Aeroport-hoji

Oktyabr oyi o’rtasida, ishxonadan olingan 2 haftalik dam olish kunlarida Toshkentda sandiroqlab yurmasdan, Umra ziyorati va Rosululloh S.A.V.ning qabrlarini ziyorat qilishni niyat qildik.

Prezidentimizning oqilona siyosatlari va mamlakatimizda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar natijasida (va yana shu yerda sizning reklamangiz bo’lishi mumkin edi), biz yoshlarga mahalla idorasining eshigi tagida sarg’ayib turish, qariyalarga prioritet beriladigan tushunarsiz navbatlarga yozilish nasib etmadi, Hudoga shukur. Turistik-firma barchasini rasmiylashtirib, uchib ketish kunini aytishi uchun pasportimning elektron nusxasi kifoya qildi.

10 kunlik safarni FlyDubai’ning Toshkent-Dubay reysi bilan boshladik. Shu joyda monopol Uzairways ogorodiga tosh otib ketmasam bo’lmaydi, chunki 2 kun avval $500 to’lab Bangkokdan Toshkentga shalog’i chiqqan sassiq Boing 757 da kelgandim. Hatto styuardessalar ham «samolyotimiz eski edi» deb hijolat tortishgan. Lowcoster FlyDubai’ning samolyotlari esa yangiroq va toza ekan, xizmat ko’rsatishi ham yoqdi. Uyalmasdan va burunni berkitmasdan uchsa bo’ladi xullas. 😉

Yengil o’tgan tungi parvozdan keyin, ikkinchi reysgacha 6 soat bo’sh vaqt bor ekan. Shaharga chiqishga esa ko’p vaqt va viza kerak, shu sababli aeroportning 2-terminalini aylanib qo’yaqoldik. Xalqaro aeroport har bir davlatning yuzi. Nima sotishi, narx-navosi, hodimlarning qosh-qovog’iga qarab, ichkarida sizni nima kutayotganini tahmin qilib olaverasiz. 😉 Arab-pokistonlik atir sotuvchining bizga – bug’doyrang juftlikka qarab turib, ayolimga ruschada bidirlab ketishi ayniqsa hayron qoldirdi, chunki ayolimni Malayziyada malayka, Taylandda tayka deb o’ylashardi. Sotuvchilarga ingliz tilida muomala qilamiz, ustimizda ham o’zbekligimizni anglatuvchi biror belgi yo’q…

Bizga kuyunib mahsulotini reklama qilayotgan sotuvchining shashtini qaytargancha, haridni keyinga, qaytish kuniga qoldirib nonushta uchun Makdonalds’ga ketdik. Shu Makdonalds bilan hech omadim yurishmagan. Bu safar ham bemaza bigmak yegach, ohir-oqibat shu brendga qadam ranjida qilmaydigan bo’ldim. O’zimizdagi drujba-burgerlar bundan mazaliroq!

Aeroport namozxonasiga kirganimda, «No eating, no sleeping» tipidagi ogohlantirishlarga qaramay, 20 m.kv. xonada 10 tacha odam dumalab yotardi. Mendan oldin kirib kelgan hind chaqqonlik qilib to’rdagi namoz o’qish mumkin bo’lgan yagona joyni ham «bron» qildi. Noz uyqudagilarni uyg’otib yubormaslik uchun pichirlab, imo-ishoralar bilan unga tushuntirgach, uni o’z hamyurtiga yaqinroq joylashib yotishiga ko’ndirib, ibodatni qilib oldik. Toshkentdagi masjidlarda uxlashni niyat qilishgandami, polojeniyachi chollar darrov yumshoq joyiga tepib, haydab chiqargan bo’lishardi. Shunaqa, «birni ko’rib fikr qil, birni ko’rib shukur qil». Ha darvoqe, masjidlarimizda ayollar xonasi yo’q. Sayyoh va yo’lovchi zaifalarga noqulay holat. Buni ham fikr qilishimiz kerak, hadeb shukr qilavermasdan))

A mayli, yo’lda davom etamiz… 🙂

Aeroportlarda tekin wifi har doim bo’ladi, faqat wifi’ning qancha vaqtga tekinga berilishi aloqa operatorining xasisligiga bog’liq. Dubay aeroporti adashmayotgan bo’lsam, uzilib-uzilib turadigan 3 soatlik wifi taqdim etdi, imkoni bo’lganlarga internet ulab berdik. Shu o’rinda, internet tarqatishdagi sahiylik borasida Bangkokning Suvarnabhumi aeroportiga yetadigani bo’lmasa kerak, Taylandning 3 ta katta operatori 3 soatdan tekin internet beradi. Umumiy holda 9 soat internetda o’tirsa bo’ladi.

Dubay-Madina parvozi u qadar qiziqarli kechmadi. Oynadan faqat cho’l ko’rinardi, Madina shahri yaqinidagina tepaliklar ko’zga tusha boshladi. Aeroporti bo’m-bo’sh, tushunarliki «sezon» emas. Shunda ham chegarachi ofitserkalarga yetib olguncha zig-zag kutish yo’lakchasida bir soatcha turdik.

Guruhimizdan 3tasi chegaradan o’tib olgach, ofitser nimagadir to’xtab qoldi, qo’lidagi pasportni kompyuterdagi ma’lumot bilan solishtirdi. Bir muddat hayron qarab turdi, kattasini chaqirib nimalarnidir ko’rsatdi. So’ngra pasportni unga berib yubordi. Shu tariqa, pasport yig’ish boshlandi. Safarlarda yurib, pasportni ushlab qolishning xosiyati yaxshi emasligini birovlarning tajribasida uchratganman. Bu safar ham «vizada nimadir problema bo’ldi» deya ofitser yoniga yaqinlashar ekanman, «pofigist» harakterimda ham katta so’roq belgisi osilib turardi. Yo’q, mening pasportimga kirish muhrini urib, qaytarib berishdi. Yo’l ochiq!

Ayolimning pasporti esa el qatori yig’ishlarga qo’shilib bo’lgandi…

Davomi bor…