Masofadan turib ishlash

masofadan ishlash

COVIDning o’zimga o’zim sartaroshlik qilishni o’rganib olganimdan boshqa yana bir «foydasi» – masofadan (uydan) turib ishlashga majburan ruxsat berishgani bo’ldi. Shu tariqa hozirgacha masofadan ishlashga o’tdim. O’tgan yili hybrid rejim qilib (ikki kun ofisda, uch kun masofadan) ham ko’rmoqchi bo’ldim. Ammo ofisda hech kim bilan tuzukroq ijtimoiylashuvning imkoni bo’lmadi, sababi qolgan dasturchilar ham masofadan ishlashayotgan edi.

Bu maqolada masofadan turib ishlashning qulayliklari haqida aytib o’tirmoqchi emasman, asosan u haqidagi yanglish tushunchalar va kamchiliklarini yoritib berishga harakat qilaman.

«Nimalar qilayotganingni qayerdan bilaman?»

Ish beruvchi masofadan ishlayotgan hodimining nazoratsiz qolishidan havotirlanadi. Ofisda bo’lsa, uni kuzatib turish mumkin. Aslida bu yanglish xulosa. Yuqori malakali hodimning ish vaqtini nimaga sarflashi emas, uning natijasi muhim bo’lishi kerak. Aks holda, mikromenejment yaxshilikka olib kelmaydi. Dasturchilarga kelsak, ular vazifalarni biror task-menejerdan olib ishlashverishadi. Ularning keltiradigan natijasi nazorat qilinadi, vaqti emas. Shuningdek, kerak bo’lganda tezda aloqaga chiqish, korporativ chatda darhol javob yozish masofadan turib ishlayotgan hodimga nisbatan ishonch uyg’otadi. Har kuni qilingan ishlar bo’yicha hisobot yozib boriladi. Qisqasi – natija va aloqa.

«Tinchlik kerak!»

Uyda hech kim bezovta qilmasliklariga erishish qiyin, ayniqsa masofadan turib ishlashning dastlabki oylarida. Farzandlar maktabga ketishgan taqdirda ham uy bekasi nimalarnidir so’rab bezovta qiladi baribir. Bolalar uyda bo’lsa shovqinsiz o’tirishning imkoni yo’q. Oila a’zolarining ish vaqtida bezovta qilmasliklariga erishish imkonsiz bo’lsa, kafe yoki coworking joylariga (yoki ofisga ;)) borib ishlagan ma’qul.

«Odamovi»

Eng katta kamchilik ham shu aslida. Ko’chaga kam chiqish, odamlar bilan jonli suhbatning yetishmasligi ohir oqibat masofadan turib ishlovchini odamovi (introvert) qilib qo’yadi. Hattoki gapirishni esdan chiqarishgacha olib boradi, so’zlashayotganda oddiy so’zlar ham esdan chiqib qoladi.

«Bugun qaysi kun?»

Kunlarning bir xilda o’tishi odamni stressga tushiradi. Go’yoki abadiy bir joyda qotib qolgandek hissiyot beradi, ishlashga ishtiyoq tushib ketadi.

«Ko’lankasi maydon»

Sog’liqni o’ylamaslik faqat masofadan turib ishlashga aloqador emas, ammo uydan ishlaganda jismoniy mashqlar bilan shug’ullanish majburiy. O’zi aslida 30 yoshdan keyin sport bilan shug’ullanish, hech bo’lmaganda har kuni 15 daqiqa yugurish shart. Qarilikdagi hamma kasalliklar 30 dan keyin yig’ilishni boshlaydi. Qiyshiq bo’yin, bukri yurish, qorin chiqishi – hammasi kamharakatlikning oqibati.

* * *

Masofadan turib ishlash hodim uchun ko’p qulayliklar beradi, ammo qulayliklarga ega bo’lish majburiyatlarni bajarmaslikka olib bormasligi, tana va aql sog’lig’iga zarar yetkazmasligi zarur.

P.s. Ish vaqti boshlanganda ham yotog’ida uxlaydigan, tezda aloqaga chiqmaydigan, asosiy ish o’rniga boshqa ishlari bilan shug’ullanadigan hodimlar haqida to’xtalib o’tirmayman. Ular masofadan turib ishlashga noloyiq ekanliklarini o’zingiz ham yaxshi bilasiz.