Aeroportda topshirilgan test javobi kechga yaqin chiqqach, ko’chaga chiqish ruxsati tegdi (1-iyuldan boshlab, Taylandda koronavirus cheklovlari to’liq olib tashlandi). Bangkokda foydalanadiganimiz – Yandeksning analogi bo’lgan Grab dasturi taksi topib bermagani uchun, mehmonxonalar yaqinidagi taksi pitakka bordik.
– Shahar markaziga, «(falon)» tamaddixonaga.
– Ho’p, 300 bat.
– 250 bo’ladimi?
Taksichi biroz o’ylanib turib, «musulmon do’stim (muslim friend) ekansan, sanga 250 bo’ladi» dedi.
Nafaqat Phuket shahrining o’zida, balki Taylandning boshqa janubiy viloyatlarida ham musulmon taylandliklar ko’pchilikni tashkil qiladi. Eng janubdagi uch viloyati – Pattani, Yála va Narathivat o’rnida esa 400 yildan ortiq «yashagan» Pattani sultonligi mavjud bo’lgan. Sultonlik 120 yil oldin Tayland qirolligi bosqiniga uchrab tugatilgan. Aholisi orasida «qoraqalpoqchasiga» aytganda hozirgacha mustaqillikni talab qiluvchilar bor, biroz notinchroq hudud deyishadi. Birinchi marta Krabidan ekskursiyaga chiqqanimizda giddan ovqatni halolmi deb so’rasam, «Ha, halol. Biz musulmon davlatmiz» degan ma’noda gap aytgandi. U paytda tarixini bilmaganim uchun og’zim ochilib qoluvdi. :))
Taylandning janubiy viloyatlarida kolorit turli xil. Masalan, Krabi va Satun viloyatlarida musulmon jamoalari ko’pchilikni tashkil qiladi. Masjidlar va halol ovqat bo’yicha muammo yo’q. Ular o’rtasidagi Trang viloyati markazida esa atigi bittagina – «Madinatul Islom» nomli masjid bor (2020-yili borganimizda qidiruvdim). Eski masjidning yonidagi ikki qavatli xonaqohning qurilishini esa birnecha yildan beri tugata olishmaydi.
Phuketda avvallari ham bo’lganimiz uchun, bu safar plyajda 3 kun passiv dam olib, keyin Bangkokga uchdik.
* * *
Bangkokda uzoq muddat uchun ijaraga uy topish qiyin emas. Shartnomalar kamida bir yilga tuziladi, undan ko’p muddatda tuzilganda 1000-2000 bat chegirma so’rash mumkin. Umuman Bangkokda, Yevropa va AQSHdan farqli ravishda, uy va ijara bozori haridorlar foydasiga ishlaydi. Maklerlar xizmat haqini uy egasidan (ijaraga qo’yuvchidan) oladi, binoning yillik kommunal to’lovini (kvartplata) uy egasining o’zi to’laydi. Shunday bo’lsa ham, Bangkoktda kvartira topishda ba’zi jihatlarga e’tibor berish kerak:
- Bino qurilganiga besh yildan oshmagan bo’lishi (yuqori namgarchilik sababli, ko’p yillik binolarda dimiqqan yoki mog’or hidi kelishni boshlaydi);
- Kam etajli (low-rise, 7-9 etajli) bo’lmasligi (shovqin).
- Bino boshqaruv ofisining qisqa muddatli ijaraga izn bermasligi (Airbnb). Aks holda, sayyohlar binoni karvonsaroy qilib yuborishadi.
Men dastlab, kvartira emas, uy qidirib ko’rdim. Masalan, e’lonlar orasidan bu mahallaning rasmlari va joylashuvi yoqdi: https://goo.gl/maps/LSy7gRiMbGFiYaHp9
Mahalladan ishxona va maktabgacha 10 km. Faqat yana avtomobil sotib olish (yoki ijaraga olish) kerak bo’lardi, chunki Bangkokning jamoat transporti (avtobuslari) Kuala Lumpurdagi kabi qulay emas.
Makler bilan uy oldida uchrashishga kelishib, u kelguncha mahallani aylanib chiqdim. Avtomobil shovqini yo’q, atrof yam-yashil, qushlar sayrab turipti, ko’chalar qo’riqlanadi, kirishda shlagbaum bor. Ajoyib! Mahalla yoqdi. Uyning o’zi esa… Egasi uyni orasta tutmagan, devorlar qirilib, oshxona kafellari sinib yotipti. Bo’lmasa mahalla qurilganiga besh yil ham bo’lmagan, quruvchi-developer hamma uylarni standart remonti bilan topshirgan! Xullas, ertalabki yaxshi kayfiyat «xayrni nasiya qilib survordi». Shunaqa… tozalik bo’yicha taylandliklar va bizning standartlar turlicha…
Uy egasi, agar bir oy kuta olsam, uyni kosmetik remont qilib berish taklifini berdi. Men boshqa variantlarni ko’rib chiqmoqchi ekanimni aytib, «oyoqni berdim». Yo’l-yo’lakay Toshkentga qaytmasdan avval yashagan joyimiz – turar-joy kompleksi yonidagi makler ofisiga kirib chiqdim (deyarli barcha turar-joy binolari tagida makler ofisi ham bo’ladi). U ba’zi variantlarni ko’rsatdi, ular orasida oldin hech kim yashamaganligi uchun yangidek turgan kvartira yoqdi. Shunday qilib, mahallada yashash «orzusini» yana ikki yil ortga surib, ko’rganim – 82kv.m.li 3 xonali kvartiraga ko’chadigan bo’ldik.
Turar-joy kompleksi maktabga ham 3 km uzoqlikda joylashgan. Supermarketlarga ham, savdo markaziga ham piyoda yetib olish mumkin. Alohida ajratilgan polosaga ega avtobus bekati yaqin. Kvartirada yashashning ustun tarafi ham shu aslida, qulay infrastrukturaga ega.
Darvoqe, ikki yilcha oldin qiziqishga video-blog yozib yurgan paytlarim, bino haqida ham video tayyorlagan edim
* * *
Ijara masalasi hal bo’lgach, bolamning birinchi sinfini tugatib qo’yish uchun, o’qishini Bangkokdagi maktabiga «ko’chirish» qoldi. Baxtga qarshi, Toshkentdagi maktabidan uning ohirgi chorakdagi o’zlashtirishi ma’lumotlarini ham, maktabda o’qiganligi haqidagi ma’lumotnomani (spravka) ham olishga hafsala qilmagandim…