Upworkda buyurtma olish, raqobat va reyting

Frilansda raqobat tajribali professionallarda kam, yangi ish boshlaganlarda va ishlashni bilmaydiganlarda esa yuqori. O'z navbatida mayda va oson ishlarda raqobat juda katta bo'ladi, katta loyihalar va qiyin ishlarda raqobatchilar kamroq.
Upwork reytingi
Upworkda frilanserlar reytingi mavjud bo'lib, u asosida mijozlar frilanser haqida qisqacha tasavvurga ega bo'ladilar. Reyting frilanser mijozlarining baholari (feedback) asosida shakllanib boradi. Buyurtmachi frilanserga quyidagi yo'nalishlar bo'yicha 1 dan 5 tagacha yulduz ko'rinishida baho beradi:- bilimi (skills)
- ish sifati (quality)
- ishlashga tayyorligi (availability)
- o'z vaqtida bajargani (deadlines)
- aloqasi (communication)
- tezkorligi (cooperation)
Frilanserlar o'rtasida raqobat
"Oson ish uchun raqobat katta" qoidasi har doim amal qiladi, shuning uchun "PSD dan HTMLga o'girib berish" yoki $100 ga "Wordpress sayt yasash" kabi ishlarni olish uchun juda katta raqobat bo'ladi. Agar siz shunchaki html-verstka yo'nalishida Upworkda ishlamoqchi bo'lsangiz, katta orzu-havaslaringizni bir chetga surib qo'yishingizni maslahat beraman:- sizning raqobatchilaringiz arzon ish kuchi bo'lgan hind, bengal, filippin frilanserlari. Ulardan loyihani tortib olish uchun, ular kabi arzon narx qo'yishingiz kerak. Ularning kuni $5 ga ham o'taveradi. Sizniki esa yo'q.
- arzon narxli ish qo'ygan buyurtmachilarning 90% qismi "неадекват" bo'lishadi. Noinsofning injiqliklarini yoki tishingizni tishingizga qo'yib bajarasiz, yoki yomon baho orttirib olasiz.
Qanday qilib raqobatda yutib chiqish mumkin?
Albatta, 5 yulduz va 100% job success score sizga ishni kafolatlab qo'ymaydi. Buyurtmaga taklif berishda ba'zi qoidalar mavjud:- Avvalo o'z profilingizni to'ldiring. Profil 100% to'ldirilgan va tekshiruvdan o'tgan (verified) bo'lishi kerak.
- Ishni tugatish vaqtini (term, deadline) to'g'ri kiriting. 2 hafta vaqt ketadigan ishga 1 hafta deb yozib, har kuni 15 soatdan ishlayman deb o'ylamang. Foydasi yo'q.
- Demping ya'ni odatdagidan arzon narx qo'ymang. Arzoniga uchadigan buyurtmachi ko'p hollarda noinsof chiqadi. Tajribali buyurtmachilar o'zi beradigan ishining tahminiy narxi va muddatini bilishadi. Arzon aytilgan narx shubha keltirib chiqarishi mumkin.
- Birinchilardan bo'lib taklif (bid) yuboring. Birinchi taklif yuborgan frilanser ro'yhatda birinchi bo'lib turadi. Ko'pincha mijozlar takliflarning faqatgina birinchi 10-15tasi bilan cheklanadilar. Siz ham google qidiruvida 2-sahifaga o'tmaysizku, shunga o'xshash holat. :D
- Mijozga xat yozish jarayonida o'zingizni maqtamang, buyurtmachiga ishida qanday super-puper dasturchi ishlashidan ko'ra dasturchining ish mazmunini to'g'ri tushunishi muhimroq. Qolaversa sizning profilingiz va baholaringiz siz haqingizda barchasini ko'rsatib turadi.
- Avvaldan tayyorlab qo'yilgan avtomatik xatlarni yubormang. To'g'ri, birinchi bo'lib taklif yuborish muhim, ammo avtomatik yoziladigan xatlar ko'pincha e'tiborsiz qoldiriladi. Ish mazmuni bo'yicha yozing, savollaringiz bo'lsa bering. Buyurtmachi ishi bo'yicha to'g'ri savol bergan frilanserni qadrlaydi.
- hamma ishga ham taklif yuboravermang. Bir oyda 30tagacha taklif yuborish mumkin. Ketma-ket 2 oy yuborgan takliflaringiz javobsiz qolsa, Upwork sizni ishlashni bilmaydigan frilanser deb hisoblaydi va profilingizni blok qiladi. Blok qilish yangi va ko'p yillik frilanserlar uchun bir xil amal qiladi.
- ingliz tilida gaplasha oladigan bo'lsangiz, nur ustiga a'lo nur. Ba'zi AQSH va Avstraliyalik buyurtmachilar intervyuni skype'da audio/video so'zlashuv ko'rinishida olib borishni ma'qul ko'rishadi, shuning uchun frilanserlardan ingliz tilida so'zlasha oladiganini tanlashadi.