Bugungi kunda Internetning yoshlar tarbiyasiga zarari haqida matbuot va elektron nashrlarda shunchalik ko’p gapirib yuborishdiki, natijada Internet biz yoshlar uchun “xavf manbai“ga aylanib qolgan degan tushuncha kelib chiqdi. Xo’sh Internetning qaysi jihatlari va nima uchun yoshlarga bunchalik “xavf tug’dirmoqda”? Biz Internetda ishlash jarayonida nimalarni chetlab o’tishimiz kerak? Bu savollarga javob topish uchun bir kunni shu mavzuga bag’ishlashga qaror qildim.
Men Internetga bir kunda eng kamida yarim soatni sarf qilaman. Odatda ertalab o’qishga ketishdan oldin Internetga kiraman. Kunning boshlanishi ham bundan mustasno bo’lmadi. Birinchi kuzatuvni o’qish joyim – TATU elektron kutubxonasidan boshladim. Sababi universitetning elektron kutubxonasi Internetga ulangan, u yerdagi talabalar nima bilan shug’ullanishayotgani qiziqtirardi. Elektron kutubxona soat 9 da ochiladi. Men 9 yarimda elektron kutubxonaga yetib keldim. (O’qishga kirganimga 8 oydan oshgan bo’lsada, xali elektron kutubxonaga kirib ko’rmagan ekanman. ) Kun endi boshlanganligi boismi, talabalar biroz kam, 26 kompyuterga ega kutubxonada 17-18 talaba o’tirardi. To’rt-besh talaba karta o’yinini (!) o’ynab o’tiribdi. Talabaga ko’pincha ikki narsa yetishmaydi: birinchisi pul, ikkinchisi vaqt. Bular bo’lsa boshqa ishi yo’qdek, o’yin bilan band. Yana shuncha bola o’z pochtasini tekshirmoqda. Ba’zilari shou-biznes, futbol yangiliklarini o’qimoqda. Mana, foydali ish bilan shug’ullanayotgani bor ekan: Mustaqil ish mavzusini Internetdan (aniqrog’i Google’dan) qidirayotgan bo’lsa kerak. Google’ning natijalarining 8-sahifasiga yetib kelgan, peshonasining tirishishiga qaraganda o’zi istagandek ma’lumot topa olmayapti…
– Siz kimnidir qidirvossizmi? Kompyuterga o’tirmoqchi bo’lsangiz, a’zolik kartochkangizni menga bering.
Bu kutubxona boshqaruvchisi edi. Obbo, xali a’zolik kartochkasi ham kerakmidi.
– Kartochkam qob ketibdi. Hozir besh minutda chiqib ketaman.
U rozi bo’ldi.
… Yana bittasi videokarta rasmining tagida qandaydir yangilikni ko’rib o’tiribdi. So’nggi ikki kompyuterda Google’dan rasm tomosha qilishyapti. Bu yerda boshqa qiladigan ishim qolmadi. Soat bir yarimlarda yana kelaman.
Bir yarimda kelsam, elektron kutubxona tashqarisida talabalar navbat kutib turishibdi. Ichkariga nazar tashlar ekanman, kompyuterlar hammasi band, Google’dan ma’lumot qidiruvchilar ko’paygan. Elektron kutubxona ma’lumotlaridan foydalanayotganlar ham topilib qoldi. Kompyuterlarning deyarli barchasi Internetga ulangani sababli tezlik sezilarli darajada pasaygan, bitta sahifani ochish uchun 2-3 daqiqa ketmoqda. Ammo bekorchi “geymer”larning o’yin o’ynab o’tirishi ko’ngilni g’ash qildi. Tashqaridagilar “sarg’ayib” kompyuter bo’shashini kutishmoqda. Bularni parvoyi falak. O’qishdan chiqib shu yaqin atrofdagi Internet-kafega bordim. Eng yaxshi kuzatuv – menimcha shu Internet klublar. 12 kompyuter hammasi Internetga ulangan, barchasi band. Dastlabki ikki kompyuterda ikki qiz (kollej yoki litsey o’quvchilari bo’lsa kerak. Ularday bekorchilar topilmaydi) chatda o’tiribdi. Har birida o’nlab yangi xabarlar (asosan bolalarning ismidan) kelgan. Sizga qanday bilmadimu, men uchun chat degani g’irt bo’lmag’ur narsa. Biror foydali maqsad yo’lida chatda o’tirganlar bordir. Lekin yoshlar asosan virtual tanishuv uchun chatga kirishadi. Yashirmayman, men o’zim dastlab 15 yoshimda chatga kirganman. Bir oydan so’ng jonga tekkan. Shundan beri biror narsani reklama qilish uchungina chatga kirib turaman, xolos. Chat – vaqt o’tkazishni yana bir turi. Uch kompyuter “Lineage” o’yini (Lineage – Internetda onlayn sarguzasht o’yin) bilan band. Mening sinfdoshlarim ham shu o’yinga “kasal” bo’lishgandi. O’zim bir marta kirib ko’rganman. Registratsiya qila olmaganimdan so’ng boshqa qiziqmadim. Yana ikki kompyuter mail.ru’ni ochib olgan, boshqa biri qaysidir forumda o’tiribdi. Ohirgi ko’zim tushgan kompyuterdagi foydalanuvchi, LovePlanet tanishuv saytida edi. LovePlanet.ru, 24open.ru saytlari ruslar tomonidan chiqarilgan. Ammo unda MDH davlatlarining deyarli barchasida istiqomat qiladigan foydalanuvchilarning anketasi bor. O’zbek qizlari ham ozchilik emasligi meni hayron qoldirdi. Yana bir Internet-kafega kirib ko’rish kerak. Nahotki, Internetni bekorchilikdan vaqt o’tkazish uchun foydalanishadi?
Shahar markazlaridan biridagi Internet-kafega bordim. U yer katta va shinam edi. 10 tacha kompyuter ishlab turibdi. Ha, topdim, mana bu yerda Internetning foydali maqsadda ishlatilayotgan ekan! Bir kompyuter oldida to’rttacha odam o’tirib olgan. Veb-kamera orqali chet davlatdagi tanishi (ehtimol qarindoshi) bilan gaplashardi. Yahoo Messenger dasturining ushbu xizmati yordamida minglab insonlar o’zga yurtlarda yurgan o’z yaqinlari bilan aloqaga chiqadilar. Internet-so’zlashuv telefon-so’zlashuvdan ancha (25-30 baravar!) arzon. Sifatini ham yomon deb bo’lmaydi. Biroz uzilishlar bo’lishi mumkin, lekin eng muhimi – uzoqdagi yaqiningizni o’z yoningizdagidek his qilish. Davom etamiz: bu yerda ham avvalgidek pochta saytlari ko’rilmoqda, chatda o’tirishibdi. So’nggi kompyuter Internetdan SMS yozmoqda. Kech bo’ldi, uyga borish kerak.
Kechqurun ovqatdan so’ng maqolamni tugatmoqchi bo’lganimda qo’l telefonimga SMS keldi. Kursdoshim ekan. “Iltimos webmoney schotimga 3 WMZ pul tashavor. Totalizatorda o’ynashga pulim qomadi. Ertaga bervoraman”. Bu haqda yozish esimdan chiqib ketibdiyu. Totalizator saytlar sport, ayniqsa futbol natijalarini avvaldan to’g’ri ko’rsatgani uchun pul to’laydi. Student pul hidini (ayniqsa tekinini) darrov sezadi. Kollejda o’qib yurganimda ham kursdoshlar totalizatorga qatnashardi. Pul topishning oson yo’llaridan biri deb o’ylashadi shekilli. O’zbekistonda totalizator klublari 2-3 yil avval ochilgan. 2007-yilda Toshkentni “Islom madaniyati poytaxti” deb e’lon qilingandan so’ng darrov totalizatorlarni hammasini yopib tashlashdi. To’g’ri qilishdi, bu ham qimorning bir turi edi, farqi – sport turlari bilan “niqoblangan” edi. Ammo Internetda totalizator saytlarini yopib tashlashning iloji yo’q. Internet foydalanuvchilari (nafaqat talaba, Internetda tajriba orttirgan ko’pgina foydalanuvchilar) elektron hisobdan pul to’lab totatizatorlarda ishtirok etishmoqda.
Xotima
Bir kunlik sarguzasht mana shu edi. Ertalab foydalanuvchilarning internetni ijobiy maqsadlarda ishlatishayotganiga amin edim. Kechga borib fikrim o’zgardi. Afsuski, biz Internetdan foydalanuvchilarni hech qachon o’z xohishlaridan qaytara olmaymiz. Ayniqsa globallashuv jarayoni kechayotgan bir pallada. Hammasini foydalanuvchilarning o’z insoflari va xulqlariga qo’yib berishga majburmiz. Zero Alfred Nobel aytganidek, “Elektrni faqat elektr stul uchun yaratishmaganku”!