi ko’zimga ko’p ko’rinib, 3 juzli «Kifoya» kitoblarini mutolaa qilishdan boshlagandim.

3 yil oldingi qiziqish endi hazratning kitoblariga emas, dinni o’rganish uchun qiziqishga o’zgargan. «Kifoya» kitobidan boshlab hozirgacha 10 dan ortiq asarlarini o’qib chiqdim, ammo oldinda baribir eng kattalari – «Tafsiri Hilol», «Hadis va Hayot», «Ruhiy tarbiya» va «Oltin Silsila» turipti («Hadis va Hayot» hamda «Tafsiri Hilol»ni boshladim).

* * *

2015-yilda firma uchun Chorsu bozori yaqinidan ijaraga joy olgandik. Har juma ofisga eng yaqin bo’lgan To’xtaboy masjidiga chiqardim. Masjid imomi Is’hoqjon Begmatov domlaning ma’ruzalari ko’pchilikka ma’qul bo’lar, qishin-yozin odam to’la bo’lardi. Afsuski, domla 2017-yilda ishdan olingach, ularning ma’ruzalari to’xtab qoldi, masjid esa 30% ga bo’shadi.

Is’hoqjon domla rahmatli shayh hazratlarining eng yaqin shogirdlaridan bo’lgan ekanlar. Ma’ruzalarni aniq-lo’nda, kitob-daftarga qaramasdan gapirardilar, vaqt o’tib ketgani sezilmasdi. Ma’ruzalar internetda to’g’ridan-to’g’ri efir ko’rinishiga ham o’tgandi (adashayotgan bo’lishim mumkin), youtube’dagi ummat.uz kanaliga qo’yib borilardi. Videolar hozir ham turipti.