Talabalar

Uxlayotgan talabalar

Hudo bergani va olti kundan iborat o’qish kuni ahvol shu: biz talabalar odatda o’qishdan mashinada 6 kishi qaytamiz. Haydovchimiz Abror o’zining «Zangiota-Otchopar» yo’nalishi bo’yicha qatnashga mo’ljallangan Damas mashinasida ertalab semiz-ozg’in yo’lovchilarni bozorga olib kelib tashlagach o’qishga keladi va bir kun avval kechasi bo’lib o’tgan choyxona yoki qandaydir munosabat bilan o’tkazilgan yig’ini sababli chala qolgan uyqusini orqa partalardan biriga cho’zilgancha hech kimga xalaqit bermay, ya’ni xurrak otmay davom ettiradi.

Yashirishning hojati yo’q, kamina ham orqa partada o’tirib olib el qatori hangomalarga kulish va mavridi kelsa bir-ikkita kulishga arziydigan gaplar tiqish orqali qo’shilib turaman. Kulgidan jag’ og’rib ketganda yoki roppa-rosa 12 soat oldin, aniqrog’i kechasi 00:45 dan boshlab efirga uzatiladigan Chempionlar ligasi o’yinlari sababli shirin uyqudan voz kechganimda Abrorga o’xshab, uyg’onganimda yuzimda Amudaryo va Sirdaryo xaritasiga o’xshash chiziqlar paydo bo’lib qolmasligi uchun parta va boshim orasiga ust kiyimim, galstugim yoki hech bo’lmasa dastro’molimni qo’yib olib uyquga ketaman. Toki domla partani taqillatmaguncha yohud universitet koridoriga o’rnatilgan, jonga rohat baxsh etuvchi zvonok chalinguncha uyquni davom ettiraman. O’zim haqimda keyinroq batafsil gapirib beraman, aks holda «hurmat topgan» va yuksak darajadagi «obro’-e’tiborga ega» kursdoshlarim navbat kutib qolishlari mumkin.

Men aytgan «kazo-kazo» kursdoshlarimdan biri – Jahon, ko’pincha Abror bilan bir yostiqqa, yo’g’e, bir partaga bosh qo’yib uxlaydi. Asli ismi Diljahon bo’lgan ushbu kursdoshim, o’z ismini chala aytilishiga qarshilik qilmaydi, aksincha, xayrixohlik bildiradi. Ismining «ajoyibligi»ni hisobga olmaganda uning yana bir armoni – Qo’qon xonligi gullab-yashnagan paytda tug’ilmaganidir. Shu yerda bir og’iz gap: Unga Qo’qon xonligi hech qachon gullab-yashnamagan desam ishonmaydi. Balki gullagandir, u mendan ko’ra yaxshiroq bilsa kerak. Agar ruslar bosqinidan avval tug’ilganida, ehtimol, o’zining ishbilarmonligi, so’zamolligi va tanishlari yordamida Qo’qonning eng nufuzli beklaridan biri bo’lgan bo’lardi. Ammo bek bo’lganida biz kabi ajoyib, tilidan «bol» tomadigan do’stlarni topishi amri mahol edi.

Umuman olganda uning nolishiga asos ham yo’q. Toshkentda va Qo’qonda birnechta «paynet-tochka»lari bor, ko’chadagi dollar kursi bu kishining iltimoslariga (va do’q-po’pisalariga) qarab o’zgarib turadi. U ishini ham o’qishini ham birga qoyillatishga harakat qiladi; har safar semestrni boshida uni 5 ga yopishga avlodiyu-ajdodini o’rtaga qo’yib qasam ichadi. Ammo har safar davlatimizga nisbatan sahovatpeshaligi, domlalarimizga nisbatan esa ziqnaligi tutib ketib 3 bahoga, yuguravergandan oyoq kiyimining tegi yedirilib ketgan semestrda esa 4 bahoga yopishni amallaydi. Ayrim hollarda «paynet-tochkasi»dagi pullar ortiqchalik qilib qolganda uni domlalarga «sovg’a» sifatida bermoqchi bo’lsa, ba’zi domlalar o’zini boyvachcha hisoblab, yoki pulning hididan hazar qiladigandek tutib tepasida bechorasifat bo’lib turgan va tilidan bol tomayotgan do’stimni hafa qilishadi. Nostradamus kabi bekorchi vaqtda bashorat o’ylab topish meni sevimli mashg’ulotlarim doirasiga kirmasada, oldindan aytishim mumkin, u har doimgidek yana semestr boshida har safar aytib kelgan qasamini nuqtasigacha o’zgartirmasdan takrorlaydi.

U faqat auditoriyada emas, mashinada ham Abrorning yonida N98 telefonini titkilab o’tiradi. U o’tirgan joy mashinaning 5 yulduzga ega yagona joyi bo’lib, uning o’rnini egallashga talabgorlar ko’p ham topilavermaydi. Ba’zan taqdir taqozosi bilan oldingi o’rindiq Mirazam ismli bo’yi Jeki Chandan qolishmaydigan do’stimiz bilan talash bo’lib qolishi mumkin. Nima uchun deysizmi? Yo’q-yo’q «krutoylik» uchun emas. Oldingi o’rindiqda o’tirgan janoblar (u yerda oddiy odamga pishirib qo’yibdimi) haydovchini o’z izmiga bo’ysundirishga, mashinaning ruliga qo’lini ham tekkizmay istalgan joyiga yurg’izish imkoniga ega bo’lishadi. Joy talashish jarayonida Jahonning tor doirada, ya’ni faqatgina mashina ichida qo’llaniladigan «Shallaqi» laqabi sharaf bilan esga olinadi. Mirazamni esa 10dan ortiq laqablarining birortasini ham esga olishga ulgurmasimizdan, Abrorning, hech kimning o’zini mensimaganliklaridan jahli chiqib baqirgani eshitilib qoladi (Damas o’zining nomidaligi birrovga bo’lsa ham esga tushib qoladi). Shunda Mirazamning esiga ertalab aynan Abror yordamida o’qishga kelgani tushadi va yuziga solmasliklari uchun to’ng’illagancha, yo’q hurmatini o’ylab orqadagi o’rindiqqa o’tiradi.

Mirazamning bunchalik «duhi» borligining sababi bor, albatta. U ham biznesmen. Oilasida oldi-berdi bilan shug’ullanadigan birorta ham odam yo’q bo’lsada, pul sanashda universitetimizning eng ko’zga ko’ringan «sovg’a»ga o’ch domlalari undan o’tolmaydi. O’zi yashab turgan Chinoz shahrida «Paynet» nomi bo’lsada, payneti ishlamaydigan «tochkasi», o’zining tili bilan aytganda «jevachka-qurut» sotadigan «chumchuqni iniday» do’koni, ishchisi «Photoshop» dasturini bilmaydigan fotosaloni bor. Ikki kunda bir marta Abrorning beminnat xizmat qiluvchi toychog’i yordamida O’zbekistondagi mavjud barcha uyali aloqa operatorlari bosh ofislariga birma-bir bosh suqib, qo’lini va cho’ntagini to’ldirgancha telefon kartochkalari olib chiqadi. Qaytishida uyiga kirmasdan oldin Chinozni aylanib telefon kartochkalarini sotib chiqadi hamda shahrida odamlar o’rtasidagi aloqa uzilmasligini ta’minlaydi. O’qishga kelishda esa yana telefon kartochka sotib olish uchun egasini hayotda ko’rmagan plastik kartochkalarni yig’ib oladi. Paynet ishlamagan kunlari uning ishi yurishdi deyavering (Nima uchundir bu yerga umuman aloqasi bo’lmasa-da, «Otning o’limi itning bayrami» degan maqol esga tushib ketdi).

Mirazamni bemalol bozor iqtisodiyoti sharoiti yetkazib bergan sahiy, sahovatli biznesmenlardan biri deyish mumkin. U o’qishga kelgach cho’ntagida puldan ko’ra qo’li ko’proq turadigan talabalarga haqiqiy g’amxo’rlik ko’rsatadi. Ularni tashqi dunyodan uzilib qolmasliklari uchun, telefonlarining ishlashini ta’minlash maqsadida o’z yonidan to’lab bo’lsa ham telefon kartochkalari berib turadi. Faqat talabalar o’z oyligi bo’lmish stipendiyaning yarmidan ko’pini Mirazamga tutqazishlari dilni biroz xira qilishi bor. Ey, noshukurchilik ham evi bilande, bir oy davomida telefoningni uzluksiz ishlashini ta’minlaydigan odamga bir kunlik sayr-sayohatgagina yetadigan pulni ajratsang sendan nima ketdi? Biznesga shu qadar berilganki, hatto hojatxonada ham o’tirib olgancha bir qo’lida telefon, bir qo’lida qog’oz (to’lov qog’ozi, nima deb o’yladingiz?), kimlar bilandir biznes rejalar haqida qizg’in muhokama qiladi.

U o’z qadr-qimmatini juda yaxshi biladi. O’zini «doda», «boyota», «oqsoqol» deb chaqirishlariga qarshilik qilmaydi. Ammo biroz va’dabozligi borligi uchun bizdan o’ziga xos va o’ziga mos laqab «echki» nomini qovoq-tumshuq qilib bo’lsada qabul qilib olgan va yuqorida aytganimiz kabi janjallarda birinchi aynan shu laqab yoki echkinining erkagi – «taka» yuziga solinadi. O’qituvchilarga bo’lgan mehri tufayli bo’lsa kerak, ularni qiynamaslik uchun o’qigisi kelmaydi. Bizga o’xshab parta quchoqlab uxlaydi, faqat yagona farqi – og’zi qovog’ari ham bemalol sig’a oladigan darajada ochiq bo’ladi. Albatta, auditoriya qovog’ari ovoziga o’xshab g’ong’illab tursada qovog’arining o’zini topish juda mushkul vazifa. Shu sababli ham biz – Mirazamning «mehribon» og’aynilari og’zi bo’sh turmasligi uchun qovog’arining o’rniga buklangan qog’oz varag’i, siyohi otilib chiqib turgan ruchka, biznesmenligini hisobga olib 50 so’mlik tanga tiqib turamiz. Hech narsa topilmay qolganda esa Sherzod (men emas, adashim) partaning tagidan, devor kovaklaridan, universitet polidan topib yig’ib yuradigan, chaynalishga yaroqsiz, sochga va kiyimga yopishtirishga yaroqli holga kelgan jevachkalaridan birini berib turadi. Og’ziga kirgan narsa o’ziga foyda keltirmasligini bilgach, Mirazam zahrini sochgancha «mehribonlik» ko’rsatgan kursdoshining ajdodu-avlodini «podryad» so’kmoqchi bo’ladi, ammo shu paytda bizga domlaning dars o’tayotganligi ma’lum bo’lib qolib, qizarib bo’zargancha, tilini tishlari orasida saqlashga majbur bo’ladi.

Darvoqe «jevachkachi» adash do’stim haqida eslab o’tmasam bo’lmas. U ham tor doiradagi «kengash»imizning to’laqonli a’zosi hisoblanib, mashinada bir bekatga – «Shahriston» tomonga boradi. Haydovchi Abror har kuni TATU oldidan «razvorot» qilib olish uchun o’tish joyi qilib bermagan shahar ma’muriyatini ichida «shirin» so’zlar bilan «siylasa», Sherzod qo’shtirnoqsiz, to’g’ri ma’noda aytiladigan shirin so’zlar bilan esga oladi, sababi o’zingizga ma’lum – qarama-qarshi yo’lga tushvolish uchun benzinni sarflab (ahmoqqa o’xshab) «Shahriston» bekatigacha borish kerak bo’ladi. «Jevachka» laqabini hech kim unga ataylab o’ylab topmagan, meros qilib qoldirmagan; o’zining «ajoyib» harakati evaziga ushbu laqabni avval domladan, keyin esa guruhdagi kursdoshlaridan eshitishga majbur bo’lgan va hozir ham kezi kelganda gapni gapga ulash uchun undan foydalanib turiladi. Boshdagi quyoshdan himoya qiladigan ochkini partaga qo’yib o’ylab ko’radigan bo’lsak, avvalgi «bomj»ga qaraganda bu juda yomon laqab emas. E mayli, do’stimni hijolatga qo’ymay, yaxshi gaplardan gapiraqolay.

Sher «Qashqirlar makoni»ning ashaddiy ishqibozi. Har payshanba turklarning qaysidir kanalida qo’yiladigan serial juma kuni erta tongda uning iltimosiga ko’ra (bu do’stim ham Jahon kabi «Qo’qonlik ballar»dan bo’lgani bilan buyruq berganini eslay olmayman) uyida «videlenka» bor kursdoshlar Youtube.com saytidan ko’chirib berishadi. Po’lat Alamdar esa uning ideali. Yurishida ham, turishida ham unga o’xshashga harakat qiladi. Afsuski, mashhur serial qahramoni kiyadigan kostyum-shimlar nusxasi 72-avtobus ohiridagi buyum bozorida sotilmasligi bois, tashqi ko’rinish tomonidan Po’latga o’xshash nasib qilavermaydi. Shunday bo’lsada, «Otdan tushsa ham egardan tushmaydigan» do’stimiz Po’lat kabi yurishga, aniqrog’i qadam tashlashga harakat qiladi. Ehtimol, uning yurishini serial qahramoninining o’zi ko’rganida havas qilarmidi. Har shanba auditoriyaning so’nggi partalarida «bo’rilar» haqidagi serialning «norasmiy» muhokamasi bo’lib o’tadi. Sherzoddan eshitganim, eng so’nggi xabarlarga ko’ra Po’lat Alamdar kimlarnidir yo’q qilish uchun yana 100 ta seriyaga yetadigan reja ishlab chiqqanmish (Mafiya otasining o’zi va tomoshabinlar haqida birdek qayg’urishi tahsinga sazovor).

Sher ko’pincha Asomiddinning yonida (men o’tirmay qo’yganimdan beri) o’tirib olib, «Qashqirlar» bizning jonimizga tekkanda jevachka, e uzr, futbol haqida ham bahs olib boradi. Suhbat mavzusi, albatta, militsionerlardan boshqa hech kim ko’rmaydigan O’zbekiston chempionati haqida emas, Yevropa chempionatlari haqida bo’ladi. Shunda men, yuzimda xursandchilik alomatlari paydo bo’lib, kechasi uxlamasdan futbol ko’rganim bekorga ketmaganini his qilgancha, o’zimning futbol haqidagi oddiy muxlis bilishi mumkin bo’lgan barcha bilimlarim bilan suhbatiga aralashib turaman. Suhbat ohir oqibat Asomiddin tomonidan kimningdir ustidan kulish bilan yakuniga yetishini hisobga olmasa, maroqli kechadi.

Tashqi tomondan, deputatlarning oddiy odamlardan ko’krak qismiga qadalgan ordensifat bayroqcha farqlatib tursa, Asomiddinni, o’rama bo’lib o’zi xohlagan joyiga qarab o’sib ketishini oldini olish maqsadida har yarim oyda kaltalatib turadigan, Pushkinnikidan anchagina farq qiladigan sochi orqali boshqa bolalardan osongina ajratish mumkin. Bu albatta tashqi ko’rinishdan xolos. U bilan hech bo’lmaganda 15 daqiqa gaplashgan kishi, so’zga ustaligidan hayratga tushadi. Domlalar Asomiddin aralashadigan suhbatimizga o’zi bilmagan holda quloq tutib qolsa, darhol «qizlar orasida o’sganmisan», deb yerga urib qo’yishadi. Istalgan gapga qarshi undan ham kulgiliroq gap topib beradigan do’stim uchun bu haqoratdan boshqa narsa emas, albatta. Zero, so’zamollik qizlarda ham kam uchraydigan hislatdir. Domlalar gapni biroz to’g’ri qo’yishsa, ya’ni «qiziqchilar orasida o’sganmisan» deb so’rashsa, ayni muddao bo’lar edi. Uning qiziqchiligi asosan kimlarnidir kamsitish, ustidan kulishga yo’naltirilgani uchun, ko’pchilik «suhbat mavzusi» bo’lib qolishdan cho’chib gapini o’ylab gapiradi. Uni o’zining ham, qizlarga anqaygancha, g’odayib turgan truba uchiga urilib shimini yirtvorgani kabi, kulgili vaziyatlarga tushib turadigan odati yo’q emas. Ana shunda, ichida o’zini unga muxolifat deb hisoblaydigan kursdoshlarning «kuni tug’adi», bir haftaga bemalol yetadigan mavzu topilganidan xursand bo’lib, kulgancha, voqeani baralla, hamma eshitadigan qilib ovoza qilishadi.

Do’stimning bu hislatini kursdoshlarim ichida dastlab men payqaganman. Birinchi kursda yo’limiz «Xadra»gacha bir bo’lgani sababli uyga avtobusda birga ketardik. O’shanda, odatdagi sentabr kunlarining birida, o’qishdan qaytishimizda, bekatda o’zimiz hali yaxshi tanimaydigan qiz kursdoshimiz – Lobar iltimos bilan bizni to’xtatdi. Bizdan 3-4 metr narida turgan bolani ko’rsatib, «Iltimos, yonimda ozgina vaqt turinglar, anavi bola meni uyimgacha kuzatib bormoqchi» deb qoldi. «Ho’p», deb avtobusi kelgunicha yonida turdik. «Sizlar hech qachon qizlarni orqasidan uyigacha kuzatib bormanglar» degandi, darhol Asomiddin «Biz qizlarning ketidan ovora bo’lib kuzatmaymiz, qizlar o’zi bizlarga uyimga kuzatib qo’yinglar, deb iltimos qilishadi» deb qoldi, Lobarni nazarda tutib. Nima bo’lardi, qiz men kabi Asomiddinning «shirin» tili borligidan bexabarligi bois, bizga iltimos bilan murojaat qilganidan ranjidi. Aslida qizni uyiga kuzatib qo’yish «boshog’riq»dan boshqa narsa emasdi. Uni avtobusiga bizga ko’rsatgan bolasiz chiqarib yuborganimizdan so’ng, Asomiddin kechasi zavodda ishlagani uchun uyqusizlikdan qizarib ketgan ko’zlarini ishqalagancha uyiga, men esa ro’zg’orga ertalab cho’ntagimga solib olgan ro’yhatda bor narsalarni olish uchun «Chorsu» bozoriga jo’nadim. Ertasiga esa kecha bo’lib o’tgan voqeani bekorchi kursdoshlarimizga gapirib berib, barchani kuldirdi. O’sha vaqtda darhol telefonim «spravochnigi»da «Asomiddin» yozuvidan so’ng tagida «Bir qarich til» deb yozib qo’yganman va haligacha u o’zgargani yo’q.

Birinchi kursda «sirkasi suv ko’tarmaydigan» bola edim. Shu sababli birinchi bo’lib aynan, ismi ko’rga hassa qilib «Asomiddin» deb qo’yilgan bola bilan urishib qolganman. «Rus tili» kafedrasida, qurilganidan beri suv ko’rmagan bo’lsa ham doim sirpanchiq bo’ladigan zinadan tushayotgan paytimda sirpanib, yangi olgan tufligimning poshnasini ko’chirib olganman. Menku, darhol 3 parali darsni domlalarga nasiya qilib uyimga ketvorganman. Men bilan birga o’sha zinadan tushayotgan Asom barcha voqeani kursdoshlarga aytib beribdi. O’shandan keyin 1 haftacha u bilan ketmaslik uchun o’zim uchun yangi kashf qilgan boshqa yo’ldan yurgandim. U bilan birga o’tirmasligim kinoyali tilidan emas, albatta. Qolaversa, birinchi kursdan keyin yuz terim qalinlashib, «oddiy» gaplar ta’sir qilmaydigan bo’lib, javobini ham darhol qaytarish hususiyati, fizikadagi «Yo’qdan bor bo’lmaydi» qonuniga ko’ra paydo bo’lmagan, balki yuzaga chiqqan.

Tashqi tomondan tirishib o’qiydigan a’lochi bolalarga o’xshamaganim va orqa partalardan birini band qilganim uchun bo’lsa kerak, domlalar meni dastlabki ko’rishda «Kamchatka»ning doimiy a’zosi hisoblab yaxshi baho qo’yishni xohlashmaydi, ammo semestrning ohiriga kelib, sa’y-harakatlarim natijasida fikrlari 180 gradusga o’zgarib qoladi. Starostamizning aytishiga ko’ra pishiq va ziqna odamligim bois (uning gapida jon bor, har oy uning qo’lidan stipendiyamni 100 so’mlikkacha aniqlikda yaxlitlab, sanab olaman), domla va talaba munosabatiga pul va turli-tuman «sovg’a»lar aralashtirgim kelmaydi. Nima? Buning iloji yo’q deysizmi? Judayam borde! Darslarga tayyorlanish, davlatimiz jinoyat deb hisoblamaydigan, axloq normalaridan chetga chiqmaydigan usullardan foydalanish mumkin. Masalan ochiq chehra va shirin muomala bilan ishlarni hal qilsa ham bo’ladi. Ammo nima uchundir kursdoshlarim men va darslarni nuqtasigacha yodlab olib a’lo baholarga o’quvchi Orif ismli kursdoshimga ahmoqona – «O’zga sayyoralik» yoki «Marslik» deb laqab qo’yib olishgan.

«Kamchatka» tomonlarda kun ko’ruvchi kursdoshlarim mendan ko’ra boshqacha fikrda bo’lishadi. Kafedra ostonasida domlaning bo’sh vaqtini sarg’ayib kutish davomida zerikib qolmaslik uchun turli ishlar qilib ko’rishadi. Mening fikrimcha, bo’lmag’ur ishlardan biri – qaysidir kafedrada (nomini bilsam ham aytmayman, o’qishni eson-omon tugatib olishimiz kerak) domlani kutib-kutib xunob bo’lishgan. Domla esa kafedra eshigidan tashqariga dumaloq kallasini chiqarib, «ming bor uzr so’rab» bugun qabul qila olmasligini, yozuv chizuv, qog’ozbozlik ishlari (byurokratiya qursin!) borligini aytgan. Talaba ko’p narsaga ulgura oladigan ikki soat vaqt osmonga uchib ketganligini anglagach, jahl bilan kafedraning e’lonlar taxtasi, turli jadvallar turadigan doskalarni tovuq ne hasrat ila qo’ygan tuxum bilan «moylab» chiqishgan. Bir haftadan keyin ko’ring ahvolni! Domla auditoriyaga kirib olib talabalarni «optom» qabul qiladigan bo’ldi.

————-Essiz, bu yerda reklamangiz bo’lishi mumkin ediya!..————-

Bu kabi voqealar biz talabalar hayotida ko’plab uchrab turadi. Muhimi kayfiyatni tushirmaslik, qolgani o’z-o’zidan bo’ladi. «Eh Martusha, g’am-g’ussaga ne hojat» deb Ivan Vasilevich Ivan Grozniy qiyofasida aytgan bo’lsa, biz ust-boshimiz – jinsi shim, futbolka va elit tipdagi galstukni o’zgartirmasdan baralla aytamiz, «Talabalik haqiqatda oltin davr, faqatgina «oltin»ingiz bo’lsa bas!» :))

[davomi yo’q :)]

Toshkent, 2010-yil.