Bobur masjidi

Bobur masjidi

Yakshanba kuni Yangi Dehlida hind ruhoniylari va ularning muridlari – 200 mingdan ortiq odam Hindiston bosh vaziri Narendra Modining Hind millatchi partiyasidan Ayodhyadagi masjid xarobalari o’rniga hind ibodatxonasini tiklashni talab qilib chiqishipti.

Hindistonda 1.3 milliard aholining 14% ni musulmonlar tashkil qiladi va nima uchundir millatchi hindlar etnik kamchilik – musulmonlarga qarshi tish qayrab yurishadi. Yaqinda «Toj Mahal»da juma namozidan boshqa vaqtda ibodat qilishni taqiqlashgandi, avvalroq esa «Toj Mahal»ni hind osori-atiqasi sifatida tan olishni ham so’rashgan.

Ayodhyadagi masjid haqida eslab o’tmasak bo’lmas. Masjid 1527-yilda Zahiriddin Muhammad Bobur tashabbusi bilan qurilgan bo’lib, eng katta masjidlardan biri hisoblangan. Nomi ham hozirgacha Babri masjid yoki Bobur masjidi deyiladi. Wikipediada masjid haqida qiziqarli ma’lumotlar bor. Masalan, 1949-yil 22-dekabr kechasi 50-60 chog’li odam hindlarning afsonasi Ram va Sita haykalini masjidga olib kirib qo’yishgan, ertasiga haykallar mo’jizaviy tarzda paydo bo’lib qolgani haqida jar solishgan. Shu tariqa masjid turgan hududni Ramning tug’ilgan joyi deb da’vo qilishni boshlashgan. Google Maps’dan qidirsangiz, masjid atrofida hindlarning ibodatxonalari to’lib yotipti.

1992-yilda foydalanilmayotgan masjidga hind olomon bostirib kirib, uni vayron qilishgan va mahalliy musulmonlar bilan to’qnashuv bo’lib o’tgan. Natijada 2000 ga yaqin odam halok bo’lgan edi. Keyinchalik ma’lum bo’lishicha, hujumni Hind millatchi partiyasi uyushtirgan ekan. Yuqorida anglagan bo’lsangiz kerak, Narendra Modi shu partiya a’zosi. Endi dastlabki ikki abzatsni yana bir marta o’qisangiz, 200 mingdan ortiq odam qatnashgan miting uyushtirilgani ma’lum bo’ladi.

Pirimqul Qodirovning «Yulduzli tunlar» romanida yozilishicha, Bobur hindlarning madaniyatiga hurmat bilan munosabatda bo’lgan, uning avlodlari ham Hindistonda uzoq yillar tinch hukmronlik qilishganki, Angliya bosib olmaguncha hindlarning o’zi mustaqillikka erishishiga zarurat bo’lmagan.

Aytganday, bizning TVda hali ham «Ramayana» serialini qo’yib turishadimi? Hind eposlarini balki bas qilib turish kerakdir, hech bo’lmaganda millatchi hindlar hokimyatdan tushguncha.

Do'stlaringiz bilan bo'lishing!