Dasturchi 35 dan keyin: Stabil ish, kofe va yangi rol izlash

Dasturchi software architect

Dasturchilik dunyosida 20 yoshli “junior”ning energiyasi bilan 35 yoshli tajribali mutaxassisning qarashlari bir xil bo‘lmaydi. Vaqt o‘tgan sari qadriyatlar, kuch-quvvat, hatto motivatsiya ham o‘zgaradi. “Super-pupper” startaplar, “yozib bitolmaydigan” yangi g‘oyalar endi avvalgidek qiziq tuyulmaydi. 35 dan keyin ko‘p dasturchilar uchun asosiy qadriyat – bu stabil ish joyi, barqaror daromad va tinchlik.

Kalla kofesiz ishlamaydi

Avvalgi yillarda bir kechada butun loyihani yozib tashlash, kodni “refactor” qilish uchun tun bo‘yi uxlamay ishlash odatiy edi. Endi esa bitta “pull request”ni yozishdan oldin ham kofe kerak bo‘ladi. Haqiqat shuki, organizmni aldab bo‘lmaydi. Lekin shu bilan birga tajriba, mehnatni to‘g‘ri taqsimlash va “shoshilmay, sifatli qilish” qobiliyati keladi.

So‘nggi “Evrika!” kayfidan beri…

Har bir dasturchining hayotida bir davr bo‘ladi – yangi texnologiya o‘rganib, kutilmagan muammoni hal qilgan paytdagi – «Evrika!» hissiyoti. Lekin 30 dan keyin bu kayfiyat odatda ortda qoladi. Chunki ko‘p narsalar takrorlanayotgandek bo‘lib ketadi. Yangi framework chiqdimi? “Hamma baribir eski muammolarni yangi nom bilan yechmoqda” degan qarash paydo bo‘ladi.

Software Architect sari

Yillar davomida kod yozib, tizimlar qurib, muammolarni yechib kelgan dasturchi endi tabiiy ravishda Software Architect roliga intiladi. Bu – endi o‘zi kod yozmasligi ham mumkin, lekin tizimni qanday qurish, qayerda qanday yechim ishlatish kerakligini biladi. Bu, bir tomondan, tajribaning eng yuqori nuqtasi.

“Keyingi qadam nima?” savoli

Shu yoshda ko‘p dasturchi karyerasining ohirini his qiladi: endi 10 yil oldingidek kuniga 12 soat kod yozishning imkoni yo‘q. Oldinda esa ikki asosiy yo‘l bor:

  1. Proyekt-menejerlik – kod yozishdan asta-sekin chiqib ketib, jamoa va biznes jarayonlarini boshqarishga o‘tish.
  2. Team-leaderlik – kod yozishni butunlay tashlamasdan, lekin ko‘proq boshqalarni yo‘naltiruvchi, ustoz sifatida ishlash.

Konsalting – yangi bosqich

Ba’zilarga esa bu ham torlik qiladi. Tajribani yig‘ib, mustaqil bo‘lish istagi tug‘iladi. Natijada o‘zining kichik bo‘lsa ham konsalting firmasini ochish – eng mantiqiy qadam bo‘lib qoladi. Endi u nafaqat dasturchi, balki biznes egasi, maslahat beruvchi va yo‘l ko‘rsatuvchiga aylanadi.


Xulosa: 35 dan keyingi dasturchilik – bu yoshlikdagi shiddat emas, balki tajriba, muvozanat va yangi yo‘l tanlash davri. Endi savol bitta: kod yozishni davom ettirib, tajriba bilan bo‘lishasizmi yoki butunlay boshqaruv sari o‘tasizmi? Har ikkisi ham qadrlidir, faqat qaysi yo‘l sizga ko‘proq ma’no berishini topish kerak.