Ratchaburi viloyatiga safar

Shanba kuni Ratchaburi viloyatini aylanib keldik. Ratchaburi Bangkokdan 1.5 soatlik yo’l, turistik joyi ko’p emas. Bir-ikki kunlik sayohat uchun yetarli, «для галочки». Dastlab, «Khao Ngu Stone Park»ga kirdik. Park – oddiy park, qoyalar orasida ko’l bor. Tabiiy hududga kichik o’zgarishlar kiritilgan – ko’prik va ko’l ustidan yo’l qurilgan.

Ingliz tilida tushuntirish doskalari yo’q, mahalliy aholi uchun mo’ljallangani ko’rinib turipti.
Yarim soat atrofni tomosha qilib, qaytib ketdik.

Ko’proq rasmlarni google maps’da tomosha qilishingiz mumkin: https://goo.gl/maps/42ZoQsZjMhSZNisV9

Ikkinchi borgan joyimiz – CORO field: https://g.page/corofield?share

CORO field

«CORO field» aslida organik meva-sabzavot yetishtiradigan parnik! 😀

Parnik yonidagi kafesi odatiy ovqatlardan tashqari parnikda yetishtiriladigan yapon qovunidan dessertlar taklif qiladi. Sayyohlardan kimdir kelishiga ishonmasam ham, kimningdir yo’li tushsa, dessertlaridan ta’tib ko’rishni maslahat bergan bo’lardim.

Borgan joylarimiz aslida shu ikki joy. Mening sayohatimda esda qolarli voqealar ko’pincha kutilmagan joylarda ro’y beradi.

Yo’lda peshinni o’qib olish uchun Ratchaburi masjidiga kirdim: https://goo.gl/maps/6L2YsdfWzvxCEsJL9

Darvoza oldida yoshi katta amaki qiziqishini yashirmasdan tomosha qilib turiptilar. Tahorat qiladigan joyni so’ragandek bo’ldim, ko’rsatib yubordilar. Bu yerdagi musulmon jamoasidan xabarim yo’qligi bois, Asr vaqtining hanafiy mazhabida ko’rsatib qo’yilgani e’tiborni tortdi. Taylandda mahalliy musulmonlar shofeiy mazhabiga amal qilishadi, Asr vaqti bizdagidan bir soat vaqtliroq kiradi.

Masjiddan chiqishda usha amaki armonda qolmaslik uchun suhbatga tortdilar, bahonada men ham ular haqida bilib oldim.

Masjid rohingya musulmonlarining masjidi ekan. Amaki ham Myanmadagi genotsid vaqtida qochoq bo’lib Taylandga kelgan, uyiga bomba tushganda bir oyog’idan ayrilib, protezda yurar ekanlar. Oilalari haqida so’rashga, yuragim og’ridi…

Rohingyalar Myanma armiyasi zulmidan azob chekkan yagona etnik guruh emas. 1984-yilda Myanma sharqida yashovchi karen etnik guruhi uchun Taylandning Myanma bilan chegaradosh hududida 50 ming odamga mo’ljallangan dastlabki qochoqlar lageri tashkil qilingan. «Vaqtinchalik» qochoqlar lagerlari hozirgacha bor. Qochoqlarni Myanma qabul qilmaydi, Tayland ichkariga kiritmaydi. Sababi ularda fuqarolik yo’q. Ular lagerda 36 yildan beri yashashadi, ularning dunyosi – usha lager…

P.s. Ushbu havola orqali lagerdan rasmlarni tomosha qilishingiz mumkin: https://www.free-writer.ru/pages/maela.html