Otam… (xotiralar)

Ota va bola

Ramazon oyining qachon boshlanib, qachon tugashini taqvimda kuzata turib, 2-iyun sanasi ostida otamning 53 yoshga to’lishlari haqidagi eslatmaga ko’zim tushdi. Bir zum seskanib ketdim, otam 60 ga qarab ketyaptilar!..

Esimni taniganimdan beri birinchi xotiramda otam yonimda bo’lgandilar:

3 yoshdaman, singillik bo’lganimdan xursandman, otam bilan tug’ruqxona oldida onamning chiqishlarini kutyapmiz…

…1 yoshga to’lay deb qolgan singlim bilan otamning ishdan qaytishlarini poylayapmiz. Ular kelishlari bilan bizni tepaga otib erkalaydilar…

…5 yoshdaman. Jinsi shim olib berdilar. Endi menda ham bog’chadosh do’stlarimdagi kabi jinsi shim bor!..

…6 yosh. Bozorda adashib qoldim… ikkinchi marta adashib qolishim bo’lgani uchun, bu safar yig’lab yurmay to’g’ri adamning savdo rastalarini topib bordim. Ota-onam kiyim olish tashvishi qolib, meni qidirgancha bozorni aylanib chiqishgan, otamning savdo rastalariga qaytib kelishganida men yaqindagina xarxasha qilib oldirgan Tetrisni o’ynab o’tirardim.

…1-sinfga boraman. Onam bilan dars qilib o’tirganimizda noxush xabar keldi. Otam avtohalokatga uchraptilar, jonlantirish bo’limida ekanlar! Yosh bo’lganim uchun xabarning daxshatini tushunmagan bo’lsamda, ularning sog’ayishlarini so’rab duo qilardim.

…12 yoshdaman. Futbol to’garagiga qatnashaman. Murabbiy yangi mavsumga forma olish uchun 10 ming so’mdan olib kelishni tayinlagan. Men o’sha pulni so’rab otamning yonlarida o’tiribman. Ular kasalliklari uchun 2 haftadan beri ishga chiqmayaptilar, ro’zg’or uchun qarzga olgan 20ming so’m pulni ushlagancha boshlari qotgan, jim o’tiriptilar. Eslasam haligacha ichim og’riydi, vijdonim qiynaladi, otam o’sha pulning yarmini bergandilar…

Bolalik xotiralarimda otam bilan birga biror joyga aylangani borganimiz yoki sayr qilganimiz haqidagi xotiralar kam. Sababi ular tirikchilik tashvishi bilan band bo’lardilar. Goh inkubator yasab jo’ja ochtirardilar, goho shirin yeryong’oq chiqaradigan qo’lbola qozon yasab, yeryong’oq sotardilar, tikuvchilik fabrikasidan jinsi shim sotib olib, metall tugmachalarini qoqib chiqardilar va uni ham bozorga olib chiqardilar. Xitoydan shim, oyoq kiyim olib kelib sotardilar. Savdo kam bo’lganida, ba’zan kechasigacha kira qilardilar. Qisqa qilib aytganda, zamonning zayli bilan, samolyotlarning xavfsizligini tekshirib boruvchi oliy ma’lumotli injener oila boqish uchun bozorga chiqib ketgan edi.

Keyinroq chet elga ishlagani ketib, 3 yil qolib ketdilar.

Shuncha qiyinchiliklarga qaramasdan hammamizni o’qitdilar. Ayniqsa, universitetning axborot texnologiyalari yo’nalishiga topshirishimga boshqalar qarshi bo’lishganda, talaba bo’lganim uchun qo’shimcha ish topa olmay yurganimda kompyuter sohasini tanlaganim uchun malomat qilishganda otam meni qo’llab quvvatlagandilar.

Inson hayotda muvaffaqiyatga erishganda ko’pincha uning qanday qobilyatli ekani eslanadi, boshqalar bilan solishtiriladi. Yo’q, aslida solishtirilayotgan insonlar bir xil holatda bo’lmaydilar. Agar maqsadga erishish borasidagi harakatni marafonga qiyoslasak, insonlar marafonni turli yo’ldan boshlaganlar. Ota-onamizning bo’lishi marafonni yetimlardan 10 qadam qadam oldinroqda boshlashimizga sabab bo’ladi. Ularning bizga to’g’ri tarbiya berishi boshqalardan yanada oldinroqqa olib chiqadi; o’qitishlari, bilim olish uchun imkoniyat yaratib berishlari bizga «maqsad» marafonining deyarli yarmidan boshlashimizga olib keladi. Biz o’zimiz erishadigan muvaffaqiyatda bizlarni qo’llab quvvatlagan insonlarning hissasi katta.

Biz kundalik tashvishlar bilan bo’lib kunlarning, oylarning qanday o’tib ketayotganini bilolmay qolamiz. Ortga qaraganimizda esa yaqinlarimiz bilan xotiralarimizni ko’rmaymiz. Ularni qidirib ham topolmaymiz. Ahir xotiralar emasmidi bizni bor qiladigan, hayotimizga mazmun berib turadigan?

…22-27 yosh oralig’idagi xotiralarimda bo’shliq bor. Yo’q, xotiralar bor, ammo ularning ichida ota-onam asosiy rolda emas. Uylandim. Allohga shukur, farzandli bo’ldim, ana bolamning tishi chiqdi, «ada-ada» deyapti, yurishni boshladi, ishimni o’zgartirdim, navbatdagi mashinani oldim (shohim chiqmadi baribir). Otam yonimdalar, hamma xursandchiligimga sheriklar. Duo qiladilar. Lekin ularning xotiralarda asosiy rolda bo’lishlari uchun nima ish qildim?

Ba’zan kechki ovqatdan keyin gaplashib o’tirardik. «Nima rejalar bor, bolam?» so’rardilar. Ularning birida:
– Bir necha xorijiy kompaniyalarga rezyume jo’natdim. Germaniya va Taylanddagilari bilan suhbatdan o’tdim. Tayland qiziqish bildiryapti. Chetda ishlab kelishimga nima deysiz?
– Shundoq ham firmangda ishing yaxshiku. Uni nima qilasan?
– Bolalar ishlayverishadi, buyurtmasi bor hammasini. Boshqa shaharlarni ham ko’rib kelmoqchi edim.
– … Mayli, qayerda bo’lsang ham diningni, iymoningni mustahkam tut.

Ushbu suhbatdan 10 kun o’tib Toshkentni tark etdim.

Hudbinman. O’zga yurtda 2 haftadan so’ng bolamni sog’inib qolib, uni oyisi bilan birga chaqirib oldim. Ota-onamning holatini, ularni tashlab boshqa yurtga ketib qolganim haqida, yolg’iz ovunchoqligi bo’lmish nabiralarini ham olib ketganim haqida o’ylab ham ko’rmadim.

Bu yil otam 53 ga to’ladilar. Umr g’animat. Xotiralarda ularni ko’proq ko’rishni istayman. Otamni sog’indim…

Do'stlaringiz bilan bo'lishing!

Fikr bildirish