Macbook, Windowsdan MacOSga o’tish

Rawpixel ofisidagi birinchi ish kunida bosh dasturchi Vensan (Vincent) Samsung noutbukimni ko’rgach, bu yerda hech kim Windows kompyuterdan foydalanmasligini aytib, 12 dyumli Macbook bergandi. Planshetdan sal kattaroq ekranga ega noutbukda kod yozish uchun bukchayib, o’tirishga to’g’ri keladi, umuman noqulay. Yaxshiyamki ish stolida ikkinchi monitor, apple klaviatura va magic-sichqoncha ham turgan ekan.

Macbookda nimalar yoqdi

  1. Retina displey. Yorqin IPS displey mayda yozuvlarni ham aniq ko’rsata oladi, ko’zni charchatmaydi.
  2. Trekpad. Windows-kompyuterlarda Macbook trekpadi darajasidagi aniqlikda ishlaydigan trekpad hamon yo’q.
  3. Batareyka. «Har ehtimolga qarshi» quvvatlash simini olib yurishning hojati yo’q, macbook quvvati bir kunga yetadi.
  4. Noutbukda keraksiz dasturlar, reklamalar, bepul antiviruslar yo’q. Tizim toza va ishlatishga shay holatda.
  5. Bildiruvlar markazi (Notifications center) – ajoyib! Barcha dasturlarning bildiruvlari bitta joyda ko’rinadi. Nima uchun Microsoft haligacha buni qilmagan, hayronman. Windowsda xabarlar markazi degan punkt bor, ammo u faqat windows xabarlarini chiqaradi va xabarlarni o’chirish ham noqulay.
  6. «Aqllilik» qilmaydi. Windows 10ga kelib, tizim beso’roq nimalarnidir ko’chiradigan, fayllarga ruxsat bermaydigan, dastur o’rnatishni cheklaydigan ba’zi ahmoqona qiliqlar chiqargandi.

Nimalar yoqmadi

  1. Finder – eng katta kamchilik. Finder Windows explorerga (проводник) o’xshash dastur ammo imkoniyatlari cheklangan. Ba’zi hotkey’lar – F2 faylni nomini o’zgartirish, CMD+C/CMD+V nusxa olish va qo’yish, Delete – o’chirish ishlamaydi.
  2. Oynani kattalashtirish, pastga tushirish, ekranda 2ta oynani yonma-yon qo’yish – bular Macbookda boshqacharoq ishlaydi va noqulay.
  3. Dasturlarni o’rnatish logikasi ham tushunarsiz. Internetda ko’chirilgan dasturlarni o’rnatish uchun ularni Applications papkaga tashlash kerak. AppStoredan ko’chirilgan dasturlar esa o’zi avtomatik papkaga tushadi.
  4. Android qurilmalarni o’qimaydi. Android qurilmada USB-debugging yoqish kerak, maxsus dastur ko’chirish kerak. Huddi atayin qilinganga o’xshaydi.
  5. Babochka-klaviatura. 2017-yilda Macbooklar yangilandi va ular yangicha slim-klaviatura bilan chiqa boshladi. Yangilik o’z yo’liga, klava yangi muammolardan holi emas.
    a) bosilishi bilinar-bilinmas. Qattiqroq bosganda esa arzon xitoy klaviaturalariga o’xshab qitirlaydi.
    b) kichik chang zarrasi ham klavishani ishdan chiqarishi mumkin. Maxsus sprey bilan tozalab turish kerak. Agar sprey yordam bermasa, klaviaturaning o’zini almashtirishning imkoni yo’q. Klaviatura trekpad va barcha qismlari bilan birga almashtiriladi. Apple texnik xizmat ko’rsatish markazida almashtirishga $700 (!) so’rashadi.

MacOS

Sistema shunchaki ajoyib va… o’ta noqulay! Windows hotkeylar ishlamaydi, pusk yo’q, task-manager sichqoncha pastga olib borilganda chiqadi. Sichqonchani skroli va o’ng tugmasi yo’q! Xullas, Windowsdan kelgan tajribali foydalanuvchi ham dovdirab qoladi. 🙂

Dastlabki ikki kun ish unumi umuman bo’lmadi. Samaradorlikni oshirish uchun command va ctrl tugmalari funksiyalarini bir-biri bilan almashtirdim (oynalarni almashtiruvchi cmd+tab ishlamay qoldi), windows hotkeylarini qo’shib chiqdim (tizimda hotkey qo’shish imkoni bor ekan!), magic-mouse’ni oddiy sichqonchaga almashtirdim. Shunday qilib, tizim biroz qulayroq ko’rinishga keldi. Keyinroq esa rokirovka qilingan tugmalarni joyiga qaytardim va tizimga o’rganib qoldim. Endi esa Windows, led-ekran eski tizimga o’xshab ko’rinyapti.

Albatta Macbookda rohatlanib ishlashgacha, Windows foydalanuvchi birqancha noqulayliklarga duch keladi va har safar ortga qaytishni xohlab qoladi. Ko’rinishidan chiroyli, tez ishlayapti, shunchaki noqulay. Ammo ishoning, ortiqcha mablag’ topilsa, noutbukingizni Macbookga o’zgartirganingizga afsuslanmaysiz.

Quyidagi maslahatlar o’tish jarayonida sizga asqotishi mumkin:

  1. Hujjatlar va kerakli fayllarni Icloudga yoki Dropboxga tashlang.
    Apple Icloud for Windows dasturini ishlab chiqqan va dastur fayllarni icloudga tashlashda qo’l keladi. Har bir Apple ID uchun icloudda 5gb joy bepul beriladi.
    Dropbox bilan ham shu gap. Icloudga sig’magan fayllarni Dropboxga tashlash mumkin
  2. Google servislaridan foydalaning
    Gmail, Chrom, Calendar, Keep, Google Drive, Docs, Sheets… Googleda ish yuritish uchun hamma servis bor. Agar google dasturlaridan foydalanib kelgan bo’lsangiz, Google servislari yangi kompyuterda ham yordam beradi.
    Ularning yoniga Google Photosni ham tavsiya qilaman. Dastur media fayllar uchun 15 gb joy beradi, barcha rasmlaringizni Google Photosda saqlashingiz mumkin.
  3. Hotkeylar bilan ishlashni o’rganing
    MacOSning yutug’i – hotkeylar hisobiga sichqonchani iloji boricha kamroq ishlatish.
  4. Spotlightdan foydalaning
    Spotlight dasturlarni ishga tushirish va fayllarni topish uchun eng qulay vosita. Spotlightni CMD+Space ni bosib ishga tushirish mumkin. Windows 7 dan boshlab, Puskni bosib harf terishni boshlaganda mos keluvchi dasturlar chiqib keladi. Spotlight esa uning takomillashgan ko’rinishi, u kompyuterdagi deyarli barcha dastur va fayllarni topib beradi.
  5. Microsoft Office dasturlar paketini sotib olishga shoshilmang
    MacOSda Pages – Word o’rnini bosishi mumkin, u Wordning eng asosiy funksiyalarini jamlagan ixcham dastur va Pages Wordga nisbatan tez ishlaydi. Numbers esa Excel o’rniga o’tadi. Google Docs va iWorkdan ham foydalanish, yoki bepul dasturlar paketi – LibreOffice’ni ishlatish mumkin.