Facebookda bangkoklik sayyohlar (ekspatlar) guruhlariga a’zo bo’lganman. Guruhlarda uy ijaraga berish, ro’zg’or mahsulotlari va mebellarni arzon-garovga sotib yuborish haqida e’lonlar berib borishadi. Ba’zan texnikalar ham chiqib qoladi.
Kecha e’lonlar orasidan 26000 batga amerikalik ekspat ($900) MacBook Pro 13 2016 Touch bar 8Gb/512Gb (eng kuchli komplektatsiya) sotayotgani haqidagi e’lonni ko’rib qoldim. Macbookning yuqorida aytib o’tilgan konfiguratsiyaga ega yangi 2017-versiyasi $2000 turadi, Taylandda esa yanayam qimmat – $2400. Macbook Pro olishni mo’ljallab yurganim uchun sotuvchi bilan aloqaga chiqdim. U bilan ertaga ertalab 9 da Starbucks’da uchrashishga kelishdik.
Kelishilgan vaqtdan vaqtliroq kelganim bois, quruq qo’l bilan tirjayib o’tirmaslik uchun kafedan katta kruassan va kofe olib o’tirdim. Starbucks’ga birinchi marta kirishim edi aslida 🙂
Kofega odamlar nima uchun ishqiboz bo’lishini hech tushunolmasam kerak. Oddiy ichimlik… bilmadim. Onam kelishlari kerak Starbucksga. Kofe ta’mini ular tushunadilar 😀
9 da sotuvchi macbook’ni ko’tarib keldi. Ustida qirilgan joyini hisobga olmasa tashqi ko’rinishidan yaxshi tutilganga, ichi ochilmaganga o’xshaydi. Diagnostikada ham xatolik chiqmadi. Batareya sikli esa atigi 6!
Macbooklarning batareya sikliga e’tibor berish kerak bo’ladi. Apple yangi noutbuklariga 1000 siklgacha kafolat beradi.
To’g’risi, egasi qanaqa ishlatganini tushunmadim. Yoki doim tokga ulab ishlatgan, yoki deyarli ishlatmagan. Batareya holati ham 100% sig’imligicha turipti.
Xullas, sotib olmaslik uchun ayb topa olmadim. Sotuvchiga kutib turishni aytib kartadagi pulni naqdlashtirish uchun metro bekatidagi bankomatga borib keldim.
Tayland o’ta naqdlashgan mamlakat. Malayziyada Mastercard kartam faqat ko’chadagi sayyor-sotuvchilardan harid qilish uchun o’tmagan bo’lsa, Bangkokda hattoki bankda to’lov o’tqazish uchun bankomatga borib naqd pul olib kelishingiz kerak.
Bankomatlar esa serob, har bekatda bor. Hozirgacha Kasikorn, KrungThai, Bangkok banklardan naqdlashtirgan bo’lsam, Bangkok bankning konvertatsiya kursi yuqoriroq/foydaliroq bo’lib chiqdi (vaqt o’tishi bilan o’zgarishi mumkin). Albatta naqdlashtirish uchun alohida, pastroq kurs beriladi. Chet el kartalari uchun har bir naqdlashtirishda 220 bat ($7) komissiya ushlab qoladi. Shuning uchun bir urinishda katta miqdorda naqdlashtirgan ma’qul.
Turistlar mahalliy bankdan hisob raqami ocha olishmaydi, buning uchun xorijliklarda ishlashga ruxsat beruvchi (work permit) viza bo’lishi kerak.
Pulni naqdlashtirib qaytganimda, sotuvchi yonida hind o’tirardi. Menimcha u bilan ham 9 da uchrashishni kelishishganu, men vaqtliroq kelganman. Uning afsus-nadomatidan sotuvchi bilan kim birinchi bo’lib gaplashganini hal qilish ishtiyoqi bordek ko’rindi. Shoshayotganim uchun, noutbukni olib ofisga ketdim.
Aslida savdo ustiga savdo qilish harom amal. Sotuvchi shunchaki hammani 9 ga chaqirgan bo’lsa, boshqa gap. Men kecha gaplashganimda, agar noutbuk ahvoli yaxshi bo’lsa, olaman deb aytgandim. Noutbuk yaxshi chiqdi, demak savdo bo’lgan bo’ladi. Sotuvchi mendan boshqasi bilan ham sotish bo’yicha kelishgan bo’lsa, u insoniylik jihatdan ham ma’qul ish qilmagan bo’ladi.
Ofisda Keyt (inglizcha ism, lekin o’zi tayka) kutib turgan ekan, qolish uchun ruxsatni yana bir oyga cho’zdirish uchun hujjatlarni tayyorlab qo’yipti. Endi dushanba kuni immigration office’ga borib, cho’zdirib kelish kerak bo’ladi.
Viza 3 oyga beriladi, lekin aeroportda 1 yoki 2 oyga ruxsat beruvchi shtamp urib berishadi. 2 oy yashab bo’lgach, shaharning o’zida immigration office’ga borib yana bir oyga (vizaning amal qilish muddatidan oshmagan holatda) cho’zdirish mumkin. Viza narxi 2000 bat bo’lsa, ruxsatni 1 oyga cho’zdirish 1900 bat 🙂
Soat 12ga yaqin O’zbekiston konsulligidan telefon qilib chaqirtirishdi. Konsul ishga chiqiptilar nihoyat! Konsullikga 1 oy oldin diplomimning tarjimasini notarial tasdiqlatish uchun bergandim. Bosh konsul Toshkentga ketgani uchun 1 kunda hal bo’ladigan ish 1 oyga cho’zildi (konsul 1 oy O’zbekistonda qolib ketdi). Ishxonamdagilar esa hayron, shunaqasi ham bo’ladimi, kattasi ketgan bo’lsa, boshqasi urib bersin pechatini deb. Gap shundaki, biz hali ham sovet boshqaruv tizimining asoratidamiz. Bitta odamning imzosiga yoki pechatiga barcha narsa bog’liq bo’lgan boshqaruv tizimimiz bor. Bunisi ham yaxshi tomonga o’zgarib qolar, har holda yaxshi o’zgarishlar ko’p bo’lyapti. Masalan, turizmni rivojlantirish bo’yicha qaror loyihalari kaminani ancha xursand qildi.
Ish kunini barakali bo’ldi deyish qiyin, yangi noutbukni ichidagi barcha narsalarini o’chirib tashlab, operatsion tizimni va dasturlarni boshqatdan o’rnatdim. Juma bo’lgani uchun, haftalik charchoq ham yig’ilib qolgandi.
Macbookning sensorli touch-bari bahsli mavzu. Ko’rinishidan noodatiy funksiya taklif qilingan, oddiy foydalanishda (internet, email) asqotadi, lekin ish jarayonida qanday qilib foyda keltiradi, bilmadim. Men odatda F1-F12 knopkalarini ko’proq ishlataman. Sensor-barda F1-F12 tugmalarini chiqarish uchun doim Fn funksiyani ishlatish kerak ekan.
Touch ID (barmoq skaneri) esa kerak! Hozir budjet telefonlarga qo’yilayotgan barmoq skanerini noutbuklarga qo’yishni yaqindan boshlashdi.
Ish kuni 6dan oshganda tugaydi.
Uyda Zokirjon kutib o’tirgan bo’ladi. Kelib eshikni taqillatmayman, shunchaki eshik ruchkasini bir marta qimirlatib qo’yaman. Zokir yugurib kelib to’xtamasdan eshik ruchkasini qimirlatib, ochmoqchi bo’ladi. Oyisi ham uning qitir-qitir qivotganini ko’rib eshikni ochadi.
Uyda tinch o’tirib ovqatlanish yo’q, o’g’lim albatta tizzamga o’tirib oladi va menga sherik bo’ladi. 😀
…Allohga shukur!