Tayland haydovchilik guvohnomasi qirollikda avtomobil va motobayk boshqarish uchun majburiy (hamma yerda bo’lgani kabi). Bizdagi tartibdan farqli ravishda qirollikda avtomobil boshqarish uchun va motobayk uchun alohida guvohnoma olish kerak.
Tayland guvohnomasining bir qator afzalliklari bor:
- Guvohnoma boshqa janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlarida (Malayziya, Singapur, Filippin, Indoneziya, va hk) o’tadi.
- Guvohnomani pasport o’rnida hujjat sifatida qabul qilishadi va ba’zi milliy park va attraksionlarga mahalliy aholi uchun belgilangan narxlardan foydalanish mumkin.
- Avtohalokat sodir bo’lganda, agar ayb sizda bo’lmasa qonun siz tomonda bo’lishi mumkin (ko’pincha avtohalokatlarda sayyohlarni aybdorga chiqarishadi)
- Besh yillik guvohnoma asosida xalqaro haydovchilik guvohnomasi olish mumkin.
Guvohnomani olish 250-500 bat turadi. Sizdan shunchaki mahalliy DAN binosiga kelib imtihon topshirish talab qilinadi. Yana bir variant – O’zbekiston haydovchilik guvohnomasini Taylandnikiga almashtirish mumkin. Quyida shuni ko’rib chiqamiz.
O’zbekistonning Bangkokdagi konsulligiga borib haydovchilik guvohnomasini notarial tarjima qilib berishni so’raysiz. Yarim kunda tayyorlab berishadi. Xizmat haqi 1600 bat (~$50) bo’ladi. Konsullikdan boshqa joyda qilingan tarjimalarni mahalliy DAN qabul qilmaydi.
Agar ishlash ruxsatnomangiz (work permit) bo’lsa, uning nusxasini chiqarib olasiz. Turistik viza bilan guvohnoma olib bo’lmaydi. Boshqa viza, masalan Non-o bo’lsa, u holda residence certificate nusxasi ham kerak bo’ladi. Residence certificate’ni turar joyning uzoq muddatli (1 yillik) shartnomasi asosida immigratsiyada berishadi, yoki O’zbekiston konsulligida ham taqdim etishadi. Yana pasport, viza va kirish shtampi urilgan sahifalarining nusxasi ham kerak.
Tay tilini bilmasangiz, agentlar xizmatidan foydalangan ma’qul. Men Fatboy ( https://www.facebook.com/Fatboyservices/ ) ni tanladim. Ularga to’lanadigan 2000 bat ichida med.spravka (odatda narxi 150-300 bat), guvohnoma narxi (250-500 bat) va agent xizmati haqi kiradi. Ular siz bilan yurib med.spravkani olishadi, qolgan protseduralarda ham o’zlari yordam berishadi va yarim kunda prava olishga muvaffaq bo’lasiz.
Qanday imtihonlar topshiriladi?
Guvohnoma almashtirishda yo’l qoidasi bo’yicha imtihon topshirilmaydi. Faqat 3ta testdan o’tiladi:
- Color blindness test. To’g’riga qarab turib, ikki yon tarafda o’zgarayotgan ranglarni aytish
- Depth perception test. 2 obyektni bir chiziqqa keltirish
- Reflection test. Qizil chiroq yonganda simulyatorda oyoqni gazdan olib tormozni bosish.
Keyin esa 1 soatcha yo’l harakati qoidalari haqida video qo’yib berishadi. Men uni ko’proq yo’l harakati madaniyati haqidagi video deb atagan bo’lardim. Videoda bir-biriga yo’l berish, qattiq signal chalmaslik, tezlikni oshirmaslik, shu kabi maslahatlar beriladi.
So’ngra 1 soat ichida chaqirib rasmga olishadi va 5 daqiqada haydovchilik guvohnomasini chiqarib berishadi.
Dastlab 2 yilga vaqtinchalik guvohnoma beriladi. Muddati tugagach 5 yillik haqiqiy guvohnoma olinadi.