Quyidagi maqolani avvalgi yozilgan maqolalarga qo’shimcha sifatida qabul qilasiz degan umiddaman:
Bangkok bo’yicha avvalgi maqolalar: https://walker.uz/tag/bangkok/
Iyulda «darbadarlikka» 7 oy bo’larkan.
Xorijda ishlash fikri 2017-yil noyabrda, Kuala-lumpurdagi bir oylik xizmat safaridan so’ng paydo bo’lgandi. Hozirgi ish joyim Drupal-dasturchilar uchun mo’ljallangan jobs.drupal.org dagi bir necha vakansiyalar orasida bor bo’lgan, aniqrog’i Rawpixel stok-foto provayder kompaniyasi rezyumeni ko’rib chiqib, intervyu belgilagan. Rekruiter Gemma (ajoyib xushchaqchaq londonlik qiz, rekruiterlikdan boshqa vazifalari ham bor) bilan bo’lib o’tgan qisqa intervyudan so’ng, dasturchi Vinni suhbatga qo’shildi va test-topshiriqlar berdi. 3 ta topshiriqning 1.5 tasini amallaganim yetarli bo’lgandirki, 3 oylik shartnoma bo’yicha ish taklif qilishdi (bir yarim oydan so’ng, doimiy ishga taklif qilishdi).
Bangkokga kelishdan oldin shaharni palmalarga burkangan, dengiz yaqinida deb hisoblab adashgan ekanman. Bangkokdan eng yaqin dengiz plyajigacha 3-4 soatlik yo’l. Yaqin plyaj – Pattaya shahri yaqinida bo’lib, avval 2 soat avtobusda, keyin 1 soat paromda boriladi (Dam olish uchun yaxshisi Phuketga borgan ma’qul, u yerga samolyotda borishga 1 soat ketadi).
Bangkokning birinchi navbatda e’tiborni tortadigan qismi – baland oynali zamonaviy binolar va shifer tomli pastqam eski uylar bitta ko’cha joylashgan, ba’zan qo’shnilik ham qilishadi. O’zingizdan qolar gap yo’q, bizda yangi quril(ayot)gan binolar yaqinida eski uylarni ko’chirib tashlashadi.
Ob-havo qanaqa?
Dekabr oyida Bangkokda 25-30 gradus atrofida ideal ob-havo hukmron bo’ladi va mart oyigacha davom etadi. Mart-aprel eng issiq oylar, lekin O’zbekistonning yozida issiq choy ichadigan o’zbek uchun qo’rqinchli issiq emas. Har xolda harorat bizning issiqdan biroz pastroq. May oyidan oktyabrgacha yomg’irlar mavsumi davom etadi. «Mavsumi» deganda vahimali eshitilishi mumkin, aslida haftasiga 2-3 kun, 30-40 minutdan yog’sa kerak. Vey, o’zimizning may oyidagi bahor havoside.
Uy-joy
Uy ijarasi narxlari joyning metroga yaqin yerga joylashganiga; shahar markazida joylashganiga; oshxonasi va konditsioneri borligiga; yotoqxonalar soniga; binoda basseyn, trenajer zali, parkovkasi mavjudligiga qarab, 3000 batdan ($100) boshlanib, 100 000 gacha boradi. Hozirgi yashab turgan joyim 2 xonali, barcha qulayliklariga ega kichik kvartira bo’lib, bizdagi elit turar joy majmuasiga o’xshash binoda joylashgan. Bino tomida basseyn va trenajer zali bor.
Tayland turistik shahar, shuning uchun bizga o’xshab ba’zan sayyohlarni narh masalasida «kiydirib turishadi». Ha endi insof bilan. O’zimizda soati 20 ming so’mlik chang’i ijarasini chet elliklarga 20 «do’llir»dan kiydirishni eplaydigan «uchar» «biznesmen»larimiz borligini bilganim uchun, taylandliklarni insofliroq ko’rinsa kerak.
Bu yerda siz doimiy sayyoh maqomidasiz, qancha muddat yashaganligingiz esa ahamiyatsiz. Ba’zi xizmatlar rasman oshirilgan narxda ko’rsatiladi yoki yo’l chetidagi motobaykchi «hava yu, ver ar yu going, mister» deb turadi (tanisa ham).
Dam olish
Allaqachon Bangkokning e’tiborga molik teshiklariga kirib-chiqib bo’lganmiz. Budda ehromlari, «glamurniy» qirol saroyi, chao phraya daryosi, shopping markazlar – qizig’i qolmadi. Plyajga chiqishga esa – hozir yomg’irlar mavsumida tagi ko’rinib turadigan tiniq suvli qirg’oqni topish uchun yomg’ir yog’masligini 2 kun avval kutish kerak. Nasib qilsa noyabrda ko’proq muddatga chiqamiz.
Ayolim va 2 yoshli bolam (Zokirjon) ham men bilan birga. Ular uchun Bangkok zerikarliroq, kunora ko’chani aylanib kelishadi, Zokirjon basseynda cho’miladi.
Rawpixel
Jamoa yaxshi kutib oldi, tez orada chala ingliz tilim bilan ham chiqishib keta oldim. Rawpixel – internatsional kompaniya. Asosiy ofisi Londonda, Bangkok esa hab ko’rinishidagi filial bo’lib dunyoning turli davlatlaridan mutaxassislar yig’ilishgan. Masalan, menedjerlar taylandlik va filippinlik, bosh dasturchi fransuz, 2 frontend dasturchilar ingliz va hind; keyword-jamoasida taylandliklar bilan birga shved, koreyalik bor.
Mahalliy mentalitet
Aholining 90% qismi budda ixlosmandlari bo’lib, dinni mahkam tutishgan. Buddizm ularning hayotini aks ettiradi va dunyoqarashida muhim rol tutadi. Masalan (menga yoqmaydigani), taylandliklar juda sekin harakat qilishadi va asabiylashishmaydi. Eskalatorda turib olgan odam telefonini kovlagancha orqadagilarga yo’l bermasligi mumkin, orqada turganlar yo’lto’sarning «muhim» ishlarini tugatib olishini kutishadi. Yoki yo’llarda qoidaga ko’p ham qat’iy amal qilishmaydi va oqibatda hech kim bir birini so’kmaydi.
Taylandliklarni yosh bolaga o’xshataman, biror narsani tushunishmasa ham noto’g’ri maslahat berishadi yoki bilganligini qilishadi. Yaxshisi asabiylashmasdan, ularni boricha qabul qilgan ma’qul.
Xulosa
O’zbekistonga qaytamanmi? Albatta, lekin yaqin orada emas. Bu yerda dasturlash bo’yicha bilimlarim oshdi, dunyoqarashim o’zgardi. Katta ehtimol bilan Taylanddan so’ng keyingi ish joyim boshqa xorijiy kompaniya bo’lishiga harakat qilaman.
Dasturchilar, dunyo kezish bizning sohada qiyin emas. O’z tajribangizni oshiring va albatta til o’rganing.