To’y. Chiroyli tarzda bezatilgan restoran mehmonlarni kutib olmoqda. Kelin-kuyovning kelishi uchun barchasi muhayyo. Restoran ichi yal-yal yonadi, ayniqsa kelin-kuyov o’tiradigan stol atrofi turli xil gullar bilan bezatilgan. Mehmonlar esa to’yning boshlanishini sabrsizlik bilan kutishmoqda.
Atrofni kuzatib chiqar ekanman, nogahon o’n yil avvalgi tanish holat – tanamdan olov chiqib ketgandek bo’ldi. Kelin tarafdagi stolning birida tanish chehra, bir vaqtlar oromimni o’g’irlagan tabassumini hadya etgancha hamsuhbati bilan gaplashib o’tirardi. Men esa kichik shokdan so’ng o’zimga kelgach, uni asta kuzata boshladim: Qiziq, o’tgan yillar uning chiroyiga zarracha zarar yetqizmagan, hattoki ko’zlaridagi bilinar-bilinmas ma’yuslik ham o’ziga yarashgan edi. Shu tobda 30 qadam narida o’tirgan ayol bilan meni sakkiz yillik umr ajratib turardi, u bilan taqdir chorrahasida noiloj hayrlashgandim…
* * *
Sentyabrning iliq kunlari boshlangach, o’zimiz uchun qadrli bo’lgan kollejga o’qishga qaytdik.
Qo’ng’iroq chalingan bo’lishiga qaramay, darsga kirishga shoshilmasdan, do’stlarim bilan binoning kirish qismida ta’til taassurotlarini bo’lishib turgan vaqtimizda, navbatchi qizlardan biri dars boshlanganini va xonaga kirishimizni iltimos qildi. «Aqllilik» qilayotgan qizning kimligini bilish uchun hamma qayrilib qaradi, so’ngra ketishga chog’lanishdi. Men esa shaxlo ko’zlar egasi bo’lgan qiz o’tirgan navbatchilar oldiga borib biroz ushlanib qoldim.
Besh daqiqadan so’ng kursdoshim men bilan bo’lib o’tgan voqeani gapirib berib, hammani kuldirib o’tirardi: «Sher qizlani oldiga bordide, qo’lidigi daftarni stol ustiga otib, qizlani o’rab keldi…»
Yo’q, men qizning ismini bilmasdim, u haqida umuman hech narsa bilmasdim. Shunchaki uning ovozini yana eshitish, tabassumidan yana bahramand bo’lish uchun oldiga borgandim. Harqalay, birinchi suhbat ta’siridan bo’lsa kerak, kulib salom-alik qiladigan bo’ldik. Keyinroq orqavarotdan ismini va guruhini bilib oldim.
Kunlar shu tarzda o’tardi, undan menga nima kerakligini tushunmasdim. Men uchun har kuni uni ko’rish yetarlidek tuyulardi. 17 yoshli o’smir va 16 yoshli qiz o’rtasida yana nima bo’lishi mumkin? Shu alfozda bir yil o’tdi. Ta’til boshlangach, hijron azobi ham o’zini kuttirib qo’ymadi. Uni yana ko’rish uchun o’qish boshlanishini sabrsizlik bilan kutardim. Uch oy men uchun uch yil bilan barobar edi.
Yana sentyabr. Biz nihoyat uchrashdik. Uni ko’rgach ichimdan olov gupillab chiqqandek bo’ldi. U biroz o’zgargan, yanada go’zallashgan, har bir harakati o’ziga yarashib turardi. Ichimdagini aytishga g’ururim yo’l qo’ymasdi. U ham sezib turgan bo’lsada o’zini bilmaganga solardi. Go’yoki o’ziga ipsiz bog’lagan, yonidan ketgim kelmasdi…
* * *
U oilasida to’rt qizdan ikkinchisi edi. Opasi allaqachon uzatilib ketgan, singlisi esa o’zidan 2 yosh kichik edi. Men universitet talabasi edim, u esa o’qishga topshirib ko’rmoqchi edi. Ich-ichimdan o’qishga kirishini xohlardim, shunda uni uzatishlarini kechiktirish imkoni bo’lardi. Yo’q, mo’jiza yuz bermadi. U o’qishga kirolmadi.
«Ota-onam nima deyishsa – shu bo’ladi». Uning bu so’zlari yo’llarimizni belgilab bergandi. Men talaba holimda sovchi qo’yolmasdim. Ota-onasi esa kutib tura olishmasdi. Uni uzatishlarini kutib o’tirmasdan ajrashdik…
Meni butkul unutishini xohladim, qalbimning bir burchagiga esa tuproq tortgandim. Qayta ochmaydigan bo’lib.
O’shanda men uni ohirgi marta ko’rdim deb o’ylagandim, ammo taqdir bexos bizni yo’lda uchrashtirdi. Ko’zlar to’qnashgach, ichimdan yana olov gupillab chiqqandi. Uning nigohida alam, nafrat bor edi. Ha, men qo’rqoqqa nisbatan nafrat. Ahir o’zim shuni xohlamaganmidim? Afsuski bu uchrashuv ham ohirgisi bo’lmagan ekan…
* * *
…To’y shovqini qulog’imga kirmasdi; qanday qilib bo’lmasin, bir daqiqaga bo’lsa ham u bilan suhbatlashmoqchi, hayotidagi yangiliklardan so’ramoqchi edim.
– Salom.
U meni ko’rgach bir zum qotib qoldi, keyin bosh qoqib qo’ydi.
– Yaxshimisiz. Pochchamla yaxshimila.
– Ha yaxshila, Hudoga shukur…
Uning oldiga 3-4 yashar bola yugurib kelib, menga qiziqib qaradi.
– Kelaqol bolam.
– Ko’zlari siznikiga o’xsharkan.
– Rahmat. Adasiga ko’proq o’xshatishadi.
– Yaxshi. Mani o’g’lim ham yaqinda yurib ketsa kerak.
– Haa… Mayli biza boriylik. Yuraqo, Sherzodim.
Men esa joyimda qotib qolgan edim. U o’g’liga ismimni qo’ygandi…