Full time dasturchidan frilanserlikka. Frilansning ustunliklari va kamchiliklari

Frilans haqida

Ko’pgina oylikka ishlovchi dasturchilar bir kun kelib frilansga o’tish qanday bo’lishi haqida qiziqib ko’rishadi. Bu qiziqishga frilansdagi yuqori soatbay stavkalar va ish vaqtining qat’iy belgilanmaganligi sabab bo’ladi. Shunda birnecha savollar yuzaga chiqadi:

  • mijozlarni qanday qilib topaman?
  • bilimlarim frilans uchun yetarli bo’ladimi?
  • daromadim stabil bo’ladimi?

Shubhalar qarshisida va ko’p pul topish hayollari tarqab ketgach, doimiy ish joyi risklardan holi, maqbul variantdek tuyuladi.

Savollarga javob berishdan oldin frilans dasturlash siz uchun mos ekanligini aniqlashtirib olamiz. Bunda frilansingning ustunliklari va kamchiliklarini sanab o’tamiz. Ularni doimiy ish joyi pozitsiyasi bilan solishtiramiz, shunday qilib siz qaysi variant o’zingiz uchun yaxshi ekanligini bilib olasiz.

Frilansning ijobiy taraflari

Moslashuvchanlik. Qat’iy bo’lmagan ish vaqti har doim frilansning ustunligi bo’lib kelgan. Ofisda dushanbadan jumagacha har kuni ishga qatnash oldida, odam o’zi istagan vaqtida noutbuki bilan o’zi istagan joyda ishlashi qiziqroq tuyuladi. Agar siz uchun noutbukda kod yozish qiyin bo’lmasa, kafeda, coworking markazda ishlash ofisda o’tirishdan maroqliroq. Ammo shaxsan men samaradorlik uchun ikkita monitorda, alohida klaviatura va magic mouse’da ishlashni afzal ko’raman.

Erkinlik. Frilanserlar o’zi uchun o’zi boshqaruvchi bo’lishadi. Siz soatbay narxingizni, qanday proyektda ishlashni o’zingiz hal qilasiz. Lekin bu yerda erkinlikning ham to’lovi bor. Erkin ish rejimida ba’zilar uchun ishlashga motivatsiya yetishmasligi yoki ish sifati pasayib ketishi mumkin. Demak erkinlik o’z ishini boshqara oluvchilar uchungina ajoyib imkoniyat bo’ladi.

Ishni lifestyle bilan moslash imkoniyati. Yilda 10 oy ishlab 1-2 oy sayohatga chiqish imkoniyatini frilansda shartnomaviy ishlar olib uddalash mumkin. Doimiy ish joyida uzoq muddatga ta’til olib ketishning imkoni yo’q. Agar dekretga chiqmayotgan bo’lsangiz.

Soatbay tarifda oylikka ishlovchi dasturchidan ko’p daromad topish imkoniyati. Frilansda dasturchilarning soatbay ish haqi ularning bilim va tajribasiga qarab $20 dan boshlanib $250 gacha boradi (Soatbay tarifini $20 dan past qilganlar, demping yaxshimas!). Tarifning yuqori bo’lishiga sabab, frilanserlarda to’lanmaydigan ish vaqtlari ham bor. To’lanmaydigan ish vaqtlariga ish qidirish, mijoz bilan shartnoma bandlarini kelishish, betoblik va dam olish kunlari kiradi. Frilansda yaxshi daromad qilish uchun ideal holatda, yaxshi mijozdan qayta-qayta proyektlar olgan ma’qul. Shunda ish qidirishga vaqt sarflamaysiz.

Ishlash usulini o’zingiz tanlay olasiz. Oylikka ishlovchi dasturchi sifatida, siz jamoaga yoki proyekt menejerning ishlash usuliga moslashishingiz kerak. Bu, proyektni boshqarish dasturlari – Trello, Wrike’da ishlash, ortiqcha hisobot berish, stendap va keraksiz meetinglarni o’z ichiga oladi. Agar frilanser sifatida jamoada ishlasangiz baribir qoidalarga amal qilishga to’g’ri keladi. Individual ishlaganda mijozlar frilanserning ishlash usuliga emas, uning natijasiga e’tibor qaratishadi.

Frilansning salbiy taraflari

Bemorlik kunlari, ish beruvchi to’laydigan dam olish kunlari, ofisda beriladigan noutbuklar, pensiyaga pul o’tkazish, bonuslar, tekin tushlik va shirinliklar – ular haqida unuting. Frilanserlar odatda mijozdan puldan boshqa qo’shimcha bonuslar olishmaydi. Ammo ularga yangi texnika, dam olish kunlari baribir kerak bo’ladi. Frilansda bularning narxi soatbay tarifga qo’shilib ketadi. Demak frilanserning profilida $30 yoki $50 soatbay tarif ko’rsangiz bu laksheri super puperlikdan emas, balki zaruriyatdan bo’ladi.

Ingliz tilini bilish. O’z xizmatingizni global bozorda sota olish uchun, mijozlar bilan proyekt muhokamasi uchun albatta biror chet tilini bilishingiz kerak. Rus tilini bilish yaxshi, ammo rus frilans birjalari global birjalardan ko’ra kam to’laydi. Yana bir hunuk tarafi, rus birjalarida kiydirish ehtimoli ko’proq. Yaxshisi ingliz tilini kamida chatda yozib gaplashish darajasida o’rganing. Yana bir variant – ingliz tilini biladigan va proyektning dasturlash jarayonini tushunadigan tarjimon bilan birga ishlash. Bunda tarjimon sizning nomingizdan mijozlar bilan gaplashadi.

Soliq bo’yicha qo’shimcha qog’ozbozlik. O’zbekistonda frilanserlar uchun soliq to’lashning ikki yo’li bor:

  • jismoniy shaxs sifatida soliq deklaratsiyasini topshirish va daromaddan 12% soliq to’lash
  • yakka tartibdagi tadbirkor bo’lib, ikkita minimalka soliq va bitta minimalka pensiya fondiga pul to’lash.

Qog’ozbozliklar oylikka ishlovchilar uchun ish beruvchining zimmasida bo’lsa, frilanserlar bu masalada ham mustaqil bo’lishlariga to’g’ri keladi.

Stabil bo’lmagan daromad. Frilanserlarda «bayram yoki ochlik» fenomeni mavjud. Ba’zan mijozlar ko’payib ketadi yoki ular bir vaqtda ish berib qolishadi. Oqibatda barchasini o’z muddatida topshirish uchun kuniga 10-12 soatlab ishlash, dam olish kunlarini ham ishga ulab yuborish kuzatiladi. Ba’zan esa ish umuman bo’lmaydi. Yangi mijoz topish uchun frilans birjalarda vaqt o’tkazishga majbur bo’lasiz. Nostabillik yaqinda ish boshlagan yoki yaxshi natija ko’rsatmaslik oqibatida mijozlar yig’ib ololmagan frilanserlar uchun odatiy hol. Shaxsiy tajribada yiliga bir yoki ikki oy ishsizlik kuzatilgan. Bunday holatda shunchaki tushkunlikka tushmasdan yangi mijozlarni qidirish, frilans birjalarda nisbatan kichkina ishlarni olib vaqt o’tkazish kerak. Dasturlash bilimlarini oshirish uchun ham ishsizlik ayni vaqti.

Hozircha shular. Frilansning ustunlik va kamchiliklarini o’rganib chiqib, o’zingiz uchun qaror qabul qiling.

Do'stlaringiz bilan bo'lishing!