Xaos Jakarta. Indoneziya poytaxtiga sayohat

Har bir mamlakatning ostonasi – poytaxtning bosh aeroporti mamlakatning holati haqida dastlabki tasavvur chiqarishga yordam beradi. Bo’m-bo’sh Sukarno Hatta aeroportining 2-terminali kaminada oldinda zerikarli shahar kutayotgani hissiyotini uyg’otdi.

Shaharga chiqishda turnaqator taksistlar kutib turadi. Toshkentdan farqli ravishda, aeroport hodimlari taksi kerakligini so’rab, o’zligi o’tqazib yuborishadi. Shuningdek Grab va Gojek – taksi dasturlari ham Jakartada yaxshi ishlaydi.

Indoneziyaliklar jaydari xalq. Baland ovozda gaplashishadi, chet tilini bilishmaydi, avtomobil va motosikl boshqarishda signallar yo’lni tartibga soladi, ko’cha tozaligiga ko’p ham rioya qilishmaydi.

Mehmonxonaga joylashgach, dastlab janubi-sharqiy Osiyodagi eng katta – Istiqlol masjidini tomosha qilib chiqdim.

Istiqlol masjidi, Jakarta
Istiqlol masjidi

Masjid hozirda qayta ta’mirlanmoqda, shuning uchun faqat asosiy zali ibodatlarga ishlab turipti. Ularda namozga chaqirish uchun Azon aytishdan oldin do’mbira chalishgan ekan. Buning sababi, o’rta asrlarda machitlar oddiy qurilib, ularning minorasi bo’lmagan. Azonni odamlar eshitmay qolishgani uchun oldin gumburlatib e’tiborni tortishgan, keyin azon aytishgan.

Azon aytishdan oldin chalinadigan do'mbira
Azon aytishdan avval chalinadigan do’mbira. Bayt al-Qur’an muzeyi.

Hozir ham shu odat bor, azondan oldin bum-bum qilib sekundni sanagandek urib turishadi.

Masjid mustaqillik monumenti yonida joylashgan. Sayyohlar nima uchundir mustaqillik monumentini «must-see» joylar ro’yhatiga qo’shishadi. Aslida katta bir ustun, tepasida yonayotgan olovning shakli bor. Atrofda ochiq joy, so’ngra daraxtzor shahardagilarga passiv hordiq chiqarish imkonini beradi. Solo-sayyoh uchun biroz zerikarli.

Shopping-markazlarida (shopping mall), milliy qo’g’irchoqlarni hisobga olmasa, aynan Indoneziya uchun original hisoblangan buyum uchratmaysiz. Elit-vosvos butiklar Bangkokda ko’proq; islomga aloqador kiyimlar assortimenti Kuala Lumpurda boyroq.

Oziq-ovqat menyusi ham qo’shnilari Malayziyanikidan qolishmaydi. Umuman, Jakartada Malayziya madaniyatiga o’xshashlik bordek tuyuladi. Zamonaviy malay tili Malayziyadan tashqari, Indoneziya, Singapur, Bruneyda ham asosiy til hisoblanadi. Malay tili funksional jihatdan oson: gap tuzish, qo’shimchalar (prepositions) qo’shish ingliz tiliga yaqin. Lotin alifbosi aynan ingliz alifbosini qaytaradi, talaffuzi soddaroq faqat.

Toshkent aholisi issiqdan qochib, Chorvoq-Chimyonga yo’l olsa, jakartaliklar shahardan 1-2 soat uzoqlikdagi ming orollarga (Thousand islands) kunlik dam olishga chiqishadi. Orollarga yaqin joyda chiroyli koral riflari bor. Snorkeling va skuba-dayving uchun hayvonot olami xilma-xil emas, lekin havaskor snorkelingchilar albatta bu yerdan yaxshi kayfiyatda qaytishadi.

Indoneziya tarixi ajoyib, madaniyati xilma-xil. Hozirda mamlakatda dominant bo’lib turgan islom dini 8 asr boshlarida arab-musulmon savdogarlarning xulqlari sabab kirib kelgan deyishadi. 13-asrda esa birinchi musulmon davlat – Sultonlik vujudga kelgan. 15-asr ohirida qulagan Indoneziyadagi so’nggi buddist davlat Majapahit imperiyasi buddizmning ustunligini yo’qqa chiqargan.


Qandaydir marosim. Savollarimga javob beradigan odam topolmadim.

Turgan gapki, Indoneziyani aylanib chiqish uchun ko’p resurs va vaqt talab etiladi, ammo Jakartada boshqa orollar madaniyati bilan tanishishning imkoni bor. Taman Mini Indonesia Indah (TMII) parkida muzeylar bilan birgalikda, yirik orollarning madaniyatini ko’rsatib beruvchi pavilyonlar joylashgan. Yakshanba kuni pavilyonlarda konkurs, marosimlar, qiziqchilarning chiqishlarini o’tkazib borishadi. Bu yerga yakshanbada albatta gid bilan kelishingizni tavsiya qilaman. Masalan mening «WTF? WTF?» savollarimga javob beradigan biror yordamchi topilmadi.


Bolalar ijrosida Indoneziya raqsi

Jakartaning yaxshi taraflari:

  • Arzon ovqat va shirinliklar.
  • Arzon va sifatli mehmonxonalar.
  • Koral orollarga yaqin bo’lgan poytaxt.
  • Rivojlangan jamoat transporti va qulay taksi xizmati.

Jakartaning kamchiliklari:

  • Havosi toza emas. AirVisual xizmati iflos havo haqida bildirib turadi.
  • Avtomobil va motosikllar juda ko’p. Yo’llarda tartib yo’q.
  • Tozalikka rioya qilishmaydi, yo’llar kir.

Yana qayerga borsa bo’ladi?

  • Agar to’g’ri Jakartaga kelayotgan bo’lsangiz, shopping mall qiziq tuyulishi mumkin. Suvenir do’konlarni tomosha qiling. Ovqatlardan ham ta’tib ko’ring.
  • Dinga qiziqsangiz, Bayt al-Qur’an muzeyiga kiring, Qur’on kitoblarining nusxalari, din tarixi haqida stendlar, kalligrafiya ustalarining ishlari, zamonaviy tasviriy san’at (contemporary art) va kalligrafiya uyg’unligi asosida ishlangan rasmlarni topasiz.
  • Jakartadan 150 km uzoqlikda Tangkuban nomli uyg’oq vulqon krateri bor. U yerga kunlik ekskursiyaga borish mumkin. Mening 3 kunlik sayohatim vulqonni ko’rishga kamlik qildi.
  • Milliy muzey (National museum).

Xulosa

Majoziy ma’noda Jakarta – o’z yog’iga o’zi qovurilayotgan sershovqin shahar. Yana qaytib kelamanmi? Menimcha yo’q, diqqatga sazovor joylarini ko’rib bo’ldim. Bali oroli qiziq bo’lsa kerak.