Qur’on o’rganish haqidagi tajriba

Quyidagilarni faqatgina ma’lumot o’rnida qabul qilasiz. 

Avvalo bu videoni ko’rishni tavsiya etaman:

15 minutda Qur’on o’rganish videosini chiqargan kanalning Youtube’dagi nomi – Nur. Tatarlarniki, lekin aksentsiz ruscha gapirishadi. Bu kanalni Qur’onni qanday qilib o’rganishni qidirganimda topgandim. O’zbek tilida videokurslar yo’q (afsuski), turkcha videoni tarjima qilishgani borakan, alif harfini «elif» deb o’qiganidan keyin, boshqa kurslarni qidirishda davom etgandim.

Darslarni Rossiya musulmonlar idorasi huzuridagi Qur’on fanlari o’qituvchisi, shariat fanlari va arab filologiyasi bakalavri Ilyos Ilyosov tushunarli va sodda tilda olib boradilar.

Pleylistda 66 ta video bor, videokursda harflarni o’rgatishdan boshlab, ohirgi videosi Yasin surasiga kelgan (yana yangilari chiqsa kerak).

Videodagi harflarni qanaqa yozilishini yoki qanaqa o’qilishini tushunmaganda vikipediyadan arab alifbosi jadvali bilan solishtirishi mumkin:

https://en.wikipedia.org/wiki/Arabic_alphabet

Qiziq tarafi ingliz tilida so’zlarni to’g’ri o’qiy olish arab harflarini o’rganishda ham qo’l kelarkan. Masalan ث harfi «think» so’zidigi «th» talaffuzi kabi o’qiladi, ذ harfi «them», «there» so’zidagi «th» kabi talaffuz qilinadi.

Videokursda harflarni 1 oyga qolmay o’rganib olish mumkin, muhimi daftar-ruchka bilan yozib borish, mashq qilish kerak.

Tajvid

Albatta Qur’onni harf tanish bilan o’qib bo’lmaydi, tajvidni ham bilish zarur. Videokursda 26-darsdan Qur’on o’qish boshlangan, shunda savollar tushunmagan joylar chiqib keladi. Videokursni 30-videogacha o’rganib, keyin tajvidni to’liqroq tushunish uchun bu saytga o’tgan ma’qul:

https://umma.ru/tadzhvid/

Bu saytning yaxshi tarafi – arab yozuvlarini ustiga bossa, ularni o’qib beradi. Saytda grammatika va Qur’on o’qish qoidalarini o’rganib chiqqandan keyin, yana videokursga qaytilsa, qalqala, idg’om, izhar kabi terminlarda qiyinchilik bo’lmaydi.

Harflar va tajvidni o’rganib chiqqanimdan keyin daftar qisqa shpargalkaga aylandi, esdan chiqqan joylarini qarab olaman. Yaqinda ziyouz.com saytiga nimagadir kirganimda Munavvar qori Abdurashidxonov’ning Tajvidul Qur’on kitobini ko’rib qoldim:

http://n.ziyouz.com/books/islomiy/boshqa/Munavvar%20qori%20Abdurashidxonov.%20Tajvidul%20Qur’on.pdf

Munavvar qorini maktabda adabiyot darsida o’tgan edik. Fitrat, Cho’lpon kabi jadidlardan biri. Uning 21 varaqli kitobi – tajvid uchun haqiqiy shpargalka! Muallifni Alloh rahmat qilsin!

Qiroat

Qur’onni to’g’ri o’qish uchun arab tovushlariga quloqni va so’zlashuv apparatini moslash kerak. Qur’onni eshitishga Mishari Al-Afasiyning qiroati manimcha eng yaxshisi:

http://quran.uz/quron-audio/mashhur-qorilar/1339-hatm.html

Qur’on yodlash uchun ashula eshitishni Qur’on eshitishga almashtirdim. Foydasi yaxshi bo’ldi, bir haftada kichkina suralardan 2tasini, 2 minutga yaqin suralarni bir haftada bittasini yodlasa bo’larkan.

Muslim Pro

Qur’onni Muslim pro programmasidan topsa bo’ladi:
https://play.google.com/store/apps/details?id=com.bitsmedia.android.muslimpro

Programmada tajvid qoidalari qo’llaniladigan harflar turli ranglarda belgilab chiqilgan. Shuningdek rahmatli shayh hazratlarining tarjimalari, Sa’d Al Gamdi qorining qiroatidagi audiosi bor. Al-Afasiyning qiroatini ham tanlasa bo’ladi, buning uchun $5 ga programmaga 1 yilga obuna bo’lish kerak.

Tafsir

Menimcha tafsir (Qur’on ma’nolari tarjimasi) bo’yicha «Tafsiri Hilol»ga yetadigani yo’q. Kitoblarni sotib olishning imkoni bo’lmasa, Google Play’dan dasturini ko’chirib olib, arzimagan pulga Click yoki Google wallet orqali sotib olish mumkin (~ $4):
https://play.google.com/store/apps/details?id=uz.hilal.tafsir

 

Hozircha shular. Omon bo’ling!