Toshkentdagi bir haftalik dam olish tezda o’tib ketdi. Bangkokdagi ishga qaytishdan oldin 2 kunga Singapurni aylanib chiqadigan bo’ldim.
Singapurga faqat tranzit holatda vizasiz borish va 96 soatgacha qolish mumkin. Masalan siz Malayziya yoki Taylandga ketayotgan bo’lsangiz, Singapurga 4 kungacha kirib o’tishingiz mumkin bo’ladi. 4 kun – shahar-davlat hisoblangan Singapurni aylanib chiqish uchun yetarli muddat.
Toshkent aeroportida bu safar yo’lovchilar yoki kam edi, yoki yashil yo’lak tashkil etilgach ular tezda kutish zaliga o’tib ketishgan. Ha, aeroportda o’zgarish bo’lgani aniq. Hodimlar ochiq yuz bilan muomala qilishyapti, tekshiruvlar tezlashgan.
Aeroport kutish zalida namoz o’qish uchun alohida xona ajratilgan. Boshqa davlatlardagi sharoit bilan taqqoslaganda, xonaning o’zida tahorat olish joyi yo’q, konditsioner o’rnatilmagan (juda issiq) hamda ayollar uchun alohida joy ajratilmagan. Mayli, shunisiga ham shukur! Yaqin yaqingacha namozxona umuman bo’lmagandi ham.
Men uchadigan reys dastlab Singapurga boradi, keyin Malaysia Airlines yo’lovchilarni Kuala Lumpurga eltadi. Shu sababli kutish zalida malayziyaliklar ko’p edi. Samolyotda esa malayziyalik yoshi katta ayol bilan yonma-yon o’tirib suhbatlashib ketdik.
Ma’lum bo’lishicha, deyarli barcha malayziyaliklar O’zbekistonga Imom Buxoriyning qabrini ziyorat qilish uchun kelisharkan. Safarligi Navro’z bayramiga to’g’ri kelgani uchun, suhbatdoshim bayram bilan qiziqdi. O’zbek xalqiga esa bir so’z bilan izoh berdi: «so friendly!». At-Termiziy maqbarasi haqida aytganimda esa, hayron bo’lib qoldi. Termiziyning qabri ham O’zbekiston hududida ekanidan xabari yo’q ekan shekilli.
Men o’zbekistonlik bo’la turib Imom Buxoriy hazratlarining qabrlarini ziyorat qilishni hayolimga ham keltirmagan ekanman. Ajdodlarimiz bor deb ko’krak keramizu, ularni ziyorat qilish haqida o’ylab ko’rmaymiz. Loaqal Qur’on tilovat qilib qo’yish hayolimizga kelmaydi. Chetga chiqqanda esa Buxoriy yoki Termiziy nomini o’rtaga qo’yib maqtanishni, musulmon davlatlariga borganimizda muhaddis allomalarimizning nomlarini o’rtaga qo’yib savdolashishni bilamiz.
Suhbatdosh Baytul Maqdisga (Masjidul Aqso) borganini gapirib berdi. Eski masjidni, payg’ambarimizning Me’roj kechasida masjidga kelgan joylarining rasmini ko’rsatdi. Bari ajoyib! Nasib qilsa, men ham o’sha ziyoratgohlarga boraman. Masjidul Harom (Makka) va Masjidun Nabaviy (Madina) dan ko’ra Masjidul Aqsoga (Quddus) borish birmuncha oson, navbat kutishning hojati yo’q. Toshkentdan Isroilga to’g’ridan to’g’ri reys bor. Tur-paketni ham topish qiyinchilik tug’dirmasa kerak.
7 yarim soatdan ortiq davom etgan uchish yakunlanib, dunyodagi eng zamonaviy va chiroyli aeroportlardan biri Changi aeroportiga qo’ndik…