Fablet.uz startap haqida eshitmagan bo’lishingiz haqiqatga yaqin, sababi loyiha yarim yilgina ishladi xolos. 2014-yilning ikkinchi yarmida ishga tushgan sayt, Xitoydan smartfonlar olib keltirish uchun buyurtmalar qabul qilishga mo’ljallangan edi.
Loyiha quyidagilar hisobiga ustunlik qilishi ko’zda tutilgandi:
1) Past ustama narx.
Tovarning kelish narxiga 15-20% qo’yiladi. Tahminan, Xitoydagi narxi $150 bo’lgan smartfon O’zbekistonga kelgach, haridorga $175-$180 ga tushadi. Malikada sotilayotgan Xitoy smartfonlariga o’rtacha 40-50% qo’yilishini hisobga olsak, haridorga 1 oy kutish evaziga arzon smartfon harid qilish imkoniyati bo’lar edi.
2) Dasturiy qo’llab-quvvatlash.
Xitoy apparatlarining eng katta kamchiligi aynan dasturiy ta’minotda (proshivkada). Buyurtma asosida keltiriladigan smartfonlar aslida ichki bozorda sotiladi va ularning proshivkasida xitoy va ingliz tillari o’rnatilgan bo’ladi. Smartfonlar bilan savdo qiluvchilar buyurtmani yuborishdan avval chala tarjima qilingan proshivkani o’rnatib, ba’zi virus dasturlarni qo’shib yuborishadi. Turgan gapki, chala tarjima qilingan proshivkali smartfonni sotib bo’lmaydi, «Xitoy apparat shu ekande» deydigan yoki sifati yomon ekan deb pulni qaytarishni talab qiladiganlar albatta topiladi. Shu bois, foydalanuvchiga mahsulotni sifatli yetkazib berish uchun proshivkani yangilab, keraksiz dasturlarni o’chirib chiqiladi.
Barchasi yaxshi boshlandi, loyiha ishga tushgach dastlab tanishlar buyurtma berishni boshlashdi. Ammo birin-ketin chiqqan kamchiliklar («подводные камни» deyish to’g’riroq bo’lardi) ohir oqibat loyihadan voz kechishga olib keldi:
1) Injiq smartfonlar.
Lenovo hamda Xiaomi smartfonlarini yaxshi ko’raman, sababi ularning proshivkasini yangilashda aytarlik muammo chiqmaydi. Boshqa brenddagi smartfonlarga esa (Meizu ham shular ichida) yoki tuzuk proshivka chiqmasdi, yoki yangilangan proshivkadan keyin smartfonni ba’zi funksiyalari ishlamay qolardi. Buning yagona yo’li inglizcha yoki chala ruschaga tarjima qilingan proshivkani qoldirish bo’lardi.
2) Pochta xizmatidagi yo’qotishlar.
6 oy ichida 3 ta smartfon Xitoydan chiqib O’zbekistonga yetib kelmadi. Xitoydan yuboruvchi ham, biz ham uni qayerda ekanini bila olmadik. Ohir oqibatda biz haridorga pulni qaytardik, keyinroq buyurtmani yuboruvchi bizga pulni qaytarib berdi. Hech narsa yo’qotilmagandek ko’rinishi mumkin, aslida biz 2 oy vaqt va haridorning ishonchini yo’qotdik.
3) So’mning qadrsizlanishi.
Menimcha bu eng asosiy sabablardan biri. Haridor bizga so’mda to’lardi va biz xorijiy valyutada buyurtma berardik. 2015-yil bahor oylarida so’m keskin qadrsizlangach, buyurtmalar 1 oy ichida bizga 20% foyda emas, balki zarar keltirdi. Keyin esa kursning beqarorligini hisobga olgan holda buyurtmalar qabul qilishni to’xtatdik.
Loyihadan qanday xulosalar chiqardik:
1) Xitoy smartfonlari bilan biznes qilish uchun avvaldan aniq brendni tanlab olish va boshqalariga aralashmaslik kerak. Lenovo va Xiaomi yaxshi variantlar bo’ladi, sababi ikkala brend smartfonlarining proshivkasini o’zgartirish osonroq hamda rus forumlarida ularning qo’llab quvvatlanishi ko’proq.
2) Haridorgir smartfonlarni avval olib keltirib, keyin sotuvga chiqarish ishni tezroq yurishiga olib keladi va milliy valyuta qadrsizlanganda yo’qotishlardan saqlaydi.
3) Texnik xizmat ko’rsatishni tashkil qilish kerak. Birinchidan – qo’shimcha foyda olib keladi, ikkinchidan – do’koningizga ishonch ortadi.
Shunaqa gaplar…