Juda qiziqarli savol. Web-dizayn san’atmi yoki yo’q? Meni fikimcha HA. Buni asoslab berishga harakat qilib ko’raman.
Har bir o’zini vebmaster deb hisoblaydigan odam o’z ishiga yaxshi yondashishi kerak. Agar bu unga shunchaki vaqt o’tkazish bo’lmasa, dizaynerlik mas’uliyat talab qiladi.
Sayt dizaynini yaratish davomida ko’pgina «mayda» narsalariga e’tibor qaratish lozim bo’ladi.
- Rang tanlash. Ba’zi foni qora va tim qora saytlarda qora rang ulug’vorlik hissini uyg’otadi. Ammo saytdagi yozuvlar va rasmlarni rangi to’g’ri tanlanmasa bu «ulug’vorlik» bir pul. Qora rangga ko’pchilik to’q ranglar(jigarrang, to’q ko’k, to’q yashil) mos kelmaydi. Bu degani to’q rangdagi yozuvlar dizayner «tajriba»sini ko’rsatib beradi. Shuningdek qizil rangga sariq, to’q yashil ham mos tushmasligi mumkin.
- Jozibalilik. Saytdagi menyular effekti, animatsion rasmlar saytning jozibasini ochib beradi. Ammo ular foydalanuvchi ishlatishi noqulay bo’lgan joyga qo’yilsa(masalan flesh menyuni sahifa pastiga joylashtirish), shuncha mehnat rasvo deyavering. Ammo muloqot saytlari va portallarga flesh menyular katta hajmdagi animatsion rasmlar qo’yish yaramaydi. Sababi foydalanuvchilar saytga kirishda uning yuklanishini uzoq kutib qolmasligi kerak. Flesh va animatsiyani ko’proq shaxsiy saytlarda ishlatgan ma’qul.
- Kam yuklanish. Saytlar bir necha soniya ichida (uzog’i bilan 20 sek.) to’liq ochilib bo’lishi kerak. Buning uchun yuqorida aytilganidek, flesh va animatsiyali rasmlarni kamroq ishlatish talab etiladi(flesh va animatsiyali bannerlar bundan mustasno). Bundan tashqari WYSIWYG(«What You See It What You Get» – «Nimani ko’rsang shuni olasan») – sayt yaratuvchi programmalarining yaxshirog’i (masalan, Dreamwaver’ni) ishlatilsa, HTML-kodidagi «axlat»lari kamroq bo’ladi. Hech qachon Word’da sayt yaratmang. U kichkinagina veb-sahifasi uchun katta HTML-kodini yozadi. Uning hajmi ham katta bo’ladi. (o’zi Bill Geyts janoblarining kallasiga qanday qilib Word dasturidan veb-sahifa yaratish kelgan ekan!). Eng yaxshisi HTML-kodi orqali sayt yaratish! (Obid ham bekorga «A tak ukam, aqling bo’lsa peshkom ketaver», demagan). Ham hech qanday axlatlar bo’lmaydi, ham dizayner nima qilayotganini yaxshi bilib turadi. Minus tomoni ko’p vaqt oladi va HTML-kodida rasm yaratishning iloji yo’q!
- Chiroyli banner va «antikvar» so’z. Saytni reklama qilishda chiroyli banner juda ko’p narsalarni hal qiladi. Boshqa saytdagi reklama banneringiz jozibasi sizning saytingizga foydalanuvchi tomonidan beriladigan dastlabki baho ekanligini unutmang. Banner chiqarganingizda albatta birinchi punktdagi rang tanlashga e’tibor bering. «Antikvar» so’z deganiga biroz tushunmagan bo’lsangiz kerak. Bu saytning shiori va qisqacha mazmuni haqida. Masalan, shaxsiy saytni «Falonchi sayti. Shaxsiy veb-sayt» deb ham, «Sizning qiziqishingiz haqida hamma narsa» deb ham, yoki biror inglischa so’zlar bilan nomlash mumkin. Foydalanuvchini qiziqtiradigani ikkinchi nomlash bo’lsa kerak («Shaxsiy veb-sayt» deb nomlashning umuman keragi yo’q. Kirgan odam shundog’am bilib oladi). Inglischa nomlash esa zamonaviylikni o’zida aks etadi.
- Scriptlardan foydalanish. Saytda scriptlardan foydalanish uning jozibasini emas, qulayligini oshiradi. Ammo uning ham minus tomoni bor: Foydalanuvchining ba’zi veb-brouzeri scriptlarni ishlata olmasligi mumkin (ayniqsa Opera va Internet Explorer 5.0 versiyadan pastlari).
Yana bir qancha narsalarni qoldirib ketgan bo’lsam kerak. Qiziq, web-dizaynni san’atligini isbotlayman deb boshqa narsalarni yozdim shekilli. Yuqoridagilarni o’qib o’zingiz savolga javob topdingiz deb o’ylayman. Web-dizayn san’atmi yoki yo’q?